I yarim yillik uchun to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 2 mlrd dollarni tashkil qildi - MB

Iqtisodiyot 15:41 / 21.07.2020 4642

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yilning I yarim yilligi uchun to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 2019 yilning I yarim yilligiga nisbatan 14 foizga ortib, 2 mlrd. dollarni tashkil qildi.

Jahon bozorlarida energiya resurslari narxining tushishi, shuningdek koronavirus pandemiyasi ortidan jahon iqtisodiyoti o‘sish sur'atlarining sekinlashishi tovarlar va xizmatlar eksporti hajmiga o‘z ta'sirini ko‘rsatib, 2019 yilning mos davriga (7,8 mlrd. dollar) nisbatan 1,8 mlrd. dollarga qisqarib, 6,0 mlrd. dollarga teng bo‘ldi.

Eksport tarkibida quyidagi tovar guruhlari salmoqli ulushga ega:

qimmatbaho metallar (42 foiz);

to‘qimachilik va to‘qimachilik buyumlari (18 foiz);

kelib chiqishi o‘simlikka mansub mahsulotlar (10 foiz).

Tovarlar va xizmatlar importi o‘tgan yilning mos davriga (12,5 mlrd. dollar) nisbatan 2,1 mlrd. dollarga qisqarib, 10,4 mlrd. dollarni tashkil etdi.

Import tarkibida quyidagi tovar guruhlari salmoqli ulushga ega:

mashina va uskunalar (31 foiz);

metallar va undan tayyorlangan mahsulotlar (12 foiz);

kimyo sanoati mahsulotlari (11 foiz);

transport vositalari (11 foiz).

Savdo balansining manfiy saldosi 2019 yil I yarim yilligiga nisbatan 6 foizga yaxshilanib, 4,3 mlrd. dollarni tashkil etdi.

Birlamchi daromadlar va transfertlarning ijobiy saldosi jismoniy shaxslarning xalqaro qatnovi sezilarli qisqargani va rezidentlarga xorijdan kelgan transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘zgarishsiz qolganligi holatida 19 foizga kamaydi.

O‘z navbatida, norezidentlarning investitsion daromadlari (qarzlar va xorijiy investitsiyalar bo‘yicha) 829 mln. dollarni tashkil etdi.

To‘lov balansi – ma'lum bir vaqt mobaynida (chorak, yarim yil, bir yil va h.k.) bir mamlakat va unda ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar, jismoniy shaxslar va davlat idoralarining boshqa mamlakatlardagi korxonalar, jismoniy shaxslar va davlat idoralari bilan amalga oshirgan barcha iqtisodiy operatsiyalarini o‘zida aks ettiruvchi statistik hisobotdir. Masalan, tovar va xizmatlarni eksport yoki import qilish, boshqa bir davlatga kredit berish yoki jalb etish, kredit bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish, xalqaro pul o‘tkazmalari, qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha xalqaro savdolar va boshqalar shular jumlasidandir. Ushbu hisobot mamlakat tashqi iqtisodiy holatini tahlil qilish va unga oid pul-kredit, valuta siyosati kabi makroiqtisodiy siyosatni amalga oshirish uchun muhim statistik asos vazifasini o‘taydi.

Ko‘proq yangiliklar: