Vazirlar Mahkamasining “Qo‘qon qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar texnikumi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Xo‘jayev), Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi (Majidov), Farg‘ona viloyati hokimligi (G‘aniyev)ning Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Qo‘qon shahridagi Usta-bozor ko‘chasi, 92-uy manzilida joylashgan Qo‘qon maxsus yengil sanoat kasb-hunar kolleji negizida Qo‘qon qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar texnikumini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.
Texnikum qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash texnologiyasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini standartlashtirish va sertifikatlash, organik mahsulotlar yetishtirish agrotexnologiyasi, agromarketing va logistika, tovarshunoslik, o‘simliklar himoyasi va karantini kabi ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashtiriladi.
Texnikumda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab yangidan tashkil etiladigan ta'lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasdiqlanadi.
Qo‘qon qishloq xo‘jalik va texnologiyalar texnikumi faoliyatini samarali tashkil etish uchun:
Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Xo‘jayev), Moliya vazirligi (Ishmetov) bilan birgalikda Jahon bankining “Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida ajratiladigan imtiyozli kreditlar hisobidan 1,85 mln. dollarni texnikum binolarini rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun yo‘naltiradi;
Moliya vazirligi (Ishmetov) davlat budjetidan 630 mln. so‘m, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish agentligi bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish jamg‘armasidan hamda Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasidan 1,4 mlrd. so‘m, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi 1 mlrd. so‘m ajratadi.
Quyidagilar Texnikumning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
qishloq xo‘jaligi sohasi va tarmoqlari uchun ta'limning xalqaro standart tasniflagichi 5-darajasi bilan uyg‘unlashgan milliy professional standartlarga mos o‘rta maxsus ma'lumotli kadrlar tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yish;
qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyasida soha va uning tarmoqlarida yaqin istiqbolda va kelajakda amalga oshiriladigan vazifalar, joriy qilinadigan zamonaviy texnologiyalarni hisobga olgan holda nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni puxta egallagan malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash;
qishloq xo‘jaligi va uning tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashning uzluksizligi va uzviyligi asosida o‘rta maxsus professional ta'lim darajasida kunduzgi, kechki va sirtqi ta'lim shakllarida oliy ta'limning bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bilan integratsiyalashgan uch yillik (Associate degree) dasturlar asosida kadrlar tayyorlash;
o‘quv-laboratoriya bazasini modernizatsiyalash, fan dasturlarida zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, yuqori unumli va resurstejamkor ilg‘or texnologiyalar, xususan qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, agrobiznes, marketing, logistika, agrobiologiya, qishloq xo‘jaligi va organik mahsulotlarni yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va qadoqlash bo‘yicha zaruriy bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish;
xorijiy va milliy ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalarida, ilg‘or tajriba va texnologiyalarga ega ishlab chiqarish korxonalarida pedagog kadrlarning malakasini oshirish va stajirovkalarini tashkil etish;
o‘quvchilarning kasbiy layoqat, ko‘nikma va malakalarini rivojlantirish hamda ilg‘or texnologiyalar asosida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub'yektlarida ularning amaliyotlarini tashkil qilish, ta'lim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyalashuvini ta'minlash;
o‘quvchilarni vatanparvarlik va fidoyilikni shakllantiruvchi milliy o‘zlikni anglash, xalqning milliy, madaniy, tarixiy an'analariga hurmat, vatan bilan g‘ururlanish ruhida tarbiyalash.
Belgilanishicha:
Texnikumga o‘quvchilarni qabul qilish parametrlari 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab kadrlar buyurtmachilari bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, xo‘jalik birlashmalari, yirik ish beruvchilarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan shakllantirilib, tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga taqdim etiladi;
Texnikumga o‘quvchilarni qabul qilish jarayoni oliy ta'lim muassasalariga test sinovlari natijalari e'lon qilingandan so‘ng ta'lim muassasasining quvvatidan kelib chiqqan holda tashkil etiladi. Bunda, oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari topshirib, kirish uchun yetarli ball to‘play olmagan abituriyentlarning ballari davlat test markazi ma'lumotlar bazasidan olingan holda taqqoslanib, Texnikumning tegishli ta'lim yo‘nalishlariga mos ravishda ballar ketma-ketligida o‘qishga qabul qilish amalga oshiriladi;
Texnikum Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filialining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida hisob varaqlariga ega bo‘ladi;
Texnikumni joriy saqlash, faoliyat yuritish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va kadrlar tayyorlash xarajatlari Qishloq xo‘jaligi vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari, davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, kadrlar buyurtmachilari bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, xo‘jalik birlashmalari, yirik ish beruvchilarning budjetdan tashqari mablag‘lari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
Texnikum agrosanoat majmuiga kiruvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, klasterlar, kooperatsiyalar, yirik korxonalarning buyurtmalari asosida kadrlarning malakalarini oshiradi va qayta tayyorlaydi;
Texnikum direktori Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali direktori tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.