«Kimningdir o‘g‘lini ishga olishimiz mumkin edi» – Diyor Imomxo‘jayev PFL atrofidagi mojaroli savollarga jonli efirda javob beradi

Sport 17:37 / 03.07.2020 9044

Professional futbol ligasi direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev bugun «Sport TV»da jonli efirda chiqish qilishini ma'lum qildi. Bu haqda mutaxassis o‘zining telegram-kanalida post qoldirgan.

«Bugun soat 19:00da «Sport TV» kanalida chiqish qilib, «Sherdor» va «Ittifoq-Navoiy» klublari nima uchun Birinchi ligadan chetlashtirilganini tushuntiraman. Klub murabbiyi (ya'ni «Sherdor» murabbiyi) Baxtiyor Sattorovning ijtimoiy tarmoqlarda bergan bayonoti va undagi chalkash fikrlarini konkretlashtiraman.  

Kecha Muborakda «Buxoro» va «Metallurg» o‘yini nima sababdan o‘tkazildi-yu, nega endi «Mash'al»ning «Paxtakor»ga qarshi o‘yini surildi – bu borada ham tushuntirish beraman. Alisher Nikimbayevning PFL haqidagi ketma-ket chiqishlari borasida savollar bo‘lsa, ularga ham javob qaytaraman. PFL hamma savollar va mavzular uchun ochiq.

P.S. Agar bir inson O‘FA haqida faqat iliq, O‘zPFL haqida faqat salbiy fikr berayotgan bo‘lsa, bu yerda nimadir buzilgan. Buni to‘xtatish uchun biz ham kimningdir o‘g‘lini ishga olishimiz mumkin edi, ammo biz tanqidlardan qo‘rqadigan tashkilot emasmiz. Hech bir manfaatlarsiz va g‘arazlarsiz bizni tanqid qilayotganlarni esa qo‘llab-quvvatlayman, ular to‘g‘ri yo‘ldalar», degan Diyor Imomxo‘jayev o‘z kanalidagi postda.

Oldinroq Samarqandning «Sherdor» klubi bosh murabbiyi Baxtiyor Sattorov klub a'zolik badalini to‘lagan bo‘lishiga qaramay, Birinchi ligadan chetlatilgani haqida fikr bildirib, PFLning qaroriga qarshilik bildirgan va bu borada O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatovdan izoh kutishini ma'lum qilgandi.

Keyinchalik taniqli futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev Muborak hamda Namangan «qizil» hudud bo‘lganiga qaramay, u yerlarda Superliga o‘yinlari o‘tkazilgani, lekin Bekobod «qizil» hudud bo‘lgani uchun «Metallurg» o‘z maydonida «Lokomotiv» bilan o‘ynay olmagani tushunarsiz holat ekanini aytib, klublar badal to‘lashdan voz kechmaguncha, PFL mantiqsiz qarorlar chiqaverishini aytgandi.

Ma'lumot uchun, Diyor Imomxo‘jayev 26 maydan PFL direktori vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlab keladi. U o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etilgan Davron Shoyoqubovning o‘rnini egallagan. Diyor Imomxo‘jayev O‘zbekiston DXX raisi va ayni damda O‘FA prezidenti Abdusalom Azizovning taqdimiga binoan PFL direktori vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlangan.

Ko‘proq yangiliklar: