Soliq qo‘mitasi o‘zini o‘zi band qilganlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni boshladi 

Jamiyat 10:09 / 01.07.2020 12451

2020 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda fuqarolarning o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha faoliyat turlarining 67tagacha kengaytirilishi asosida ro‘yxatga olish tartibi joriy etildi.

DSQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilganlar – bu xizmatlar ko‘rsatishda mustaqil ravishda shaxsiy mehnati bilan ishtirok etadigan, mehnat daromadini olish uchun ish olib boruvchi shaxslar. Bunda ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmaydi va yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmaydi.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida ro‘yxatdan o‘tishni xohlovchilar buni Soliq mobil ilovasidan foydalangan holda yoki jismoniy shaxslarning shaxsiy kabineti orqali masofadan turib, bepul amalga oshirishi mumkin. 

Ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilganlik to‘g‘risidagi ma'lumotlar Soliq to‘lovchilarning yagona reyestriga kiritiladi va foydalanuvchiga ro‘yxatga olinganini tasdiqlovchi matritsali shtrix kod (QR kod) yuboriladi. QR kodli ma'lumotnomani xohishga ko‘ra chop ettirish mumkin. 

Bildirilishicha, o‘zini o‘zi band qiladiganlar rasman ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, qonuniy ravishda ishlashlari, shuningdek, mijozlardan qabul qilingan barcha buyurtmalarni rasmiylashtirish va saqlashi mumkin. Ma'lumotlar bazasida har bir buyurtma uchun ishlarning soni va qiymati, shuningdek mijozning telefon raqami to‘g‘risidagi ma'lumotlar saqlanadi. Buyurtma asosida chek shakllantirish va uni mijozga yuborish imkoniyati mavjud. 

Qayd etilishicha, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida to‘laydi. Ushbu summa to‘liqligicha budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Soliqlarni to‘lash masofadan turib, mobil ilova yoki har qanday elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu jismoniy shaxslar uchun soliq to‘lash jarayoniga o‘xshaydi. Endi soliq majburiyatlarini soliq organlariga tashrif buyurmasdan bajarish mumkin.
 

Ko‘proq yangiliklar: