Bugun, 26 iyun kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Feruza Madrahimova kelgusi yil O‘zbekiston o‘quvchilari qatnashishi rejalashtirilayotgan xalqaro sinovlar muddati pandemiya tufayli kechiktirilganini ma'lum qildi.
«O‘zbekiston o‘quvchilari birinchi marta xalqaro PISA va boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligini baholash bo‘yicha xalqaro PIRLS dasturlarining imtihonlarida qatnashishi rejalashtirilayotgan edi. Xalqaro tadqiqotlar doirasida PISA uchun tajriba-sinov jarayonlari 2020 yilning aprel-may oylarida, asosiy tadqiqotlar esa 2021 yil aprel-may oylarida o‘tkazilishi belgilangandi. Lekin bu muddatlar pandemiya tufayli kechiktirildi», deya qayd etdi u.
Inspeksiya vakili bergan ma'lumotga ko‘ra, hozirga qadar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD), Ta'lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) va boshqa mas'ul xalqaro tashilkotlar bilan tadqiqotda qatnashuvchi mamlakatlar o‘rtasida tadqiqotlarning tashkil etilish muddatlarini belgilash bo‘yicha muhokamalar olib borilgan.
Muhokamalar natijasida PISA dasturi doirasidagi tadqiqotlar bir yil muddatga kechiktirilishiga kelishilgan. Bunda 2020 yilda mo‘ljallangan tajriba-sinovlar 2021 yilning aprel-may oylarida, 2021 yilga mo‘ljallangan asosiy tadqiqot esa 2022 yilning aprel-may oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
«PIRLS dasturi doirasidagi asosiy tadqiqot esa kechiktirilmadi va o‘z muddatida, ya'ni 2021 yil aprel oyida o‘tkazilishi bo‘yicha rejalar o‘z kuchida qoldirildi. Bunda, 2020 yil aprel oyiga rejalashtirilgan tajriba-sinov jarayonlari, karantin sharoiti barqarorlashgan taqdirda, 2020 yilning oktabr oyida ko‘chirilishi rejalashtirildi», dedi Feruza Madrahimova.
Ta'lim inspeksiyasi vakili Xalq ta'limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida PISA Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturi reytingida O‘zbekistonning 2021 yilda birinchi 70talikka, 2025 yilda 60talikka va 2030 yilga kelib esa, birinchi 30ta ilg‘or mamlakatlar qatoriga kirishi ko‘zda tutilgani va bu ko‘rsatkichlarni qayd etish uchun tayyorgarlik ishlari susaytirilmasligi lozimligini ta'kidladi.