Toshkent shahrida o‘quvchilarni 1-sinfga qabul qilish bo‘yicha elektron navbat tizimi ishga tushirildi – XTV

Jamiyat 21:07 / 06.07.2020 17747

«Koronavirus pandemiyasi sharoitida farzandingizni maktabga qabul qilish jarayonida duch keladigan navbatda to‘planib turish va ortiqcha sarsongarchiliklarni bartaraf etish maqsadida 2020-2021 o‘quv yiliga qabul qilishning elektron navbat tizimi yaratildi.

1-sinf qabuliga navbatga turish internet tarmog‘idagi www.qabul.maktab.uz veb-portali orqali onlayn navbat asosida amalga oshiriladi.

Mazkur tartib sinov tariqasida dastlab Toshkent shahrida amalga oshirilmoqda. Sinov natijalariga ko‘ra keyingi o‘quv yillaridan boshlab respublikamizning boshqa hududlarida joriy etiladi», deyiladi XTV Telegram’dagi rasmiy kanalida e'lon qilingan xabarda.

Xalq ta'limi vazirining matbuot kotibi Laylo Rustamova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda hozirga qadar elektron navbat tizimi orqali 2386 ta ariza kelib tushganini ma'lum qildi.

Vazirlik tomonidan onlayn navbatga yozilish tartibi batafsil ko‘rsatib berilgan suratli va video yo‘riqnoma tayyorlangan.

Avvalroq pandemiya sharoitini inobatga olgan holda 1-sinfga o‘quvchilarning hujjatlari 6-31 iyul kunlari biriktirilgan mikrohudud doirasida, 1-25 avgust kunlari maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib mikrohududdan tashqarida qabul qilinishi ma'lum qilingan edi.

1-sinfga qabul uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:

1.     Direktor nomiga ariza;

2.     Bolaning tug‘ilganlik haqida guvohnoma nusxasi;

3.     Ota-onaning pasport nusxalari;

4.     Bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma'lumotnoma;

5.     Bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati;

Eslatib o‘tamiz, 2020-2021 o‘quv yilida respublika bo‘yicha jami 650 116 nafar bola 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: