YHXB fuqaroga “jarima”ni to‘ladi. Ammo ijroni kechikishiga sabab bo‘lgan mansabdorlar jazolanadimi?

Jamiyat 10:18 / 04.07.2020 20193

Joriy yil 1 iyul kuni Kun.uz`da «Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi «jarima» to‘lamaydimi?» nomli maqola e'lon qilingandi.

Unda Oqdaryo tumanida yashovchi fuqaroning YHXB inspektori tomonidan asossiz jarimaga tortilgani hamda fuqaro sud tartibida o‘zining haqligini isbotlagani, ammo unga moddiy va ma'naviy zarar summasini undirishga oid sud qarori mavjud bo‘lsa-da, ushbu summa Samarqand viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan to‘lab berilmayotgani tanqid qilingandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmatining Kun.uz ga xabar qilishicha tegishli sudning hal qiluv qaroriga asosan olib borilgan ijro harakatlari davomida shu yilning 2 iyulida (maqola e'lon qilingandan bir kun o‘tib) viloyat IIB YHXB boshlig‘i nomiga 10-21164/20-sonli talabnoma yuborilgan. 

Talabnomaga ko‘ra shu yil 3 iyul kuni Samarqand viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi 398-sonli to‘lov topshiriqnomasiga muvofiq fuqaro Normurod Jo‘rayevning foydasiga 2 210 500 so‘m to‘lab bergan.

Shu bilan qariyb ikki yil davomida sarson qilingan fuqaroning huquqlari tiklandi, adolat qaror topdi. Ammo, masalani boshqa bir jihati diqqatni tortmoqda. Sudning hal qiluv qarori shu 27 fevralda kuchga kirgan. Biroq oradan 3 oydan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay sud qarori ijro etilmagan.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-1-moddasi birinchi qismiga ko‘ra bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari (2 223 000 so‘m)ga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi summani undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatining mazkur hujjatni ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun davlat ijrochisi belgilagan muddatda qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmasligi mansabdor shaxslarga 1 115 000 so‘mgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Undiruvchi N.Jo‘rayevga doir ijro ishining o‘z vaqtida ta'minlanmaganligiga uchta holatdan biri sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Birinchisi, davlat ijrochisi belgilangan tartibda qarzdor – Samarqand viloyat IIB YHXBga ijroni ta'minlash uchun ixtiyoriy muddat belgilagan, lekin boshqarma bu talabni javobsiz qoldirgan. Agar shunday holat yuz bergan bo‘lsa viloyat IIB YHXB boshlig‘i MJtKning yuqorida qayd etilgan moddasi bilan ma'muriy javobgarlikka tortilishi lozim bo‘ladi.

Ikkinchi holatda bordi-yu, MIB tomonidan ijro hujjatini ta'minlash choralari ko‘rilmay, o‘z vaqtida qarzdor tomonga tegishli talabnoma kiritilmagan bo‘lsa, u holda ijro ishi uchun mas'ul bo‘lgan davlat ijrochisi belgilangan tartibda intizomiy jazoga tortilishi lozim.   

Uchinchi holat ham borki, bunda sud tomonidan ijro hujjati o‘z vaqtida MIBga yuborilmagan bo‘lishi mumkin. Shunday bo‘lib chiqsa sudning tegishli mas'ul xodimi bu borada tushuntirish berishiga to‘g‘ri keladi.

Zero, hech kimning qonun barcha uchun barobar bo‘lgan jamiyatda yashayotganligimizni unutishga haqqi yo‘q. Bu masalada mas'ullardan javob kutib qolamiz.

Dilshod Abduqodirov
Anvar Mustafoqulov

Ko‘proq yangiliklar: