«Eng muhimi – tushkunlikka tushmaslik». Koronavirusga chalinib, reanimatsiyadan sog‘ayib chiqqan bemor hikoyasi

Jamiyat 20:32 / 15.07.2020 92624

Ta'kidlash joiz, suhbatdoshimiz mamlakat tibbiyot tizimi hozirgi ahvolga kelib qolmasidan biroz oldin davolanib chiqqan. U hozir ahvoli yaxshi ekani, lekin ayrim asoratlar, masalan nafas olishda biroz muammolar hozirgacha borligini aytib o‘tdi.

Sobir aka, avvalo, o‘zingiz va hozirgi tibbiy ahvolingiz haqida ma'lumot bersangiz.

– Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida istiqomat qilaman. O‘tgan oyda koronavirus kasalligini boshimdan o‘tkazdim. Menda kasallik nisbatan og‘ir o‘tdi. Avval «Yangi ToshMI»da davolandim, so‘ng Yakkasaroy tumani Tez tibbiy yordam bo‘linmasiga reabilitatsiya uchun o‘tkazishdi. Hozir o‘zimni 85-90 foizga sog‘lom his qilyapman.

Uyda 4 kishi: onam, rafiqam, o‘g‘lim va men yashaymiz. Onam 78 yoshda, u ham koronavirus infeksiyasidan davolandi, kasallik onamda juda og‘ir o‘tdi.

– Hammasi qachon va nimadan boshlandi?

– Koronavirus aniqlangan do‘stim telefon qilib o‘zida virus COVID-19 aniqlanganini aytib, u bilan muloqotda bo‘lganim uchun menga ham borib test topshirishni maslahat berdi.

Do‘stim bilan taxminan 30 mayda muloqotda bo‘lganimdan so‘ng bir haftadan sal ko‘proq muddat davomida hech qanday alomat sezmadim. Lekin keyinroq, 8-9 iyunlarda o‘zimda holsizlik, tana haroratining biroz ko‘tarilishi va tomog‘imning ma'lum qismida og‘riq paydo bo‘lishi kabi yengil simptomlarni seza boshladim.

Boshida shamollash deb o‘ylagan edim, lekin tana haroratining oshishi, bo‘g‘imlarda og‘riq kuzatilishi, nafas qisishi kabi jiddiy alomatlar sezila boshladi.

Shundan so‘ng zudlik bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga murojaat qildik, ular kelib PZR tahlilini olishdi, o‘shanda natijalar hozirgidan ancha tez – 2 kunda aniq bo‘lgandi. Menga telefon orqali COVID-19 aniqlanganini, yarim soat ichida tayyor bo‘lishim kerakligini aytishdi. So‘ng «Yangi ToshMI»ga joylashtirishdi, bu paytda isitmam 39 gradusdan oshgandi.

Shifoxonaga joylashtirishganining ertasigayoq qon-siydik tahlillarini olishdi, lekin negadir rentgen tahlili kechikdi. Ahvolim og‘irlashayotgani tufayli tezroq rentgen qilishlarini talab qildim. O‘shanda to‘g‘ri qilganimga amin bo‘ldim, sababi o‘pkamda ikki tomonlama pnevmoniya aniqlandi.

Shundan so‘ng vrach-pulmonologlar kelib muolaja qilishdi, berilgan dorilarni icha boshlagach, o‘zimni nisbatan yengil his qildim. Biroq bu vaqtinchalik yengillik bo‘lib chiqdi. Shifoxonaga yotqizilganimning uchinchi kuni ahvolim juda og‘irlashdi: isitmam 40 gradusdan oshdi, nafasim qisa boshladi. Meni reanimatsiya bo‘limiga yotqizishdi, 3-4 kunlik tinimsiz muolajalardan so‘ng ahvolim yaxshilandi.

Bu orada mendan yana test olindi va shifoxonada davolanishni boshlaganimning taxminan 11-kuni COVID-19 yo‘qligi tasdiqlandi.

Vrachlar meni ham xavfli yosh toifasiga kirishimni aytishdi. Bundan tashqari, stenokardiya va surunkali xoletsistit kabi yondosh kasalliklar ham bor.

Sobir Shermuhammedov

– Uydagilarda sizdan boshqa yana kimlar virus bilan zararlandi?

– Oilamizda onam va mendan boshqa hech kimda koronavirus aniqlanmadi, sababi koronavirus yuqtirgan shaxs bilan muloqotda bo‘lganimni bilishim bilan o‘zimni izolyatsiya qildim. Lekin ungacha mendan onamga ham virus yuqqan ekan.

Onamda ham turli alomatlar sezila boshlagach, Virusologiya ilmiy-tekshirish institutiga yotqizishdi. Unda kasallik yoshi katta bo‘lgani uchun ham ancha og‘ir kechdi. Odatiy hollarda ham onamda shamollash va gripp og‘ir o‘tardi. Lekin harakat sistemasi va jigar, o‘pka bilan bog‘liq muammo yo‘q edi.

– Davolashda qanday dorilar ishlatilgani haqida ma'lumot bera olasizmi?

– Men uchun ishlatilgan dorilarni, kasallik varaqasini to‘liq tarzda ijtimoiy tarmoqdagi sahifamga joylaganman. Pnevmoniya aniqlanganda 3 xil antibiotik tomchi dorilar berishdi. Bundan tashqari, virusga qarshi va immunitetni ko‘taruvchi dorilar berishdi.

Men hatto bir haftada test natijasi manfiy natija ko‘rsatib, shifoxonadan chiqib ketgan insonlarni ham ko‘rdim. Shifoxonada davolanayotganlarning taxminan 70-80 foizi koranavirusni simptomsiz yoki juda yengil formada o‘tkazayotgan odamlar edi. Aksari ko‘rinishidan soppa-sog‘, lekin test javobi musbat chiqqan edi.

Men shifokorlar va ularning qilgan xizmatidan juda minnatdorman. Sababi ular o‘z yaqiniga qaraganday mehribonlik qilishdi, kasallik paytidagi har qanday injiqligimizni ko‘tarishdi. Ularning yuzini ham ko‘rganimiz yo‘q. Himoya kiyimlari ostidagi vrachlarning bo‘y-basti va ovoziga qarab taxmin qila olardik xolos. Ular har 6 soatda almashib ishlardi, shifoxonaning o‘zida yashashdi. Issiq havoda kiyib yurishgan himoya vositalarining o‘zi bilan harakatlanish ham oson bo‘lmasa kerak. Vrachlar shu ahvolda ham fidokorlik bilan ishlayapti.

Menimcha, o‘zbekistonlik shifokorlar ham kasallikni davolashni o‘zlashtirib olishgan. Sababi, davolanishga yotqizilayotgan bemorlarning 99,9 foizi imkon qadar qisqa muddatda tuzalib chiqishayotgan edi.

Lekin men davolangan shifoxonada saniuzellar holati bilan bog‘liq kichik kamchiliklar, lekin bu shifokorlarning xizmatiga va minnatdorchiligimga ta'sir ko‘rsatmaydi.

– Siz o‘zingizni qachon yaxshi his qila boshladingiz?

– Shifoxonaga tushganimning 11-kuni garchi holsizlik kuzatilayotgan bo‘lsa-da, o‘zimni yaxshi his qila boshladim. Menda kasallik og‘ir kechgani uchun reanimatsiyadan Yakkasaroy tumani Tez tibbiy yordam bo‘linmasiga reabilitatsiyaga o‘tkazishdi. Lekin u joy reabilitatsion markaz emas, balki izolyator vazifasini bajarish uchun ixtisoslashgan ekan.

Men fizioterapevt, pulmonolog holatimni kuzatishadi, deb o‘ylagan edim. Lekin u yerda bu sharoitlar yo‘qligini aytishdi. Unda bu yerda qolishdan ko‘ra, uyga qaytarishlarini so‘radim. So‘ng mendan test olishdi, natija esa 4 kundan so‘ng chiqdi. Birinchi bor test topshirganimda natija 2 kunda chiqqan bo‘lsa, bu muddat endi 4 kunga uzaygan edi. Men bilan bir xonaga joylashtirilgan bir kishining test javobi esa 6 kunda chiqdi.

– Ya'ni test javoblari ertaroq chiqqanda joylar ortiqcha band qilib turilmas edimi?

– Fikrimcha, sog‘liqni saqlash tizimidagi bu muammo vrachlarning malakasi yoki davolash bilan bog‘liq emas, tashkiliy muammo bo‘lsa kerak. Masalan, kasallik simptomlari og‘irlasha boshlagan bemor test topshirishga muvaffaq bo‘lsa, lekin shunda ham natija 4 kundan keyin chiqsa, uning ahvoli juda og‘irlashib qolishi mumkin.

Men davolanayotganimda bir vrachning vafot etgani haqida eshitdim. Eshitishim bo‘yicha, uning tahlil natijasi birinchi shubhali chiqqan, shuning uchun yana qayta test topshirishni so‘rashgan, keyingi javob chiqquncha esa vaqt o‘tgan.

– Sizningcha, hozirgi eng katta muammo test natijalarining kechikishi bilan bog‘liqmi?

– Test natijalari bo‘lmasa, shifoxonalar bemorni qabul qilmaydi. Nafasi qisayotgan bemorga kislorod berish kerak, agar unga kerakli paytda havo berilmasa, organizm bardosh bera olmaydi. Bunda tibbiy yordam kechikishi mumkin.

Fuqarolar ham e'tiborli bo‘lib, o‘zlarining tana harorati, puls va qonning kislorod bilan to‘yinganlik darajasini o‘lchab borishsa, vaziyatni nazorat qila olishlari osonroq bo‘ladi.

– Sizda birinchi alomatlar paydo bo‘lgandan so‘ng sog‘ayishingizga 11-12 kun vaqt kerak bo‘lgan, to‘g‘rimi?

– Bu vaqt mobaynida meni nisbatan barqaror holatga keltirishdi, lekin bu degani sog‘lom holatda ekanimni anglatmasdi. Shifokorlar ham kasallikdan so‘ng o‘zingizga kelishingiz uchun yana 20 kun muddat davomida turli gimnastika, o‘pkani mashq qildiruvchi mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishim kerakligini aytishdi.

Yakkasaroy tumani Tez tibbiy yordam bo‘linmasiga reabilitatsiya uchun o‘tkazilganimni ham qo‘shib hisoblasa, hammasi bo‘lib, 24 kundan so‘ng uyga qaytdim.

Onam esa mendan so‘ng yana 4-5 kun ko‘proq davolandi. Holatlari barqaror bo‘lishiga qaramay hali nimjon.

Bundan tashqari, kasallik paytida bemor yaxshi uxlolmaydi. Men ham taxminan 8 kun yaxshi uxlolmadim. Bu ham juda azob berdi. Uyqusizlik faqat menda emas, onamda va men bilgan ayrim bemorlarda ham kuzatilgan. Mana shu narsa ham bemor tuzalgach ham organizmi kuchsizlanishiga sabab bo‘ladi.

Hozir ahvolim yaxshi, lekin ayrim asoratlarini hali ham sezyapman. Masalan, nafas olayotganimda bronxlarimda ayrim muammolar kuzatilyapti. Mana shu asoratlar bilan kurashishga harakat qilyapman.

– Boshqa bemorlarga va umuman barchaga nimalarni tavsiya qilgan bo‘lardingiz?

– Onam bilan kuzatilgan bir holatni aytmoqchiman: onamda muolajalar davomida qonning kislorod bilan to‘yinganlik darajasi birdaniga pasayib ketgan. Vrachlar ham nima qilishni bilmasdan ikkilanib qolishadi. Ma'lum bo‘lishicha, onamda antibiotiklarga sezuvchanlik pasayib ketgan ekan. Shuning uchun qilinayotgan muolajalar ta'siri sezilmagan.

Biz bilan AQShning Bruklin shahrida hamshira bo‘lib ishlaydigan, karantin tufayli AQShga keta olmagan qarindoshimiz hamshira qiz yashaydi. U AQShlik mutaxassislar bilan ham doimiy aloqada edi. Vaziyatni tushuntirgach, xorijlik shifokorlar qo‘llanayotgan antibiotiklar o‘rniga boshqa dorini tavsiya qilishgan. Bu dorini O‘zbekistondan topa olmadik, Rossiyadan keltirdik. Shundan keyin onamning ahvoli yaxshilandi. O‘sha muddat oralig‘ida faqat Allohdan shifo berishini so‘radik. Alloh onamni qaytib berdi.

Hozir kasallikni boshidan o‘tkazayotgan yurtdoshlarimizga maslahatim – birinchi navbatda tushkunlikka tushishmasin. Avvalo, hammani Allohning o‘zi asrasin, lekin agar koronavirusga chalingan bo‘lishsa, biroq test topshira olishmagan bo‘lsa ham, biror shifokor bilan bog‘lanib maslahat so‘rashsin. Faqat ulargina yaxshi maslahatchi bo‘lishi mumkin.

Biroq kimningdir ahvoli og‘irlashadigan bo‘lsa, imkon qadar tibbiyot muassasasiga joylashishga harakat qilish to‘g‘ri bo‘lardi.

Sog‘liqni saqlash tizimidagi rahbarlar esa bu vaziyatda hal qilinishi kerak bo‘lgan joylardagi muammolarni aniqlab, ehtimol, tizimda o‘zgartirish kiritilishi kerak bo‘lgan jihatlarni tahlil qilib ko‘rishlari kerakdir, degan fikrdaman.

Jamshidxon Ziyoxonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: