Vazirlar Mahkamasining “Issiqlik ta'minoti xizmatlariga tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Issiqlik ta'minoti xizmatlariga tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.
Belgilab qo‘yilishicha, issiqlik ta'minoti xizmatlariga tariflarni shakllantirish va belgilashda iste'molchilar uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar tannarxini to‘liq qoplash nazarda tutiladi, shuningdek issiqlik ta'minoti tashkilotlarini rivojlantirish, hamda modernizatsiya qilish xarajatlari hisobga olinadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2020 yil 1 sentyabrgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan birgalikda ko‘p kvartirali uy-joy fondini isitish (isitish davrining har bir kuniga 1 kv.m isitiladigan maydon hisobida) va issiq suv ta'minoti uchun issiqlik iste'moli me'yorlari, markazlashtirilgan issiqlik ta'minoti tizimiga ulangan ko‘p kvartirali uy-joy fondida o‘tkazilgan inventarizatsiya natijalari qayta ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
Issiqlik ta'minoti xizmatlariga tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyaci faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 964-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tuzildi, uning vazifalaridan biri uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tarmoqlarining tabiiy monopoliya sharoitlarida ishlab chiqariladigan (ko‘rsatiladigan) tovarlari (xizmatlari) uchun tartibga solinadigan tariflarni (ustamalarni) ko‘rib chiqish va tasdiqlash hisoblanadi.
Komissiyaning ishchi organi etib O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilangan, uning zimmasiga Komissiya faoliyatini tashkiliy-texnik ta'minlash yuklatilgan.
Tashkilotlar, ko‘rsatilayotgan Issiqlik ta'minoti xizmatlariga tariflarni tasdiqlash bo‘yicha loyihalarni, Nizom bilan belgilanadigan tartibda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish Vazirligi, viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda hududiy bo‘linmalar) bilan kelishilgandan so‘ng Komissiyaga taqdim etadi.
Toshkent shahrida tashkilotlar, Toshkent shahar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish Bosh boshqarmasi bilan birgalikda Toshkent shahar hokimiyati bilan kelishadi.
Tashkilotlar tomonidan Komissiyaga kiritilgan ko‘rsatilayotgan Issiqlik ta'minoti xizmatlariga tariflarni tasdiqlash bo‘yicha loyihalarni ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilish muddati murojaat va zarur hujjatlar Komissiyaga kiritilgan kundan boshlab o‘ttiz kalendar kunini tashkil etadi.
Issiqlik ta'minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibi Nizomga 1-ilovaga muvofiq amalga oshiriladi.
Issiqlik ta'minoti tashkilotlari issiqlik ta'minoti xizmatlarini ko‘rsatishda ishlab chiqarish va realizatsiya qilish uchun tariflarni asoslashda qabul qilinadigan xarajatlarni aniqlashda Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 5 fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga amal qiladi.
Tashkilot deklaratsiya qilingan (tasdiqlangan, belgilangan) tariflarni mustaqil pasaytirish huquqiga ega, bunda:
monopol past narxlarni belgilash maqsadida tariflarni pasaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
tariflar barcha iste'molchilar uchun bir vaqtning o‘zida pasaytiriladi va keyinchalik narxlarni tartibga solish organiga bu haqda xabar beriladi.
Issiqlik ta'minoti xizmatlariga tariflar tashkilot tomonidan talab qilingan darajadagi daromadga erishish vazifasiga muvofiq shakllantiriladi.
Tariflar iste'molchilarning har bir guruhi (aholi va ulgurji iste'molchilar) uchun alohida yuridik shaxs hisoblangan yoki ajralib chiqqan tashkilot sifatida faoliyat ko‘rsatadigan tashkilotlar uchun alohida belgilanadi.
O‘rtacha tariflar tashkilotning Nizom 3-bobida ko‘rsatilgan xarajatlar tarkibiy qismlarini o‘z ichiga oladigan daromadining talab qilinadigan darajasini issiqlik energiyasini realizatsiya qilish bo‘yicha kutiladigan hajmga bo‘lish orqali hisob-kitob qilinadi.
Iste'molchilarning har bir guruhi uchun turli tariflar, ulgurji iste'molchilar uchun tannarxidan kelib chiqqan holda, aholi uchun – aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilingan qarorlarga ko‘ra belgilanishi mumkin.
Bunda, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida, aholi uchun tariflarni davlat subsidlanishi uslublari qo‘llanilishi mumkin. Iste'molchilarning barcha guruhidan pul mablag‘lari tushumining kutilayotgan umumiy summasi, Nizomga muvofiq belgilanadigan, tashkilot daromadining talab qilinadigan darajasiga erishish uchun yetarli bo‘lishi lozim.
Har bir turdagi iste'molchilar uchun tariflar tegishli turdagi iste'molchiga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi hajmiga mos ravishda qo‘llaniladi.
Ulgurji iste'molchilar bilan hisob-kitoblar, issiqlik energiyasini hisobga olish asboblari ko‘rsatkichlari va yo‘l qo‘yilgan holatlarda shartnomaviy yuklamalardan kelib chiqqan holda, 1Gkal issiqlik energiyasi (QQSni hisobga olib) hisobida belgilangan tariflar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Aholiga issiqlik ta'minoti xizmatlari ko‘rsatish uchun, uy-joy mulkdorlari shirkatlari yoki professional boshqaruvchi kompaniyalar tomonidan sotib olinadigan issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar, ko‘p xonadonli uyga kirishda o‘rnatilgan hisobga olish asbobi mavjudligida, umumiy hisobga olish asbobi ko‘rsatkichlari bo‘yicha, 1 Gkal (QQSsiz) hisobda aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Bunda, issiqlik ta'minoti tashkilotlari, iste'molchilar yoki boshqaruvchi tashkilotlar o‘rtasida uch tomonlama shartnoma, ko‘p kvartirali uy bevosita mulkdorlar tomonidan boshqarilgan taqdirda ikki tomonlama shartnoma tuziladi.
Uch va ikki tomonlama shartnomalar bo‘yicha issiqlik energiyasi uchun haq to‘lash, aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Issiqlik energiyasini turar joy va noturar joylar o‘rtasida taqsimlash, tasdiqlangan ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta'minoti xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga muvofiq belgilangan tartibda boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Belgilangan tariflar bo‘yicha ko‘rsatilgan issiqlik ta'minoti xizmatlari uchun aholini hisob-kitob qilish:
a) 1 Gkal issiqlik energiyasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘isiz;
b) markaziy isitishga - isitiladigan maydonning bir kvadrat metriga (so‘m/kv. m/kun);
v) issiq suv ta'minotiga:
individual hisobga olish asboblari bo‘lmagan taqdirda - bir odamga bir oyda (so‘m/kishi/oy);
individual hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlari bo‘yicha, ular mavjud bo‘lganda, issiq suvning bir kub metri uchun (so‘m/kub. m).
Aholi uchun markaziy isitish va issiq suv ta'minoti uchun tariflar, quyidagilardan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi:
a) 1 Gkal issiqlik energiyasi uchun xarajatlar tannarxi;
b) 1 Gkal issiqlik energiyasiga (QQSsiz) aholi uchun belgilangan tarif;
v) issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va tashish uchun yonilg‘i, elektr energiyasi, issiqlik energiyasi va suv sarfi me'yorlarini va issiqlik yuklamalari, shuningdek texnologik yo‘qotish me'yorlarini aniqlashning belgilangan tartibiga binoan tashkilot tomondan hisoblangan issiqlik energiyasining solishtirma iste'moli.
Aholi uchun markaziy isitish va issiq suv ta'minotiga issiqlik energiyasi iste'moli me'yorlari miqdori (issiqlik energiyasining solishtirma iste'moli) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
Aholi uchun issiqlik ta'minoti xizmatlariga tariflarni belgilashning taxminiy hisob-kitobi Nizomning 2-ilovasida keltirilgan.