Chirchiqliklar shahardagi 6ta shifoxonaning Zangiotaga ko‘chirilishidan norozi. Shahar hokimi masalaga yechim topishga va'da berdi

Jamiyat 11:17 / 04.07.2020 19454

Chirchiq shahri faollaridan biri Husan Radjimatovning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiqdagi shifoxonalarning Zangiotaga ko‘chirilishi haqida xabarlar tarqala boshlagach, chirchiqliklar bunga qarshi murojaatnoma tayyorlashgan.

Hozirgacha ushbu murojaatga 6 mingdan ziyod kishi imzo qo‘ygan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiqdagi 6ta viloyat shifoxonasining Zangiotaga ko‘chirilishi, buning oqibatida bolalar shifoxonasida 30ta o‘rin, perinatal markazda 70ta o‘rin qoldirilayotani haqida ma'lumotlar tarqalgach, chirchiqliklar bunga faol munosabat bildira boshlashdi. Qoldirilayotgan joylar Chirchiq shahri fuqarolarining ehtiyojlarini to‘liq qondirmasligini bilib, bu masala bo‘yicha o‘z fuqarolik pozitsiyamizni bildirish maqsadida jamoaviy murojaatnoma tayyorladik.

Shu paytgacha fuqarolar tomonidan 6 mingga yaqin imzo yig‘ilgan. Vakolatli organlarga, ya'ni SSV, Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazga murojaat qilmoqchimiz», – deydi u.

«Facebook va Telegram’da shu mavzu bo‘yicha muhokamalar bo‘layotganini ko‘rdim. Keyin menga bir qiz murojaat qilib, shaharga yordam berish, shifoxonalarga ko‘proq o‘rin ajratilishi uchun birgalikda Telegram’da guruh ochishni taklif qildi.

Bizga sog‘liqni saqlash vaziri imzolagan hujjatni yuborishdi. Unda Chirchiqdagi shifoxonalar Zangiotaga ko‘chirilishi haqida so‘z boradi. Eshitishimizcha, bolalar shifoxonasiga 30ta o‘rin qoldirilayotgan ekan. Shundan so‘ng mahalliy aholi vakillari bilan birga huquqshunosdan maslahat so‘radik. U bizga imzo yig‘ish huquqiga ega ekanimizni ta'kidladi. U bizga ariza yozib berdi. 27 iyundan boshlab odamlardan imzo yig‘a boshladik.

Shundan so‘ng bizni miting qilish, ko‘pchilik bo‘lib hokimiyatga borishga undovchilar paydo bo‘ldi, noma'lum akkauntlar orqali kimlardir har xil yo‘llar bilan provokatsiya qilishga urinishdi. Bu qonun bilan taqiqlangani uchun biz bu chorlovlarni rad etdik. Nima qilgan bo‘lsak ham qonun doirasida amalga oshirdik.

Bundan tashqari, yashirin raqamlardan turli qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Masalan, mening do‘konim bor, menga telefon qilib, agar do‘konim yopilishini istamasam, imzo yig‘ishni bas qilishimni aytishdi. Ulardan o‘zini tanishtirishlarini so‘raganimda telefonni o‘chirib qo‘yishdi.

Shahrimizga bolalar shifoxonasi ham, qon quyish markazi ham juda kerak. Hayotda har xil hodisa bo‘lishi mumkin. Shunday vaziyatlar bo‘ladiki, sanoqli daqiqalar ichida qon topib kelish kerak bo‘ladi. Bemorlarni shaharning o‘zida joylashgan shifoxonalarga yetkazib kelisholmagan holatlar bor, og‘ir holatdagi bemorlarni Zangiotaga umuman yetkazib borisha olmasa kerak», deydi chirchiqlik Katerina Sheremetova.

Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda viloyat qon quyish markazida ishlovchi shifokor va hamshiralar Kun.uz muxbiri bilan suhbatda o‘zlari ishlayotgan tibbiyot muassasalarining ko‘chirilishiga qarshi ekanliklarini bildirishdi.

Shu bilan birga, ulardan hech kim ishdan bo‘shashni talab qilishmagani, Zangiotaga borib ishlashga majburlashmayotgani, biroq ham moddiy, ham masofa, ham boshqa qator sabablarga ko‘ra ular tibbiyot klasteriga borib ishlay olmasliklarini ta'kidlashdi.

«Viloyat maqomidagi 6ta shifoxona ko‘chiriladi, ularning ichida sizlar ham borsizlar, deyishdi. Bundan hammamiz shokka tushib qoldik. Eski uyimni sotib yangisini olganimdayam ishxonamga yaqin joydan olganman. Bolalarimning maktabi, bog‘chasi, o‘qishi ham ishxonamning atrofida. Hammasini oldindan rejalashtirganman.

Bizga Zangiotaga ko‘chasizlar, bu qaror allaqachon chiqarilgan va SSV tomonidan tasdiqlangan deyishdi. Misol uchun, men u yoqqa borolmayman. Chunki yolg‘iz onaman, bolalarimni tashlab buncha uzoq masofaga qatnolmayman. Charchoq his qilib u yoqqa borishni, kuchimni yo‘lga sarflashni xohlamayman. Bor kuchimni ishga, bemorlarimizga sarflashni istayman. Shahrimiz aholisi uchun yetarlicha o‘rin qolsa bo‘ldi, mutasaddilarga nisbatan boshqa hech qanday e'tirozimiz yo‘q», – deydi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasi laboratoriya mudiri Shahlo Asmetova.

«Prezidentning qarorini ko‘llab-quvvatlaymiz, lekin hamshiralarning oyligini inobatga olsak, Zangiotaga qatnay olmaymiz. O‘zim misolimda aytadigan bo‘lsam, oyligim 1,5 mln so‘m. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, Zangiotaga qanday borib-kelaman. Ikki soatlik yo‘l. Yozda bu narsa unchalik bilinmas, biroq qishda bu narsa juda bilinadi.

Shunday vaqtlar bo‘lganki, bemor bolalarni qo‘limda ko‘tarib reanimatsiya bo‘limiga yetkazib bera olmaganman. Endi o‘ylab ko‘ring, Bo‘stonliq tumanida Pskom, Tokyong‘oq, Bog‘iston, Burchmullo degan qishloqlarimiz bor. Ular bizdan 150-200 km masofada joylashgan. Ular bemor bolalarini bizgacha yetkazib kelisholmaydi-yu, ertaga Zangiotaga yetkazib bora oladimi?! Men butun hamshiralar nomidan poliklinikamiz ham, shifoxonamiz ham joyida qolsin deb aytaman», – deydi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasi poliklinikasining hamshirasi Hurbi Usmonova.

Viloyat qon quyish markazi xodimi Syuzana Magomedova shunday deydi:

«Zangiotaga ko‘chish haqidagi yangilik ko‘pchiligimiz uchun kutilmagan xabar bo‘ldi. U yerga qatnab ishlash bizdan ozmuncha kuch va vaqt talab qilmaydi. Ustiga-ustak, ertalab bolalarni bog‘chaga topshirish, kechqurun qaytarib olishimiz kerak. Bu masala ko‘pchiligimiz uchun muammo bo‘lishi tayin.

Bu yerda asosan ayollar ishlashadi. Biz ishdan tashqari, uy ishlariga ham ulgurishimiz kerak. Koronavirus infeksiyasi tarqalishi tufayli katta ehtimol bilan sentyabrdan o‘qish yana onlayn bo‘ladi, biz bolalarimizga o‘z vaqtida dars qilidirishimiz, o‘qishini nazorat qilishimiz kerak.

Qolaversa, yo‘lga ketadigan xarajatlar oilaviy budjetimizga yaxshigina ta'sir qiladi. Karantin tufayli ko‘pchiligimizning erlarimiz, oila a'zolarimiz ishsiz qolishgan. Buni yuqoridagilar tushunishini istardik. Zangiotaga qatnab ishlashni tasavvur ham qilolmaymiz», deydi u.

Chirchiq shahar hokimi Sanjar Yusupov shahardagi viloyat maqomidagi tibbiyot muassasalarining Zangiotaga ko‘chirilishi bo‘yicha shov-shuvlarga munosabat bildirdi. U bor tizimni yo‘q qilish noto‘g‘ri bo‘lishini aytib, bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun shahar nomidan ham viloyat rahbariyatiga murojaat qilinishini aytdi.

«Shahar sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari bilan gaplashib, viloyatdagi mas'ullar ijtimoiy tarmoqlardagi gap-so‘zlarga izoh berishlari kerakligi, tibbiyot xodimlariga asl vaziyatni tushuntirishni tayinlagandim. Chunki shahardagi shifoxonalar Zangiotada tashkil etilayotgan tibbiyot klasteriga ko‘chirilayotgani haqida internetda tarqalgan ma'lumotlar ta'sirida odamlar sarosimaga tushib qolishganini kuzatib turibman. Ayniqsa, tibbiyot xodimlari ishsiz qolib ketarkanmiz, shifoxonalar yopilarkan degan xavotirda.

Chirchiq shahri – ilgaridan aholi eng zich joylashgan hududlardan bittasi. Bu yerdagi tibbiyot muassasalariga shahar aholisidan tashqari Qibray tumanining yarmi, Bo‘stonliq, Yuqori Chirchiq, Parkent tumanlarida yashovchi aholi murojaat qilishadi. Buni ichki ishlar, perinatal markazi tomonidan beriladigan kundalik ma'lumotlarga tayanib gapirayapman. Tibbiyotning «seniki-meniki»si bo‘lmaydi-ku baribir.

Shu sababli Chirchiqdagi shifoxonalarni filial qilib yoki bo‘lmasam maqomini o‘zgartirib bo‘lsa-da qoldirish kerak. Sababi bu yerdagi bemorlar Zangiotaga borishi-bormasligi, bu odamlarga qanchalik qulay-noqulayligi bor, u yoqqagacha 60-70 km masofani bosib o‘tish kerak bo‘ladi.

Tibbiyot klasterida viloyat maqomidagi shifoxonalar jamlangani aslida yaxshi, u yerga asosan og‘ir ahvoldagi bemorlar borishi to‘g‘ri bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Bu yerdagi bor tizimni yo‘q qilish, menimcha, noto‘g‘ri bo‘ladi. Viloyatdagi mutasaddilar bilan gaplashamiz, kerak bo‘lsa, shahar nomidan ham viloyat rahbariyatiga murojaat bilan chiqamiz», – deya Sanjar Yusupovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Rasmiylarning ta'kidlashicha, viloyat maqomidagi tibbiyot muassasalari Zangiotaga ko‘chirilayotgani karantin sababli noma'lum muddatga kechiktirilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, shifoxonalar butkul yopilmaydi, balki faqat viloyat darajasidagi tibbiyot muassasasi degan maqomidan mahrum bo‘ladi, biroq Chirchiq shahri aholisi sonidan kelib chiqib, o‘rinlar saqlab qolinadi.

Chirchiq shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Daler Umrullayevning so‘zlariga ko‘ra, Chirchiqdagi viloyat maqomiga ega 6ta tibbiyot muassasasi Zangiotaga ko‘chirilgan taqdirda ham to‘liq ko‘chirilmaydi, faqatgina shifoxonaning maqomi o‘zgartiriladi.

«Chirchiq shahridagi viloyat maqomidagi shifoxonalar, jumladan, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi Zangiotaga ko‘chiriladi, degan gap aholi o‘rtasida vahima bo‘lib ketdi. Shahardagi oltida tibbiyot muassasasi ko‘chirilgan taqdirda ham to‘liq ko‘chirilmaydi, qisman qoladi, faqatgina shifoxonaning maqomi o‘zgartiriladi. Masalan, Chirchiq shaharning o‘zida shifoxona xodimlari bilan birga qoladi, xodimlarning o‘zi ko‘chiriladi, degan gap noto‘g‘ri.

Tibbiyot xodimlari hech qanday vahimaga tushishi kerakmas, ilgari qanday ishlashgan bo‘lsa, xuddi shunday shtat asosida ishlarini davom ettirishadi. Aholining sonidan kelib chiqib, tibbiyot muassasalariga shtat ajratiladi. Tayyor xodimlar turganda ko‘chadan boshqa xodim qidirilmaydi.

Bolalar shifoxonasining reanimatsiyasi ham qoladi, boshqa bo‘limlari ham qoladi. 30ta o‘rin bizga yetmaydi. Chirchiq shahrining aholisi ko‘p. Bu – noto‘g‘ri ma'lumot. Yo‘q deganda 100 o‘rinli bolalar shifoxonasi qoladi», – deydi Daler Umrullayev.

Tibbiyot muassasalaridagi o‘rinlar soni qisqargach, bu shtatlar jadvalidagi qisqarishlarga, ayrim xodimlarning ishdan bo‘shatilishiga olib kelishi mumkin. Rasmiylar bu haqda xodimlar mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda ikki oy avval ogohlantirilishi, ularga kompensatsiya to‘lab berilishini aytishmoqda. Biroq hozirgi murakkab va inqirozli vaziyatda fuqarolar qayerga ish so‘rab borishi, Zangiotaga qatnab ishlolmagan taqdirda ahvoli nima kechishi hozircha mavhum bo‘lib turibdi.

Kun.uz tibbiyot klasteri tashkil etilishi ustida turgan mutasaddilardan, jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligidan bu borada izoh kutib qoladi.

Ko‘proq yangiliklar: