TIQXMMI: institut ilmiy-o‘quv markazida O‘zbekiston-Isroil zamonaviy sug‘orish texnologiyalari demontratsion markazi tashkil etiladi

Jamiyat 15:22 / 27.06.2020 1736

25 iyun kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida, institut rektori professor O‘.Umurzakov va Isroil davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi janob Eddi Shapira o‘rtasida navbatdagi ishchi uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv chog‘ida tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Muhokamalar natijasida tomonlar har ikki mamlakat uchun manfaatli bo‘lgan loyiha – TIQXMMIda Isroilning yetakchi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan zamonaviy sug‘orish texnikasi va texnologiyalarini namoyish etuvchi demonstratsion maydon hamda birgalikda talabalar uchun o‘quv, mutaxassislar uchun esa malaka oshirish kurslarini o‘tkazish imkonini beruvchi o‘quv markazini barpo etish bo‘yicha kelishib oldilar.

Hamkorlikda TIQXMMIning ilmiy-o‘quv markazida 0,6 gektar maydonda barpo etiladigan “O‘zbekiston-Isroil zamonaviy sug‘orish texnika va texnologiyalari demonstratsion maydoni”da Isroilning dunyoda yetakchilardan hisoblangan Netafim kompaniyasining so‘nggi rusumdagi zamonaviy mahsulotlari o‘rnatiladi va real sharoitlarda ekspluatatsiya qilinadi.

Mazkur demontratsiya maydoni negizida o‘quv-malaka oshirish sinflari tashkil etilib, talabalarning o‘quv amaliyotlari bilan birga TIQXMMI va Isroilning Mashav tashkiloti hamda boshqa manfaatdor tomonilar bilan hamkorlikda mutaxassislari uchun malaka oshirish kurslarini o‘tkazishga mo‘ljallangan markaz tashkil etiladi. Uchrashuv qatnashchilari tomonidan bunday markaz respublikada tejamkor sug‘orish texnologiyalarini keng tarqalishi va barqaror ishlashini ta'minlashda muhim vazifani bajarishi alohida e'tirof etildi.

TIQXMMI Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: