Asakada davlat maktabi binosining bir qismi xususiy maktabga berilmoqda. O‘qituvchilar va ota-onalar bunga qarshi

Jamiyat 19:48 / 03.07.2020 10857

Muammo bilan tanishamiz. Hududdagi 44-umumta'lim maktabi binosining yarmi 2013 yili davlat ixtisoslashgan maktab-internatiga berilgan bo‘lib, internat 2018 yilda faoliyatini tugatgan kollej binosiga ko‘chib o‘tadi.

Mahalliy aholi vakillari DIMIdan bo‘shab qolgan binoni xususiy maktab uchun berilganidan norozi. Bunga esa o‘ziga xos sabablar bor.

«Farzandlarimiz ikki smenada o‘qiyapti, xonalar yetishmaydi»

O‘z qishlog‘i bolalarining sifatli ta'lim olishlarini istayotgan  murojaatchilarning fikrlariga birma-bir quloq soldik. Mahallaning yoshi ulug‘ insonlari Munisxon ona Jabborova, hozirda 84 yoshni qoralagan faxriy o‘qituvchi Ma'rufjon ota Ergashevlar muammo bo‘yicha kuyinib gapirishdi.

«44-umumta'lim maktabida 11 nabiram o‘qiydi. Maktab binosi bilan bog‘liq vaziyat haqida shu yilning mart oyida eshitib, mahalla ahli bilan to‘plandik. «Bino sotilyapti», degan gap-so‘z tarqalgach, odamlar xavotir olib yig‘ilgan ekan.

Tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri va tuman hokimligidan yana bir mas'ul shaxs ham keldi. Ular: «Otaxonlar, onaxonlar bizni to‘g‘ri tushunasizlar. Bino keraksiz bo‘lib qolganidan keyin, tadbirkor barcha hujjatlarni rasmiylashtirib, o‘ziniki qilib oldi», deganidan so‘ng juda xafa bo‘lib, yuragim qaynab ketdi.

Mutasaddilarga: «Bu nima deganingiz? Men mana shu maktabni 1969 yili bitirganman. O‘sha paytlarda ham fizika, kimyo kabinetlari, laboratoriya, sport zallari bo‘lgan. Ishonsangiz, yoshlik paytimizdagi sharoitlar hozir mana 44-maktabda yo‘q. Nahotki, yildan yilga aholi soni ko‘payayotgani, qishloqda 32 ming nafar fuqaro yashayotganini bilib turib, tomi bitta, yaxlit binoni xususiylashtirishga qanday yo‘l qo‘ydingiz?

Sizlar aslida maktabni kengaytirish haqida o‘ylashingiz kerak edi. Kollejlar ochilganida maktablar 9 yillikka aylantirilgan edi. Mana, maktablar yana o‘n bir yillik bo‘ldi. O‘quvchi soni ko‘paydi. Shuni o‘ylamadinglarmi?» – dedim.

Mutasaddilar maktabni xususiylashtirayotib, na mahalla faollaridan, na nuroniylardan maslahat olishgan.

Men yashaydigan Qo‘rg‘oncha mahallasida 120ta xonadon bor. Har bir xonadondan kamida ikki bola maktabga qatnaydi. Maktabning sharoiti yaxshi emasligi uchun bolalarimiz boshqa hududga borib o‘qishadi. Qishga isitish tizimi yo‘q. O‘qish ikki smenada tashkil etilgan. Qishda ikkinchi smenada bolalar qorong‘iga qolib ketishadi. O‘zingiz bilasiz, qishda elektr bo‘lmaydi. Qorong‘i xonalarda deyarli dars bo‘lmaydi. O‘quvchilarga soat 15:00ga qolmay uyga javob berib yuborishadi.

DIMI sport kollejiga o‘tib ketishi bilan 44-maktab o‘qituvchilari tuman xalq ta'limi bo‘limidan: «Bolalarimizga sinf xonalari yetishmayapti, binoni o‘zimizga beringlar», deb talab qilgan. Lekin bino xususiylashib ketdi.

Biz ham bolalarimizni xuddi shahar maktablaridagidek sharoitda o‘qitishni xohlaymiz. Maktabda sharoit yo‘qligi uchun ota-onalar bolalarini katta pul evaziga repetitorda o‘qityapti. Maqsad – oliygohga kirgizish. Nega endi maktabda sharoitni yaxshilab, yaxshi bilim berib bo‘lmaydi? Talabimiz – maktab bir smena bo‘lsin, bolalarimiz to‘garaklarda shug‘ullansin, ilmli bo‘lsin.

Xonalar yetishmasa, bu yerda ta'lim sifati bo‘lmaydi-ku? Qoratepaliklarning hammasi ham ish bilan ta'minlanmagan, bolasini pullik maktabda o‘qitishi qiyin. Chunki mablag‘i yetmaydi. Nabiralarim iqtidorli, lekin ularni xususiy maktabda o‘qitishga menda ham mablag‘ yo‘q. Men davlat maktabida barcha sharoitlar bo‘lib, bolalar yaxshi bilim olishini xohlayman.

Tadbirkorlikka qarshiligim yo‘q. Faqat tadbirkor o‘zi yangi bino qursin. Maktabini ochsin. Faqat tayyor binoga ko‘zini tikmasin», – deydi Munisxon ona.

«Maktabning bu binosi – birinchi prezidentimiz Islom Karimovdan yodgorlik. Men 1991 yili maktab qurishga yordam berishini so‘rab, Toshkentga, o‘sha paytdagi prezident Islom Karimovning qabuliga borganman, 8 kunda navbat tegib, qabuliga kirganman. Shu odamning ko‘rsatmasi bilan eski maktab o‘rniga yangisi qurilgan.

Bitta yaxlit binodan iborat, 830 o‘rinli maktab 1992 yili bitgan. Hozirgi paytda bu yerda qishlog‘imizning 600dan ziyod bolalari o‘qiyapti. Maktabning yaxlit binosini bo‘lishganiga hayronman. 2013 yili litseyga berishganida rozi bo‘lganmiz, sababi u yerda o‘zimizning bolalarimiz o‘qigan. Endi bo‘lsa, xususiy maktabga berib yuborishibdi. O‘sha xususiy maktabni yangi alohida bino qilib qurishsa bo‘lmaydimi? Maktabda o‘zi bolalar uchun xonalar yetishmaydi», – deydi Ma'rufjon ota Ergashev.

Muassasa direktori o‘rinbosari Xurshidbek Islomov muassasada 618 nafar o‘quvchi ikki smenada ta'lim olishini, sinf xonalari va to‘garaklar  uchun xonalar yetishmasligi, kuz-qish oylarida bolalar ikkinchi smenadan uylariga qorong‘ida qaytishi haqida gapirdi.

O‘qituvchilarning bildirishicha, DIMI ko‘chib ketganidan so‘ng tuman xalq ta'limi mutasaddilari bino maktabga berilishi haqida aytishgan ekan, lekin unday bo‘lmabdi.

«Yaxlit binoning yarmini, barcha hujjatlarni rasmiylashtirib tadbirkorga berib yuborishgan»

Maktab kuzatuv kengashi raisi Ortiqali Soliyevning so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchilar ham bir paytlar bitta yaxlit holda qurilgan binoning xususiy maktab uchun berilganidan hayron.

«Biz muammoni hal etish uchun juda ko‘p ma'sul tashkilotlar – Andijon viloyat xalq ta'limi boshqarmasi, Andijon viloyat hokimligi, prezidentning virtual qabulxonasiga ham murojaat qildik. Ulardan olgan javoblarimizga ko‘ra, bino Xalq ta'limi vazirligi, Andijon viloyat hokimligi va «Asaka bilimdonlari» nodavlat ta'lim muassasasi tomonidan tuzilgan, umumiy o‘rta ta'lim sohasida davlat xususiy-sheriklikni rivojlantirish maqsadida bo‘sh turgan binodan beg‘araz foydalanish bitimiga asosan, «Asaka bilimdonlari» tashkilotiga berilgani aniqlandi.

Mutasaddi tashkilotlar binoni maktabga qaytarish haqidagi arizalarimizni noo‘rin deb topishdi. Shundan so‘ng xalq ta'limi vaziri Sh.Shermatovga murojaat qildik. Ayni paytda vazirdan javob kutyapmiz. Maqsadimiz – binoni maktabda olib qolish», – deydi kuzatuv kengashi raisi Ortiqali Soliyev.

Ma'lum bo‘lishicha, murojaatlardan so‘ng tuman xalq ta'limi bo‘limi tadbirkor J.Temirovga xususiy maktab qurish uchun qishloqning boshqa hududidan yer taklif qilgan. Biroq tadbirkor u yerni olishga rozi bo‘lmagan.

Maktabda uzoq yillar faoliyat yuritgan faxriy o‘qituvchi Hayitboy Ergashev, xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Shoiraxon Abdusalimovalar maktab bir vaqtlar DIMIga bergan o‘z korpusini qaytib ololmayotgani, ota-onalar maktabda fan kabinetlari, ma'naviyat xonasi, kutubxona uchun xonalar yetishmayotgan bir paytda tayyor binoni bo‘sh turgan bino sifatida tadbirkorga berib yuborilayotganidan norozi ekani haqida gapirdilar.

Qurama, Bolalik, Qo‘rg‘oncha mahallalari ahli tadbirkor rekonstruksiyani boshlaganida qarshilik ko‘rsatib, qurilishni to‘xtatibdi.

Tuman xalq ta'limi bo‘limida

Qoratepa qishlog‘idan chiqib, masalaga oydinlik kiritish maqsadida Asaka tuman xalq ta'limi bo‘limida bo‘ldik. Bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Ibrohimjon Mamarahimov holatga quyidagicha izoh berdi.

«11-davlat ixtisoslashgan maktab-internati faoliyatini to‘xtatgan kollej binosiga ko‘chib o‘tgach, uning binosi bo‘sh qoldi. Mazkur binodan o‘quv-ishlab chiqarish markazi sifatida foydalandik. So‘ng hukumatimiz tomonidan joylarda xususiy maktablar tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Biz 11-DIMIning bo‘shab qolgan binosida davlat-xususiy sherikchiligi asosida xususiy maktab tashkil qilish bo‘yicha taklif kiritdik.

Shunda tadbirkor J.Temirov tashabbus bilan chiqib, maktab tashkil etish uchun mablag‘i yetarli ekanini bildirdi. Biz bu masala bo‘yicha viloyat xalq ta'limi boshqarmasiga hujjatlarni taqdim qilganmiz.

Mahalliy aholi bu loyihaga qarshi chiqib, DIMI binosini 44-umumiy ta'lim maktabiga qo‘shib berilishini talab qilyapti. Xalq ta'limi vaziri, viloyat hokimi va tadbirkor o‘rtasida tuzilgan bitimda mahalliy aholi bolalari uchun alohida imtiyozlar berilgan. Bitimga ko‘ra, xususiy maktabda mahalliy aholining 20 foiz o‘quvchisi bepul o‘qitilishi qayd etilgan.

Tadbirkor va aholi o‘rtasida kelishmovchiliklar chiqqanidan so‘ng tadbirkorga boshqa joyni ham taklif qildik. Lekin, tadbirkor ko‘rsatgan joyimizda maktab tashkil qilishni xohlamadi», deydi mutasaddi.

Xulosa o‘rnida

Ikki smenada darslar tashkil etiladigan 44-umumta'lim maktabida o‘quvchilarning sifatli ta'lim olishi uchun bino va xonalar yetishmaydi. Ayniqsa, chet tili darslarini bo‘lib o‘tish, to‘garaklar tashkil etish uchun sharoitlar yo‘q. Maktab kutubxonasi kichik bir xonada joylashgan.

Shunga qaramay, maktabning ikkinchi qismi tadbirkorga berilayotgani o‘qituvchilar jamoasi va mahalliy aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Mas'ullar muammoli vaziyatga ijobiy yechim topishadi, deb umid qilib qolamiz.

Elmurod Ermatov,
Ahrorbek Yoqubjonov

Ko‘proq yangiliklar: