Video: Xorazmlik usta to‘rt yilda «Ferrari» yasadi

Jamiyat 19:41 / 30.06.2020 38558

Xorazm viloyatining turli tumanlaridan tushgan murojaatlarni o‘rganish davomida Qo‘shko‘pir tumanidagi avtousta qo‘lbola «superkar» yasaganidan xabar topdik. U kishini surishtira-surishtira Qo‘shko‘pir tumani paxta zavodining qarshisidagi ustaxona ishlashini aniqladik va qisqa suhbatini olishga qaror qildik.

Dilshod ustaning so‘zlariga ko‘ra, ustachilikni boshlaganiga 6 yilcha bo‘lgan. Bundan avval u Rossiya, Qozog‘iston davlatlarida mehnat muhojiri bo‘lib, tirikchilik qilib kelgan.

«Yoshligimdan avtomobillarga qiziqardim, orzum sportkar yasash edi. Shu holatgacha olib kelishga 4 yil vaqtim ketdi. Endi kuchimiz, imkonimiz yetgunicha saloniga ishlov beryapmiz», – deydi qo‘shko‘pirlik Dilshod usta.

Usta o‘ylab yurgan niyatini amalga oshirish uchun dastavval gipsokartondan maketini yasab olgan. So‘ngra asta-sekin moddiy imkon topilishiga qarab, uning «kuzovi» ishlangan.

Og‘irligi 1 tonnalar keladigan avtomobilga Tico avtomobilining motori qo‘yilgan bo‘lib, metan gazda harakatlanadi.

Dilshod ustaga ko‘ra, avtomobil ustida ishlab takomillashtirish, elektromobilga ham aylantirish mumkin, biroq bularning barchasi mablag‘ga borib taqaladi.

Xullas, biz Dilshod ustaning «Imron-2»sida harakatlanib, o‘ziga xos test-drayviga ham guvoh bo‘ldik. Ustaning ta'kidlashicha, «Imron-2» soatiga 80-90 km tezlikda harakatlana oladi. Shu bilan birga, uni takomillashtirish uchun ko‘p ish qilish kerak.

Avtomobil bilan videolavhada batafsil tanishishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: