Farg‘onada giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda saqlagan shaxs 12 ming dollarni o‘g‘irlagani aniqlandi

Jamiyat 10:40 / 03.07.2020 3469

2020 yil 18 iyun kuni soat 23:10da Farg‘ona shahar IIO FMB xodimlari tomonidan tadbir o‘tkazilgan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Uning davomida, Farg‘ona shahar Sakkokiy ko‘chasida joylashgan “Urjuza” shifoxonasi oldida o‘zini shubhali tutgan 46 yoshli E.X. Farg‘ona shahar IIO FMB binosiga olib kelinib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida unga tegishli Samsung rusumli telefon apparatining orqa qismiga qo‘ng‘ir rangli, o‘ziga xos hidli vazni 0,29 grammni tashkil qilgan “gashish” moddasi yopishtirilganligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan E.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “b” bandi (qonunga xilof ravishda giyohvandlik vositasini saqlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, shu kunining o‘zida E.X. ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, 35 yoshli A.D. joriy yilning 17 iyun kuni Farg‘ona shahar IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, unda shu kuni soat 16:00dan 18:00ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma'lum shaxs Farg‘ona shahar Istirohat ko‘chasida turgan uning Spark rusumli avtomashina eshigini kalit tanlash yo‘li bilan ochib, ichida bo‘lgan 12.700 AQSh dollari miqdordagi pullarni yashirin ravishda talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan 17.06.2020 yilda Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” (o‘g‘rilik) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga kirishilgan.

IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari davomida, mazkur jinoyatni E.X. sodir etganligi aniqlanib, undan xolislar ishtirokida jami 200.000 so‘m miqdordagi pullar ashyoviy dalil tariqasida olingan hamda to‘plangan hujjatlar shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limiga yuborilgan.

Mazkur o‘g‘rilik holati yuzasidan E.X. gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, so‘roq qilingan.

Qayd etilishicha, hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: