«Suvsiz qiynalyapmiz» – Denovda nogironlar uchun qurilgan yangi uylar jo‘mraklaridan loyqa suv kelyapti

Jamiyat 18:26 / 06.07.2020 7637

Murojaatchilarning aytishicha, mazkur uylarni qurish ishlari 2018 yil oktyabrida boshlanib, o‘sha yilning dekabrida yakunlangan.

Murojaatchilar ular yashayotgan xonadonlar yangi qurilgan binolar bo‘lib, nogironlar va kam ta'minlanganlar uchun mo‘ljallanganini, mazkur uylarda ular bir yarim yildan beri yashayotganliklariga qaramasdan, ichimlik suvi bilan uzil-kesil ta'minlanmagani, shu kunlarda esa jo‘mraklardan loyqa suv kelayotganidan shikoyat qilishdi.

Uydagi jo‘mraklardan oqayotgan rangli shubhali suv iste'molga aniq yaroqsiz, undan hatto idish-tovoqlar yuvish, kir yuvish va cho‘milishda ham foydalanib bo‘lmaydi. Faqat unitazda ishlatish mumkin, xolos.

Muammo yuzasidan Denov tuman hokimiga, mahalliy sektor rahbariga, «Prezidentga murojaat» portaliga murojaat etishganini, ammo natija bo‘lmaganini bildirishdi.

Biz joriy yilning 27 iyun kuni telefon orqali Denov tumani hokimligi mas'uli bilan bog‘lanib, holat haqida izoh so‘raganimizda u bu muammo «ikki kun ichida» hal bo‘lishini aytdi. Biroq muammo hanuz yechilmagan.  

Ma'lumot uchun shuni ta'kidlash lozimki, yangi turar joy barpo etish rejalashtirilayotganda birinchi navbatda bo‘lajak uylarni ichimlik suvi bilan ta'minlash masalasi ko‘rib chiqiladi. Faqatgina mazkur masala ijobiy hal bo‘lgandagina yangi turar joy qurishga qaror qilinadi.

Shokir Sharipov

Ko‘proq yangiliklar: