Namangan viloyatida meva-sabzavotchilik yerlarining 50 foizi klasterlarga o‘tkaziladi

Jamiyat 22:12 / 28.06.2020 5759

Bu haqda ma'lum qilgan Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, yil oxirigacha Namangan viloyatida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan yana 11ta klaster korxonasi ochiladi.

«Yil boshida prezidentimiz klaster sonini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq bergan edilar. Yilning oxirigacha Namanganda yana 11ta klaster tashkil qilib, klasterlarga biriktirilgan meva-sabzavotchilik yerlari ulushini 50 foizga yetkazishni o‘z oldimizga reja qilib belgilab oldik», –dedi Saidkamol Xo‘jayev Xalqaro press-klubning 28 iyun kungi sessiyasida.

Vazir o‘rinbosari hududlarni ixtisoslashtirish bo‘yicha «Bir mahalla – bir mahsulot» tashabbusi haqida ham gapirib o‘tdi.

«Bugungi kunda Namangan viloyatida 50 ming gektar meva-sabzavotchilik yeri bor. Shundan birinchi bosqichda 38,5 ming gektari ixtisoslashtirib chiqilmoqda.

Misol uchun, Yangiqo‘rg‘on tumani Iskavot hududida jami 3171 gektar yerda bir nechta mahsulotlar yetishtirilyapti. 2 yil ichida biz shu 3171 gektarni bog‘, sabzavot va kartoshkaga ixtisoslashtiryapmiz. Albatta, hududni ma'lum ekinga ixtisoslashtirishda iqlimiy, tabiiy sharoitlar inobatga olinadi», – dedi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari.

Ko‘proq yangiliklar: