Paxsachilik – unutilayotgan san'at

Jamiyat 12:11 / 30.06.2020 34436

Yozda salqin, qishda issiq saqlovchi paxsa devorlar shu darajada ommalashganki, poytaxtga, vodiyga samarqandlik, vohalik ustalar borib paxsa urib kelishgan. Ustachilikning bu yo‘nalishi haqiqiy pahlavonlar ishi ekanligi ham e'tiborga molik. Sababi, loy bilan uzluksiz ishlash, lo‘mbozni 3-4 metrga irg‘itib berish er kishidan katta quvvat talab qiladi.

G‘ishtni sanoat darajasida ishlab chiqarish hajmining oshishi paxsachilikka bir zarba bo‘lgan bo‘lsa, ihota devorlar uchun yengil konstruksiyalar ishlab chiqarish kengayishi yana bir kuchli zarba bo‘ldi.

Ammo paxsachilik butunlay yo‘qolib ketmagan. Vohada, dasht hududlarda oz bo‘lsa-da uchrab tursa, Qoraqalpog‘istonda, Xorazmda hanuz keng qo‘llaniladi.

Xorazm viloyatiga safarimiz chog‘ida Bog‘ot tumanining Qalajiqqal'a mahallasidagi xonadonlardan birida paxsa urayotgan ustalarga duch keldik va ularning ishboshisi Bahrom og‘a Tilloyev bilan suhbat qurdik:

– Hormanglar usta akalar. Paxsa urishda o‘lchov qanaqa bo‘ladi? Butun uy devorlarini tiklashni kelishasizlarmi yoki metrlab hisob-kitob qilasizlarmi?

– Salomat bo‘ling. Metrlab hisob-kitob qilish ham bor, ammo odatda butun uyning devorlarini tiklab berishni kelishamiz. Metrlab hisob-kitob qilishning noqulay tomoni har-xil qalinlik va balandlikdagi devorlar bo‘ladi. Qolaversa, poydevordan keyin bir qator paxsani 1 metr balandlikda ursangiz, yuqori qavatlarga borib 30-40 santimetrga tushib qoladi. Ko‘tara hisob-kitobda esa boshidan devor qanday bo‘lishi kelishib olinadi.

Masalan, mana shu uyning devorlari umumiy uzunligi 120 metr, balandligi 3,2 metr, eni esa 50 sm. Mana shu uyni ko‘tara savdo qilganmiz.

– Sir bo‘lmasa, qanchaga kelishgansizlar va qancha vaqtda bitirib berasizlar?

– Umumiy devorlari 120 metrlik bu uyni 12 mln so‘mga kelishganmiz va to‘rt kishi ishlab, taxminan bir oyda bitirib beramiz. Yeyish-ichishimiz uy egasi hisobidan. Aytishadi-ku, paxsachini oshdan boshqasi to‘q tutmaydi, deb. Shuning uchun har kuni palov pishirib berishadi, biz esa erta tongdan boshlab tinmay ishlayveramiz.

Oddiy hisob-kitob qilib ko‘rsak, balandligi 3 metrdan ortiq bir metr devorni tiklash uchun ustalar o‘rtacha 100 ming so‘m haq olishiga guvoh bo‘lamiz. Loy qorish, irg‘itish, devor urish va shakl berishning har biri katta jismoniy mehnat talab qilishi, buning uchun har bir usta tinimsiz ishlasa, har oy o‘rtacha 3 mln so‘m daromad qilishini hisobga olsak, ishchi kuchi juda arzon tuyuladi. Bir qarashda chindan ham shunday. Biroq qishloq sharoitida 3 mln so‘mlik maoshning o‘zi yo‘q, yeguliklari qurilish egasi hisobidan bo‘lib, uylariga har oy 3 mln so‘m olib kirish yaxshi daromad hisoblanadi.

Ustalarning ishini kuzata turib qo‘llarida noodatiy belkuraklar borligiga guvoh bo‘ldik. Pastdan turib loy otayotganlarida dumaloq quloqlisini, tepadan devorga shakl berayotganda esa har xil o‘lchamdagi yapasqi belkuraklardan foydalanisharkan.

Jarayonni biz bilan kuzatgan Hamid hoji og‘a Durdiyev yo‘qolib ketayotgan yana bir an'ana haqida so‘zlab berdi:

– Yaqin-yaqingacha ham paxsa devor ko‘tarish faqat hashar yo‘li bilan qilinar, shakl berish uchungina bir usta chaqirilardi. 2000 yillargacha ham davom etgan hashar an'anasi bugun butunlay yo‘qolib ketdi, yosh avlod bilmaydi umuman. Biz har yili kamida 20 ta katta hasharga qatnashardik, yoshlar loy qorar, yigitlar otib berishar, kattalar esa devor urishardi. Katta-katta imoratlar devori aylantirib urib kelguncha buyog‘i quriyverar, 2-3 kunda bitirib chiqib ketilardi. U paytlarning o‘ziga xos jihati aytilgan yoki xabar topilgan hasharga chiqmaslik ayb sanalardi.

Ish yakuniga ko‘ra uy egasi bir qo‘y so‘yardi, uyog‘iga gurung qizirdi. Afsus, mana shu odatlarimiz yo‘qolib ketdi. Xalqni hamjihatlikka undardi-da, hozir endi hamma o‘zi bilan o‘zi...

Chindan ham milliy o‘zlikning o‘ziga xos bu ko‘rinishlari kundan-kunga kamayib bormoqda. Balki kelgusi avlod paxsachilikni butunlay unutar, paxsa devorni esa juda qadimiy deb bilar, ammo asrlar oshgan an'ana hozircha qisman bo‘lsa-da saqlanib turibdi.

Abror Zohidov. 

Ko‘proq yangiliklar: