Toyloqlik yosh ona arosatda: tug‘ruqxonada dastlab unga o‘g‘il ko‘rgani aytilgandi

Jamiyat 19:31 / 02.07.2020 71516

Murojaatchilarga «xo‘p, shifokorlar adashishgandir», dedik. «Yo‘q, nega bu vaqt oralig‘ida bolani ko‘rsatishmadi? Ko‘nglimizda shubha bor» deya e'tiroz bildirishdi. Shundan so‘ng murojaatni o‘rganish uchun Toyloq tumanida bo‘ldik.

«26 iyun kuni kelinimni shifoxonaga olib keldik. Uning birinchi farzandi, qolaversa, jussasi ham biroz kichikligi uchun operatsiya yo‘li bilan dunyoga keltirishni taklif qilishdi. Rozi bo‘ldik. Ma'lum vaqt o‘tgandan so‘ng shifokorlar operatsiya yaxshi o‘tgani va o‘g‘il nabirali bo‘lganimni aytishdi. Xursand bo‘ldik, yaqinlarga xabar berdik. Kelinim va nabiramning ahvoli yaxshilangunga qadar shifoxona yaqinida bo‘lib turdim. Do‘xtirlardan bir necha marta ularning ahvolini so‘radim.

28 iyun kuni tushlikdan keyin shifokorlar uyimizga borishdi. «O‘sha kuni xato bo‘libdi, sizlarga noto‘g‘ri xabar beribmiz. Nabiralaringiz o‘g‘il emas, qizaloq ekan», deyishdi. Qiz ham, o‘g‘il ham — farzand, ammo ko‘nglimga shubha tushdi: yaqinlar, qarindoshlar oldida uyatli bo‘lib qoldik», deydi Toyloq tumani «Taraqqiyot» MFYda istiqomat qiluvchi Oysara Safarova.

Chaqaloqning onasi Farangiz Obloberdiyeva bilan suhbatlashganimizda, bola o‘zining farzandi ekanligiga ishonmayotganini ma'lum qildi.

«Tug‘ruqdan oldingi tekshiruvlarda ham menga farzandim o‘g‘il bola ekanligi aytilgandi. Jonlantirish bo‘limida edim, o‘sha vaqtda farzandimni qo‘limga olmagan bo‘lsam, bu gapga qanday ishonay?», dedi u.

O‘sha kuni operatsiya jarayonida bevosita ishtirok etgan tug‘ruqxona bo‘limi boshlig‘i bilan suhbatlashdik. U ayol mustaqil farzandini dunyoga keltira olmasligi ma'lum bo‘lgach, operatsiya qilishga to‘g‘ri kelganini aytdi.

«Operatsiya yaxshi o‘tdi. Ammo kimdir o‘g‘il farzand tug‘ildi, deb noto‘g‘ri ma'lumot beribdi. O‘sha vaqtda chaqaloqning jinsiga e'tibor bermaganman, hamshiralarga topshirganman», dedi Shuhrat Qarshiboyev.

Haqiqatga oydinlik kiritish aslida unchalik ham muammo emas. Biroq ayni vaqtda bir holat kishi ko‘nglini xira qiladi. Bunday vaziyatda hammaning ham ko‘ngliga shubha tushish ehtimoli bor. Bu inson omili bilan bog‘liq jarayon. Zamonaviy texnologiyalar yordamida qizaloq haqiqatan ham F.Obloberdiyevaning zurriyodi ekanligini aniqlashning imkoni bor. Masala shundaki, ular bugun o‘zini izza bo‘lgandek his qilishyapti. Vaziyatga e'tiborsizlik, loqaydlik, deb baho berishmoqda.

Shu o‘rinda o‘zimiz guvoh bo‘lgan boshqa bir holat ham bor. Hozir karantin qoidalariga amal qilish lozim. Shu sababli shifoxona darvozasi oldida bemorlarning yaqinlari to‘planib qolyapti. Dori-darmonni qabul qilib olish uchun ham mas'ullar tayinlanmagan. Odamlar yarim soatlab eshik oldida qolib ketayotganidan nolidi.

«Kelinimiz kecha kechqurun olib kirib ketilgan. Uning ahvoli qandayligini ko‘zimiz bilan ko‘rmadik. O‘zi telefon orqali operatsiya qilishmoqchi ekanligini aytdi. Bu haqda bizga biror shifokor chiqib tushuntirish bergani yo‘q. Na ichkariga kira olamiz, na kimdir chiqib bizga vaziyatni tushuntiradi», deydi «O‘krach» mahallasida istiqomat qiluvchi Nodira Xurramova.

Xulosa qilgimiz yo‘q. Keling, shifokorlar chaqaloqning o‘g‘il yoki qiz bola ekanligi borasida bir marta, tasodifan e'tiborsizlik qildi, deylik. Ammo ko‘rganlarimiz – aholining fikri, birlashma hududidagi kayfiyat tasodiflar yana takrorlanishi mumkinligiga ishora qilyapti.

Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi: Faxriddin HOTAMOV.

Ko‘proq yangiliklar: