“Samarqandyo‘lko‘kalam” unitar korxonasi: yiliga o‘rtacha 34 mingta manzarali ko‘chat va butalar ekilyapti

Jamiyat 09:00 / 04.07.2020 6275

Ushbu korxona Samarqand viloyati umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari va ularning konstruktiv elementlarini noqulay ob-havo hamda eroziyadan himoya qilish yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, avtomobil yo‘llariga tutash hududlarni transport vositalarining bulg‘ashi va tashlanmalardan muhofaza qilish, yo‘l bo‘ylarini arxitektura-landshaft dizayn asosida ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini olib boryapti.

"O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi botanika instituti mutaxassislarining tavsiyasi asosida 2018-2019 yillar davomida Samarqand viloyati umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylariga 79 000 dan ortiq Eldar qarag‘ayi, Mojjyevelnik, Safora, Katalpa, Tuya, Klyon, Yasen, Jiyda, Tut va boshqa shu kabi 25 turdagi manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Joriy yilning o‘tgan davrida 17 000 dona manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.

Hozirgi vaqtda korxonamizda 218 nafar ishchi-xodimlar koronavirus pandemiyasi sababli karantin talablariga to‘liq rioya etib, mehnat qilyapti. Korxonada yangi ish o‘rinlari yaratish doimiy nazoratimizda bo‘lib, joriy yilning 1- yarim yilligida 67 nafar ishchi-xodimlarni ishga qabul qildik. Viloyatimizning 12 ta tuman-shaharlarida uchastkalar tashkil qilingan, ular avtomobil yo‘llari yashil mintaqalariga sifatli uzluksiz xizmat ko‘rsatib kelishyapti.

Bularning natijasida avtomobil yo‘llari yoqalarida ekilayotgan manzarali daraxt va buta ko‘chatlaridan avtomobil yo‘llari yanada obodonlashib, yashil mintaqalar hosil bo‘lmoqda. Bu o‘z navbatida transport harakat xavfsizligiga va hududning ekologiyasiga ijobiy ta'sir ko‘rsatyapti.

Daraxt ekish, bog‘lar yaratish xayrli va savob ish, ekilgan nihollarni parvarishlash, voyaga yetkazish katta mehnat, vaqt va mablag‘ talab qiladi. Shunday ekan, mavjud yashil mintaqalarni avaylab asrash, ularga zarar yetkazmaslik har birimizning burchimiz",  deydi “Samarqandyo‘lko‘kalam” unitar korxonasi rahbari Aziz Radjabov.

Ma'lumot o‘rnida aytish lozim, “Samarqandyo‘lko‘kalam” unitar korxonasi yiliga viloyat bo‘ylab o‘rtacha 34 mingta manzarali daraxt va buta navlarini ekib kelyapti. O‘z navbatida, bu sa'y-harakatlar yo‘l yoqalarida chang ko‘tarilishining oldini olib, yerning ortiqcha namligini yo‘qotadi. Bu esa asfalt chidamliligini ta'minlashga xizmat qiladi.

Korxona yo‘l chetlariga ekilgan manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini saqlash, parvarishlash ishlarida (o‘sish samaradorligini oshirish, zararkunanda hasharotlarga qarshi, oziqlantiruvchi dori vositalar bilan ishlov berish, tuproq unumdorligini oshirish va h.k) agrokimyoviy tadbirlarni amalga oshirishda “Agrokimyo laboratoriya” unitar korxonasining tegishli xulosalariga asosan ish olib boryapti.

“Samarqandyo‘lko‘kalam” unitar korxonasi Matbuot xizmati 

Ko‘proq yangiliklar: