O‘zbekistonda test sinovlari yetarli darajada o‘tkazilyaptimi: dunyo davlatlari bilan qiyos

O‘zbekiston 12:14 / 12.07.2020 28569

O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasining ilk davrida (mart-aprel oylarida) kuniga 7-8 ming kishi test qilindi. Bu davrda kunlik o‘sish ko‘rsatkichi o‘rtacha 100ta holat edi. Iyun oyi oxiriga kelib kunlik testlar soni o‘rtacha 17 mingga yetdi va jami testlar soni 1 milliondan oshdi.

2020 yil 24 iyundan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ixtiyoriy murojaat qilgan davlat va nodavlat tashkilotlarining xodimlari hamda fuqarolarni ushbu infeksiyaga pullik asosda tekshirishga ruxsat berildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahrida «Tibbiyot dunyosi», Swiss Lab, Vitros Diagnostics, «Genotexnologiya» va Akfa Medline singari nodavlat tibbiyot tashkilotlari o‘z laboratoriyalarida koronavirus infeksiyasini pullik asosda tekshirish xizmatini tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolagani haqida xabar berdi.

10 iyul kuni Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov O‘zbekistonda 9 iyul kuni 17785ta test o‘tkazilgani, 10 iyul holatiga ko‘ra, mavjud virusologik laboratoriyalarda jami 1 mln 377 ming 915 kishidan koronavirusni aniqlash bo‘yicha namunalar olingani haqida ma'lumot berdi.  

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda SES markazlarida navbatlar kattaligi tufayli test topshirish imkonsiz ishga aylangani, «Toshkentdagi test olishi mumkin bo‘lgan aksariyat xususiy klinikalar 10 iyul, juma kunidan boshlab test olishni ham to‘xtatgani» haqida xabarlar tarqaldi.

O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan testlar soni yetarli darajadami? Quyida qo‘shni mamlakatlar va boshqa xorijiy mamlakatlar bilan qiyos keltiriladi.

Ayni paytda O‘zbekiston o‘tkazilgan testlar soni bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘istondan keyingi o‘rinda bormoqda. Qozog‘istonda 10 iyul holatiga ko‘ra, 1 659 543ta test o‘tkazilgan bo‘lib, testlar soni umumiy aholi soni nisbatiga ko‘ra har 11-kishiga to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich har har 24-kishiga, Qirg‘izistonda har 27-kishiga, Afg‘onistonda har 493-kishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Koronavirusdan zararlanish holatlari bo‘yicha dunyo reytingida O‘zbekiston joy olgan o‘nlik, ya'ni 60-70-o‘rinlardagi mamlakatlarda bu ko‘rsatkich Serbiyada har 18-kishiga, Nepalda har 49-kishiga, Morokashda har 43-kishiga, Janubiy Koreyada har 36-kishiga, Chexiyada har 18-kishiga, Daniyada har 4-kishiga, Kot-d'Ivuarda har 363-kishiga, Sudanda 109 ming 396-kishiga, Avstraliyada har 8-kishiga to‘g‘ri kelmoqda. Umumiy hisobda test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston mazkur o‘nlikda 5-o‘rindan joy olgan.

Test sinovi ma'lumotlari nima uchun muhim?

Hech bir mamlakat Sovid-19 virusiga chalinganlarning umumiy sonini aniq bilmaydi. Shu bois, laboratoriya tomonidan tasdiqlangan infeksiyaga ega bo‘lganlarning barchasi tasdiqlangan holatlar, deb hisoblanadi. Bu shuni anglatadiki, tasdiqlangan holatlarning soni mamlakatda o‘tkazilayotgan testlarga bog‘liq. 

Shuningdek, virusni yuqtirish manbasi to‘g‘risida ma'lumotga ega bo‘lmay turib, pandemiyani tushunishning imkoni yo‘q. Ushbu ma'lumotlarsiz biz qaysi davlatlar yaxshi ish olib borayotgani haqida ham ma'lumotga ega bo‘la olmaymiz. Tasdiqlangan holatlar bo‘yicha har qanday ma'lumotni sharhlash uchun esa mamlakatda amalda qancha test sinovi o‘tkazilganini bilish kerak.

Test – virusning tarqalishi va ta'sirini sekinlashtirish, kamaytirishga qaratilgan kurashda eng muhim vositalardan biridir. Testlar virus yuqtirgan odamlarni aniqlash imkonini beradi va ularga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatga rahbarlik qiladi. Kasallikka chalinganlarni izolyatsiya qilishga, ularning aloqalarini aniqlashga, shuningdek, tibbiy resurslar va xodimlarni yanada samarali taqsimlashga yordam beradi.

Tasdiqlangan holatlar soni pandemiyaning rivojlanishi haqida ma'lumot beradi. Ya'ni epidemiya tarqalishi haqida taqdim etilgan axborot va o‘lim holatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarning ishonchliligini baholash uchun test sinovlari to‘g‘risidagi ishonchli ma'lumotga ega bo‘lish zarur.

O‘tkazilayotgan testlar soni yetarli yoki yetarli emasligi qanday aniqlanadi?

Virus tarqalishini to‘g‘ri kuzatib borish uchun epidemiya keng tarqalgan mamlakatlar ko‘proq sinov o‘tkazishi lozim. Shunday qilib, muayyan davlat yetarlicha test o‘tkazyaptimi yoki yo‘qmi – buni bilishning eng muhim usullaridan biri virusga chalingani rasman qayd etilganlar soni va o‘tkazilgan test sinovlari o‘rtasidagi nisbatni aniqlashdir.

Avstraliya, Janubiy Koreya va Urugvay kabi ba'zi mamlakatlarda musbat ko‘rsatkich 1 foizdan kam. Mazkur mamlakatlarda birgina holatni aniqlash uchun yuzlab, hatto minglab test o‘tkazish talab etilgan.

Boshqa mamlakatlar, masalan, Meksika va Nigeriyada 20-50 foiz yoki undan ham yuqori musbat ko‘rsatkichlar qayd etilgan. Ya'ni, ushbu mamlakatlarda o‘tkazilgan uchinchi yoki to‘rtinchi testda yangi bir holat aniqlanmoqda.

Tasdiqlangan holatlar soni testlar soniga nisbatan yuqori bo‘lsa, bu holat epidemiyani to‘g‘ri nazorat qilish uchun yetarli miqdorda test o‘tkazilmayotganini anglatadi. Bunday mamlakatlarda infeksiyaning haqiqiy soni tasdiqlangan holatlardan ancha yuqori bo‘lishi mumkin.

Juda yuqori musbat ko‘rsatkichlar kuzatilayotgan davlatlar barcha holatlar uchun yetarli darajada keng qamrovli test o‘tkaza olmaydi, albatta. JSST yetarlicha sinovning umumiy ko‘rsatkichi sifatida musbat ko‘rsatkichning 2-3 foiz atrofida bo‘lishini ma'lum qilgan. O‘zbekistonda 9 iyul kuni 17785ta test o‘tkazilgan, 472 kishida kasallik aniqlangan, bu esa 2,6 foizlik ko‘rsatkichdir.

Lekin ko‘rsatkich 1 foizdan kam bo‘lishiga erishish ham mumkin edi. Agar aprel oyidayoq Janubiy Koreyadagi kabi ommaviy test o‘tkazilganida kasallik tarqalishi zanjirlari yetarlicha uzilgan bo‘lar va hozirda aholi orasida test topshirishdagi qiyinchiliklar bo‘yicha vahima kelib chiqmasdi. Agar may oyida O‘zbekistonda hududlararo transport harakatiga ruxsat berilganida yo‘lovchilardan test olish majburiyligi saqlab qolinganida (test olish narxi 224 ming so‘m etib belgilangani ijtimoiy tarmoqda noroziliklarga sabab bo‘lgach, bu tartib bekor qilindi), ahvol hozirgidek jiddiylashmagan bo‘lardi.

Otabek Tillayev tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: