Dunyodagi eng qadimiy universitet qaysi? Oliy ta'lim tarixi haqida

Light 18:31 / 21.07.2020 12711

Universitetlar dastlab Yevropada 11 asrda ochila boshlagan. Biroq ilk universitetning vatani Yevropa emas. Tarixdagi birinchi universitet sifatida 970 yilda Misrning Qohira shahrida ochilgan Al-Azhar universiteti e'tirof etiladi.

Yevropa universitetlari monastr maktablaridan ajralib chiqqan va taraqqiy etishi juda uzoq muddat davom etgan, shuning uchun ham ularning ilk rivojlanish davri qachon ekanini aniq belgilab bo‘lmaydi.

Ko‘pchilik birinchi Yevropa universiteti sifatida Italiyadagi Boloniya universitetini biladi. Bu ta'lim muassasasi 10-asrning oxirida ochilgan, biroq ungacha ham huquq maktabi sifatida 890 yildan beri mavjud bo‘lgan.

Universitetlar – professorlar uchun ideal maskanlar

11-asr davomida Parij universiteti taraqqiy etib, dovruq qozona boradi. Yevropaning eng qadimiy universitetlaridan biri bo‘lgan bu maskan o‘rta asrlarda juda mashhur bo‘lgan. Bu dargoh professor va talabalarni huquq, ilohiyot, tibbiyot va falsafa ta'limining rivojlangani bilan jalb qilgan.

Foto: sorbonne-universite.fr

Keyinchalik Yevropada 12-13-asrlar mobaynida turli universitetlar ochila boshlanadi.

Birinchi universitetlar ajralib chiqqan maktablar professsorlar fikr almashadigan, ular uchun mo‘ljallangan muassasalar bo‘lgan. Bunday joylarda ideologiya, tibbiyot va huquq ta'limoti usullarini ishlab chiqishgan. Darslar esa lotin tilida olib borilgan.

Britaniyaning Oksford va Kembrij universitetlari ham o‘rta asrlarda vujudga kelgan. Angliyaning ikki mashhur universitetini tandemda Oksbrij deb ham atashadi.

Foto: swissinfo.ch

Kollejlarning ta'lim beruvchi kompleks sifatida taraqqiy etishi

Kollejlar nisbatan keyinroq shakllangan. Birinchi kollej sifatida Oksforddagi Merton kolleji e'tirof etiladi, u 1249 yilda talabalar yashash joyi sifatida tashkil etilgan.

Mertonda talabalar uchun o‘ta qattiqqo‘l muhit tashkil etilgan va talabalarga o‘yin o‘ynash, kuylash, qo‘shiq aytish, hatto ov qilish va baliq ovlash ham taqiqlangan edi. Keyinchalik esa kollejlar ta'lim beruvchi kompleks sifatida taraqqiy etgan.

Yangi dunyodagi ilk universitet

AQShning eng tarixiy universiteti Harvard hisoblanadi, u 1636 yilda Nyu-Taunda tashkil etilgan. Avval universitet kollej tarzida faoliyat yuritgan va darslar 1638 yildan kollej bog‘i va kichik xonalarda o‘tkazila boshlangan. Keyinchalik esa Harvard nomi kollejga o‘zining yarim boyligi va kitoblarini meros qilib qoldirgan Jon Harvard nomi bilan atala boshlanadi, ta'lim muassasasiga universitet maqomini beriladi. Bu dargoh hozir ham AQShning eng mashhur ta'lim maskanlaridan biri hisoblanadi.

Ayni damda AQShda 3 300dan ortiq oliy ta'lim berishga ixtisoslashgan ta'lim dargohlari bor va ularda taxminan 12 milliondan ko‘proq talaba tahsil oladi.

AQShda har yili o‘rtacha 3 million bitiruvchi yuqori maktablarni tugatadi, ularning taxminan 1 millioni OTMlarga o‘qishga kirish imkoniga ega bo‘ladi.

Imtihon asosidagi ilk grantlar

1836 yilda London universiteti imtihon va turli grantlar dasturini e'lon qiladi. Bu dasturlarda qatnashish uchun Britaniya imperiyasining turli hududlarida joylashgan istalgan ta'lim muassasasining talabalari talabgor bo‘lishi mumkin edi.

Shu taxlit 1900 yillargacha London universiteti faqat grantlar ajratuvchi va imtihonlarni tashkil etuvchi oliygoh sifatida ishlagan. Biroq 1900 yilda parlament ta'lim va tadqiqot uchun London universitetiga leksiya xonalari, muzeylar laboratoriyalar va amaliy mashg‘ulot xonalari ochishga ruxsat bergan.

Ta'limdagi qarashlarning bo‘linishi

O‘rta asrlarda universitet talabalari, asosan, tibbiyot, huquq va ideologiyani o‘qishgan. Yevropada yoshlar universitet ta'limiga o‘tishdan oldin «trivium» guruhidagi grammatika, ritorika, mantiq fanlarini va «kvadrium» guruhiga kiruvchi arifmetika, geometriya, musiqa, astronomiya fanlarini o‘qishi lozim bo‘lgan.

Foto: proradiomayak.ru

Gumanizm, ma'rifat, islohot va inqilob atamalari ham o‘rta asrlar universitetlaridagi izlanishlar tufayli yuzaga kelgan atamalar hisoblanadi.

18-asrdan boshlab universitetlar o‘z ilmiy nashrlarini chop eta boshlagan. 19-asrdan esa universitetlar uchun german va fransuz modeli ishlab chiqiladi.

Germaniyaning Gumbolt modeli Vilgelm fon Gumbolt tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda universitetlarning leksiya, seminar va laboratoriya mashg‘ulotlarida qatnashishi erkin bo‘lishi kerak, degan qarash ilgari surilgan.

Fransuz modelida esa universitet qat'iy nazoratda bo‘lishi, tartib-qoida birinchi o‘rinda turishi kerak, degan g‘oya markaziy o‘rinni egallagan.

19-asrgacha Yevropa universitetlarida diniy ta'lim ustuvor bo‘lgan, keyin aniq fanlarga e'tibor kuchaygan. Shunday vaziyatda german universtitetlar modeli ham ommalashib ketadi.

Islom mamlakatlarida oliy ta'lim

O‘rta asrlardan sharq davlatlarida ham ta'lim o‘ziga xos tarzda rivojlanadi. Bu davrda islom mamlakatlarida oliy ta'lim beruvchi muassasalar sifatida madrasalar faoliyat yuritgan. Madrasalar dastlab 7-8-asrlarda din ulamolarining islomga oid masalalarni sharhlab berib turadigan markaz sifatida paydo bo‘lgan. Keyinchalik bu markazlar kengayib, ular madrasa deb atala boshlanadi.

8-9-asrlarda madrasalar islom dini tarqalgan mamlakatlarda, jumladan, Markaziy Osiyoda paydo bo‘lib, madrasa uchun maxsus binolar qurila boshlandi. Madrasalarni shoh, xon, amir va sultonlar, yirik yer egalari va davlatmand kishilar qurdirgan. Madrasaga diniy maktabni bitirgan bolalar qabul qilingan. Ularda ta'lim uch bosqichda: boshlang‘ich (adno), o‘rta (avsat) va yuqori (a'lo) darajalarda olib borilgan.

O‘rta asr talabalari hayoti

Dastlabki davrlarda talabalarning hayoti hozirgidan ancha farq qilgan, albata. Talabalar turli hududlardan ta'lim olish uchun kelgan va har xil yoshda bo‘lishgan. Ular 12-asrda Oksfordga kelib o‘rnasha boshlaganda kichik mehmonxonalarni yoki shahar atrofidagi hududlarni yashash uchun tanlashgan, ba'zilar esa birgalikda biror uyni ijaraga olib yashay boshlagan.

Foto: digitalcollections.nypl.org

Talabalar leksiyalarda va ijtimoiy tadbirlarda qatnashardi. Shuningdek, ular bir haftada kamida bir marta o‘zlarining repetitorlari («tutor») bilan birga darslarini muhokama qilib, kamchiliklarini aniqlashtirib olishgan. Tartibga amal qilmaydigan talabalarning ko‘chaga chiqishi taqiqlangan, jarimaga tortilgan yoki muddatidan oldin talabalikdan chetlatilgan.

Talabalar hayotlaridagi bu davrni asosan kutubxonalarda o‘tkazishgan. Har bir kollejning o‘z kutubxonasi bo‘lgan. Eng mashhur kutubxona esa Oksfordniki edi.

Bundan tashqari, ijtimoiylashuv ham universitetlar hayotining bir qismi edi. Universitetlarda turli jamiyatlar va klublar doimiy ishlab turgan.

Hozirgi kunda ham nafaqat malakali mutaxassislar tayyorlash, balki ma'lum sohalar rivojida ham universitetlar juda muhim o‘ringa ega. Endilikda universitetlarga xalqaro talabalarni qabul qilish orqali moliyaviy foyda olish mumkinligi jihatdan ham ularning ahamiyati oshmoqda. Xususiy universitetlarga talab oshmoqda.

Universitetlarda ishlanayotgan innovatsion loyihalar, turli izlanishlar va tadqiqotlar iqtisodiyot uchun stimul vazifasini bajaradi.

Ko‘proq yangiliklar: