Orttirilgan har bir tajriba kun kelib albatta qo‘l keladi - Koreya kundaligi

Light 17:23 / 30.06.2020 6658

Avvalroq yoshlikda o‘rganilgan oshpazlik hunari qo‘l kelib ishli bo‘lganim, keyinroq esa restoran menyusiga spirtli ichimliklar kiritilishi rejalashtirilayotgani sabab ishni tark etganim haqida yozgan edim. Bir muddat davom etgan qiyinchiliklar davridan keyingi voqealar, Allohga shukr, juda ijobiy bo‘ldi.

Birinchi ishchi

Hozir men ishlayotgan halol oziq-ovqat do‘koniga meni taklif qilishmagan. Do‘kon boshlig‘i bilan suhbatlashganimda, biroz qiziqish bildirganini sezgandim. Tavakkal qilib, ryukzakni ko‘targan holda, uyushtirilmagan «job interview» uchun boshqa shaharga chiqib ketavergandim o‘shanda.

Oydinlashdiki, do‘kon ishini asoschilarning o‘zi bajarar ekan. Qo‘shimcha yordamchi olinmagan. Ayrim sabablarga ko‘ra, boshlanishiga oylik-maosh ham shart emas, turar joy va yeb-ichish masalalarini hal eta olsam, ma'lum muddat, ish o‘rganib olguncha ishlab turishga ham rozi edim. (Lekin haq to‘langan).

Xullas, kompaniyaga yollangan ilk xodim ishni sotuvchilik va go‘sht kesishdan boshladi.

Bu yerda asosan Avstraliyadan keltirilgan halol va muzlatilgan go‘shtlar sotiladi. Ularni sotuvga tayyorlash uchun maxsus uskunadan o‘tkazish kerak bo‘ladi. Xavfsiz deya olmayman.

Eski tajribalar, yangi yo‘nalish

O‘zimni yaxshi jurnalist deb hisoblamasam-da, Kun.uz'dagi faoliyatim davomida olgan ko‘nikmalarim ish jarayonida yordam berdi. Harqalay, qog‘oz qoralash, foto va videolar ustida ishlash qo‘ldan kelib qolgan ekan, ijtimoiy tarmoqlarda mahsulotlar reklamasini asosiy ishga qo‘shimcha ravishda olib bordik.

Bakalavriatda o‘qib yurgan kezlarimiz ijtimoiy hayotda juda faol bo‘lganmiz. Bir hafta davomida 25talab loyihani o‘z ichiga oluvchi «UWED Week» degan haftalik bo‘lardi. Bitiruvchi kursning bu ishlar bilan ovora bo‘lib yurgan talabasini ko‘rib, kitobga mehr qo‘ygan kursdoshlarimiz menga rosa aytishar edi: «Hozir qilib yurgan tanlov-tadbirlaring foydasiz-ku, kelajakda senga nima beradi? Shuning o‘rniga o‘qisang bo‘lmaydimi?» Ular o‘qish borasida to‘g‘ri fikr bildirishganini ko‘p his qilyapman. Ammo faollik foydasiz degan joyda nohaq bo‘lishganidan xursandman. Tajriba orttirish ham bir ilmdek gap ekan, nazarimda.

O‘sha yoshlikda amaliyotini sinab ko‘rgan loyihalardan hozir ham foydalanyapmiz. Avvalgilaridan farqi shundaki, loyihalar pullik. Xato qilsangiz, moliyaviy zarar ko‘rish, o‘xshab qolsa yaxshigina daromad olish mumkin.

Rebrending va yangi do‘konlar

Bu yerda ish boshlaganimga 1 yil to‘ldi. O‘tgan yil, avgust oylarida rebrending qilish ma'qul deb topildi va «Storeling» nomi ostida, bizga tanish bo‘lgan halol oziq-ovqat bozoriga qaytadan kirib keldik.

Allohning fazli bilan, avval do‘konning ikkinchi, keyin uchinchi filialini muvaffaqiyatli ochib oldik. Koreyada kamtarona bo‘lsa ham, o‘zimizga xos brend shakllandi. Ijobiy nom qozonishga harakat qilyapmiz. Hozirda uchta do‘kon faoliyati va Janubiy Koreya bo‘ylab onlayn savdo yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya maqsadi kattagina! Xodimlar safi ham kengayib qoldi.

O‘zimga to‘xtalsam. Garchi mutaxassis bo‘lmasam-da, marketing ishlari to‘liq menga topshirilgan. Chapanicha olib borayotgan ishimni ham ijobiy baholashyapti, ko‘z tegmasin!

Do‘konchamizga kelib tushgan turli hamkorlik va investitsiya takliflari qatori, menga ham boshqa kompaniyalardan ikki barobar katta maosh bilan jiddiy «offer»lar bo‘lgani qaysidir ma'noda odamni ruhlantirar ekan, alhamdulillah! Lekin bu yerdagi missiyamiz hali yakunlanmadi. Taqdir qilganicha yo‘limizda ketaveramiz.

Storeling'ning uchinchi do‘koni ochilishiga koreyalik mashhur vloger Daud Kimni taklif qildik. Vlogerning do‘kon ochilishidan tayyorlagan videosi bilan bu yerda tanishing.

Xulosa

Xulosam shunday: qilingan har bir yaxshi amal, orttirilgan tajriba, o‘rganilgan hunar yoki ilm kun kelib sizning foydangizga ishlar ekan. Avvalboshda foydasizdek ko‘ringani bilan, o‘zingiz kutmagan joyda sizga qo‘l kelar ekan.

Yangi qirralarni kashf qilishdan, g‘oyalarni amalda sinab ko‘rishdan hecham qo‘rqish kerak emas. Allohga tavakkal qilib, sababi puxta bajarilsa, albatta xayrli natija bo‘ladi, deb hisoblayman.

Ertaga hayotimizda nima sodir bo‘lishi noma'lum. Kunlari biri ikkinchisiga o‘xshamaydigan Janubiy Koreyada buni his qilish yana-da oson. Shunday ekan, hikoyamiz hali davom etadi.

Eldor Vohidov

Ko‘proq yangiliklar: