Yaponiyadagi attraksionlarda tashrif buyuruvchilardan qichqirmaslik so‘ralmoqda. Ovoz chiqarmaganlarga chegirma beriladi

Jahon 22:11 / 09.07.2020 2780

Yaponiyada koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida karantindan so‘ng ochilgan ko‘ngilochar bog‘larga keluvchilardan Amerika tepaliklari attraksionida qichqirmaslik iltimos qilinmoqda. Attraksionda ovoz chiqarmay ucha olganlarga chegirmalar berilmoqda, deb yozadi The Wall Street Journal.

Yaponiya tematik parklar assotsiatsiyasi attraksionlarda qichqirmaslik bo‘yicha tavsiyanoma chiqardi. Ammo bu tavsiya tashrif buyuruvchilarga yoqmayapti. Fuji-Q Highland parki xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, park mehmonlari attraksionlarda qichqirmaslikning iloji yo‘qligini aytib shikoyat qilishgan.

17 iyulgacha har bir tashrif buyuruvchi 390 iyen evaziga o‘zining attraksiondagi holati aks etgan fotosuratga  buyurtma berishi mumkin. Agarda fotosuratda u jiddiy qiyofada va niqobni to‘g‘ri taqqan bo‘lsa, bu suratni ijtimoiy tarmoqqa maxsus xeshteg bilan joylashtiradi. Bu unga Fuji-Q Highland parkida bir kun davomida bepul hordiq chiqarish uchun chipta yutib olish imkonini taqdim etadi.

Fuji-Q Highland parkida 1996 yildan beri uzunligi ikki kilometrli Amerika tepaliklari attraksioni ishlaydi. Uning vagonlari soatiga 130 kilometr tezlikda harakatlanib, yuqoriga chiqadi va 70 metr pastlikka sho‘ng‘iydi.

Ko‘proq yangiliklar: