Romitan tumanida joylashgan «BUXORO QORAKO‘LI G‘AYRAT» MChJ rahbari Qurbon Safarov bizni bugun faoliyati to‘xtab, tashlandiq holatga kelib qolgan korxonasi bilan tanishtirish uchun olib bordi. Tumanning «O‘tabek» mahallasida joylashgan ushbu sex abgor holatda. Hovli yantoqzor, uskunalar ishlamay eskirib boryapti, binolar nurayapti. Bu yerda tadbirkorning shashti va rejalarigina eskirmagan, xolos.
«2005 yilda tuman hokimiga murojaat qilib, «O‘tabek» mahallasidan yer oldim. O‘sha yerda hamkor investorlar bilan birgalikda Qorako‘l teri xomashyosini qayta ishlab, qishloq aholisidan yuzga yaqin yoshlar bandligini ta'minladim. Qurilish-montaj ishlariga 1 mln 35 ming AQSh dollar sarfladik.
«Romitangaz» korxonasi bilan jamiyatimiz o‘rtasida 2014 yil 1 mayda 54-sonli shartnoma imzolangan bo‘lsa-da, 2015 yil aprelidan tabiiy gaz yetkazib berishni butunlay uzib qo‘yishdi. Natijada, sexlarimizda ish to‘xtadi. Ishlanayotgan xomashyo buzilib, qorayib qoldi. Shu sababli investorlar bilan 3 mln AQSh dollarga yaqin ikki va uch tomonlama imzolangan tolling va oldi-sotdi shartnomalar majburiyatini bajarolmay qoldik. Ishchilarim ishsiz qoldi, men esa katta zarar ko‘rdim», deydi Qurbon Safarov.
Shundan so‘ng «BUXORO QORAKO‘LI G‘AYRAT» MChJ rahbari korxonani yana oyoqqa qo‘yish uchun harakat boshlaydi.
Shu maqsadda bir necha marta tuman gaz idorasiga murojaat qiladi, naf bo‘lmaydi. 2018 yil 8 oktyabrda Romitan tuman prokuraturasi ham tadbirkorning ishini rad qiladi. O‘sha yilning 26 oktyabrida Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo arizasi kiritiladi. 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan sud qarori ham Qurbon Safarovning zarariga xizmat qiladi, u yutqazadi. Tadbirkor to‘xtamaydi.
Sud qaroridan norozi bo‘lib, Bosh prokuraturaga, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasiga bir necha martalab iltimosnoma, talabnoma mazmunida xat jo‘natadi. Ammo masala tuman prokuraturasiga kelganda, yana to‘xtab qoladi. Romitan prokuraturasi so‘nggi marta 2020 yilning 7 fevralida yana bir marta tadbirkorning ishini rad qiladi.
Biroq tadbirkor to‘xtamaydi, hozir ham to‘xtagan emas. «O‘tabek» mahallasida faoliyatini davom ettirish ahdida turaveradi. O‘ziga tabiiy gaz yetkazib berilishini talab qilaveradi.
«Joriy yilning 5 martida Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev bilan videokonferensiya orqali muloqot qildim. U kishi menga rasman javob berilishini ma'lum qildi. Ammo mana, yana uch oy o‘tdi, menga javob berilmadi», deydi Q.Safarov.
Qurbon Safarovga sud qarori ham uning foydasiga hal bo‘lmaganini eslatdik. Yo‘q, «hammasi bir yoqlama ko‘rildi», deb turib olgan.
Faoliyati to‘xtab qolgan sex holatiga qarab, «Siz shu yerda ishlab chiqarishni davom ettira olasizmi? Sanoat muhiti bo‘lmagan chekka joyda qanday ishni yo‘lga qo‘ymoqchisiz», deb so‘radik. «Men shu sohaga umrimni sarfladim. Ilmim, tajribam yetarli. Yoshimga qaramang, yuragim yonib turibdi, ishlasam deyman. Agar hozir menga tabiiy gaz yetkazib berilsa, bir yilda 10 million AQSh dollargacha eksport qila olaman», deydi Q.Safarov.
Shu o‘rinda bir holatni aytib o‘tmasak, insofdan bo‘lmaydi. Ayni vaqtda tadbirkor talab qilayotgan o‘sha tabiiy gaz hududda yashayotgan aholiga ham yetkazib berilmayapti. Sodda qilib aytganda, «O‘tabek» aholisi suyultirilgan gaz iste'molchisiga aylanganiga ham bir necha yil bo‘ldi.
Savol tug‘iladi: aholiga yetib bormayotgan tabiiy gaz qanday qilib tadbirkorga yetkazib berilsin? Qurbon aka «Korxonam bilan «Romitangaz» o‘rtasida shartnoma bor. Shu hujjatdagi talablar buzilyapti, sexim yana ishlab ketsa, mahallaning yoshlarini ishga olaman-ku, baribir shu yerdagilarga foydam tegadi», deya vaziyatni izohlayapti. Xullas, har kimning o‘z haqiqati bor.
Tan olaylik, bugun hokimlar siyosatiga, faoliyatiga ularning zamonaviy dunyoqarashi, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashi, eksportga qo‘shayotgan hissasi bilan baho berilyapti. Xo‘sh, nega unda Romitan tumani hokimi bu tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamayapti? Axir eksport qilaman, mehnatdan qochmayman, deb turgan tadbirkor bo‘lsa?
Romitan tumani hokimi X.Tohirovga shu kabi savollarimizni berdik.
«BUXORO QORAKO‘LI G‘AYRAT» MChJ rahbari Qurbon Safarov bilan bir necha marta gaplashganman. U kishi bilan bog‘liq bo‘lib turgan muammodan to‘la xabarim bor. Ammo bir haqiqatni tan olaylik: Qurbon akaning korxonasi joylashgan hudud aholisiga ham tabiiy gaz yetib bormayapti.
Bosh vazir o‘rinbosari tomonidan 2013 yil 18 martda tasdiqlangan «Respublika gaz ta'minoti tizimini 2013–2015 yillar davomida istiqbolli rivojlantirish va mavjud tizimni yanada takomillashtirish Dasturi»ga asosan 2014 yildayoq «O‘tabek» aholisi ham ogohlantirilgan va suyultirilgan gazga o‘tgan. Qolaversa, sudda ham Qurbon akaning da'vosi rad etilgan.
Ammo bu bilan tadbirkorning muammosi mutlaqo yechimsiz, deyishga haqqim yo‘q. Men u kishiga o‘zim bir nechta takliflarimni berganman va hozir ham shu takliflarim o‘z kuchida turibdi.
Birinchidan, «BUXORO QORAKO‘LI G‘AYRAT» MChJni Romitan-2 sanoat nuqtasiga ko‘chirishni taklif qildim. Korxona ushbu hududga ko‘chirilsa, tadbirkor kerakli miqdordagi quvurlarni olib beradi, tuman gaz filiali boshchiligida montaj ishlari homiylik asosida qilib beriladi.
Ikkinchidan, ayni vaqtda sexga ulanadigan sanoat nuqtasi 11,5 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, shu yaqin hududda faoliyat yuritayotgan «Zamon» MChJ g‘isht ishlab chiqarish korxonasi tomonidan 7 km masofaga gaz trubalari tortib kelingan. Qolgan 4,5 km masofani sherikchilik asosida tortib kelishi bo‘yicha taklif berdik.
Uchinchidan, agar sex sanoat hududiga ko‘chirilmagan taqdirda, o‘sha joyning o‘zida muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, mazut) asosida ishlaydigan kotyollar ishlatilishi ham mumkin. Bu bo‘yicha ham o‘zim yordam beraman.
To‘rtinchidan, tadbirkorga o‘z faoliyatini davom ettirishi uchun tumandagi sanoat korxonalari yaqinidan gaz bosimi yaxshi bo‘lgan hududdan yer maydoni ajratishni taklif qilganman.
Qurbon aka istagan taklifimizni qabul qilsin. Ishlayman, tadbirkorlik qilaman, degan odam o‘zimizga ham kerak. Men u kishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorman», deydi Romitan tumani hokimi X.Tohirov.
Ochig‘i, ikki tomon ham o‘zini haq, deb turgan vaziyatda kimgadir yon bosishdan yomoni yo‘q. Aynan bu yerda kimning haq ekanligi haqidagi xulosani o‘quvchiga qoldirganimiz ma'qul.
Ammo tan olish kerak, vaqt avvalo Qurbon akaning zarariga ishlayapti. U o‘tgan besh yil davomida o‘zining ta'biri bilan aytganda, nafaqat daromaddan quruq qolyapti, balki ishga bo‘lgan ishtiyoqi ham so‘nib boryapti. Agar sanoat hududida tasavvurimizdagidek, ya'ni, suv, gaz, elektr ta'minoti, transport xizmati kabi masalalar ko‘zda tutilgan bo‘lsa, tadbirkorning o‘sha hududga ko‘chishi faoliyati uchun har tomonlama qulaylik yaratgan bo‘lardi.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.