«O‘zavtosanoat» Kun.uz’da e'lon qilingan maqolaga munosabat bildirdi. Biroq bu yangi savollar tug‘ilishiga sabab bo‘ldi

Fan-texnika 18:54 / 22.06.2020 53042

19 iyun kuni Kun.uz saytida «Malibu, Tracker va Orlando yarim tayyor mahsulot sifatida olib kirilayotgani sababli millionlab soliqlar davlat g‘aznasiga tushmayapti» – ekspert» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Unda Janubiy Koreyaning INHA universiteti Xalqaro savdo bo‘yicha doktoranti Valijon To‘raqulov hamda Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga avtomobillarni import qilish bilan shug‘ullanuvchi «YES CAR-MOTORS» kompaniyasi rahbari Oybek Qambarov bilan milliy avtomobil sanoatidagi muammolar va ularning yechimi haqida uyushtirilgan suhbat yoritilgandi.

«O‘zavtosanoat» AJ ushbu suhbat bo‘yicha munosabatini bildirdi.

«19 iyunda Kun.uz nashri Malibu, Tracker va Orlando avtomobillarini olib kirish oqibatida davlat g‘aznasi «O‘zavtosanoat» korxonalaridan millionlab soliq tushumlarini go‘yoki ololmay qolayotgani haqidagi xavotirlarini o‘z o‘quvchilari bilan o‘rtoqlashdi. Qizig‘i, negadir ushbu masala yuzasidan fikr bildirishga ishlab chiqarish mutaxassislari yo korporativ soliqqa tortish sohasi ekspertlari emas, balki xalqaro savdo bo‘yicha nazariyotchi olim va O‘zbekistonga Koreya mashinalari importi bo‘yicha amaliyotchi taklif etilgan.

Chevrolet Orlando modeli necha yildan beri ishlab chiqarilmayotgani va respublikaga «O‘zavtosanoat» buyurtmasiga ko‘ra keltirilmayotganiga to‘xtalib o‘tirmaymiz (holbuki, shuning o‘zi sarlavha mualliflarining salohiyatini shubhaga qo‘yadi), balki mart oyida ro‘y bergan mahalliy avtomobillarga narxlar o‘zgarishini iyunning oxirida yangi mavzu o‘laroq taqdim etish biroz g‘alati ko‘rinishini qayd etamiz, xolos.

Ammo, boshqa tomondan, jalb qilingan ekspertlar faoliyatlarining o‘ziga xos jihatlari va shaxsiy manfaatlari inobatga olinsa, maqola ayni vaqtida chiqqan: gap shundaki, bir hafta oldin «O‘zavtosanoat» 1 avgustdan utilizatsiya yig‘imi joriy etilishi munosabati bilan o‘z mahsuloti narxini oshirmasligini rasman va ommaviy e'lon qildi. Kompaniya, o‘zi boshqalar qatori ushbu yig‘im to‘lovchisi bo‘lsa-da, narxlarni avvalgi darajada qoldirish uchun ichki imkoniyatlarni izlab topishi aytilgandi. Tabiiyki, bu hol tariflarining o‘sishini e'lon qilib qo‘ygan bozor ishtirokchilari uchun noxush yangilik bo‘ldi. Raqobat muhiti mantig‘iga ko‘ra, «qora PR» uslubida javob bo‘lishi lozim edi. Tanqid qilish uchun yangiroq sabab topilmagani bois, karantindan oldingi narx shakllanishini esga oldilar.

Ikkita manfaatdor shaxsning monopoliya nima va u nega zulm ekanligi haqidagi havoyi munozaralari ustida uzoq bahslashish mumkin. Muhokama davomida Kun.uz ekspertlari gapga berilib ketdilar chog‘i, Janubiy Koreyadan misol keltirib, bu mamlakatda xorijiy avtomobillarni olib kirish importchilarga, qaysi mamlakatdan eksport qilinayotganiga qarab, 0 foizdan 2 foizgacha tushadi, deb aytdilar. Bu esa, ushbu bozorda shaxsan faoliyat yuritsa-da, Koreyada 10 foizlik QQSdan tashqari, import avtolar uchun aksiz to‘lovi, dvigatel turiga qarab, 10 foizdan 20 foizgacha ekanligini, bunga qo‘shimcha yana ro‘yxatdan o‘tkazishdagi 7 foizlik soliq borligini bilmaydigan mutaxassislarning kasbiy salohiyati qandayligini ko‘rsatib beradi. O‘zingiz ham qo‘shilsangiz kerak: 0 foiz va 37 foiz o‘rtasida farq katta va, binobarin, hurmatli onlayn-nashr o‘quvchilarini o‘ta omiga chiqarish shartmikan, degan haqli savol tug‘iladi.

Keyin, ekspert nomiga da'vogar insonlar «O‘zavtosanoat» soliq to‘lovlarining shaffofligi va salmog‘ini shubha ostiga qo‘yadilar. Holbuki, avtosanoat korxonalarining budjetga va budjetdan tashqari fondlarga ajratmalarining aniq summasi hech kim uchun sir emas. Misol uchun, joriy yil I-choragini olaylik: ajratmalar 1 trillion 537 milliard so‘mdan ziyodni tashkil qilgan, bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 270 foizga ko‘pdir. Solishtirish uchun: butun 2018 yil davomida 1 trillion 672 milliard so‘m to‘langan.

«O‘zavtosanoat» uchun oldingi soliq imtiyozlarining barchasi 2019 yil oktyabrda bekor qilingani sababli, joriy yilda rejadagi soliq ko‘rsatkichi qariyb 4 trillion 195 milliard so‘mni tashkil qiladi, bu soliqlar bo‘yicha «imtiyozli» sanalgan 2018 yilga nisbatan 250 foizlik o‘sish sur'atiga erishish imkonini beradi. Bu raqamlar avtomatik ravishda «O‘zavtosanoat»ni mamlakatdagi eng yirik soliq to‘lovchilar qatoriga qo‘shadi va buning fonida butun tarmoqni go‘yoki Orlando olib kirish uchun soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda ayblash – bu nafaqat jurnalistik va biznes axloq normalarini, balki amaldagi qonunchilikni ham buzish demakdir.

Gapning indallosi shundaki, his-tuyg‘ular-u, osmondan olingan raqamlarga tayanib «monopoliya» so‘zini har ko‘yga solib tuslash ham, yoki aniq va osongina tekshirish imkoni bor bo‘lgan raqamlarga asoslanish ham mumkin. Afsuski, bu gal (qasddanmi yo tasodifanmi) tanlov faktlarni tekshirish foydasiga bo‘lmadi. Yo‘qsa, mart voqealari biryoqlama yoritilishini-yu, aprelda «UzAuto Motors» tomonidan bahorgi yomg‘irdek yoqqan foydali narx takliflari haqida lom-mim deyilmasligini qanday izohlash mumkin? «O‘zavtosanoat» zavodlari, o‘tgan yilga nisbatan, birgina QQS to‘lovlarining o‘zini 95 barobarga oshirganliklarini mutlaqo tilga olmay, amalda bo‘lmagan Orlando importi uchun soliqlar optimizatsiyasida ayblashni qanday tushunsa bo‘ladi?

Haqiqatan chuqur tahlil bo‘lganda edi, MDH mamlakatlarida chiqarilgan avtomobillar – o‘sha AvtoVAZning Lada yoki Rossiyada chiqarilgan Hyundai har xil «ekspert»lar ishonuvchan o‘quvchilarni qo‘rqitayotgan bojxona bojiga hech qachon tortilmagan va tortilmayotganligi bir og‘iz tilga olinardi. Shunday ekan, balki, «UzAuto Motors» mahsulotining mashhurligi – bu iste'molchilarda tanlovning yo‘qligiga emas, balki aynan ongli tanlov mavjudligiga dalolat qilar?

Nima bo‘lmasin, «O‘zavtosanoat» na importchilar tomonidan va na shoshma-shosharlik bilan o‘ylab topilgan faktlarni ro‘kach qiladigan «ekspert»lar tomonidan bosim ta'siriga tushadi. Bizning pozitsiyamiz o‘zgarmas: utilizatsiya yig‘imi joriy etilishi tufayli narxlarni oshirmaymiz. Ularni to‘lash mijozlar zimmasiga yuklatilmaydi. Ichki resurslar bilan kifoyalanamiz: biznes-jarayonlarni takomillashtirish va korporativ menejment samaradorligini oshirish, shuningdek xarajatlarni boshqarish «O‘zavtosanoat» ustuvorliklari bo‘lib qoladi.

 

Tahririyat: Kun.uz’da e'lon qilingan intervyuda asosan «UzAuto Motors» AJ tomonidan erkin bozor qoidalari buzilishi hamda qonunchilikdagi ayrim kamchiliklar muhokama qilingan edi.

Xususan, premium toifadagi avtomobillarni import qilishda o‘ziga xos aylanma yo‘llarni qo‘llash orqali tayyor avtomobillarni notayyor avtomobil o‘laroq rasmiylashtirish kabi holatlar shubha ostiga olingan.

Orlando, Malibu va Tracker’lar shunchaki premium toifa avtomobillarga misol o‘laroq keltirilgan, xolos. Orlando’ning hozirda respublikamizda sotilishi yoki iste'moldan chiqarilgani asosiy muhokama mavzusi emas. «O‘zavtosanoat» AJ tomonidan berilgan raddiyada maqolada o‘rtaga tashlangan asosiy savollar bo‘yicha hech qanday izoh berilmagan.

Suhbatdagi muhokama mavzusiga aylangan asosiy masalalar quyidagilardan iborat edi:

1. Bojxona rasmiylashtiruvida «UzAuto Motors» AJ tomonidan import qilinayotgan mashinalar tayyor «avtoulov» sifatida rasmiylashtiriladimi yoki to‘liq yig‘ilmagan «avtoqism» sifatida rasmiylashtiriladimi?

2. Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, premium toifadagi avtomobillar SUP (single unit package) holatda, ya'ni tayyor, yig‘ilgan holatda kiradi. Xo‘sh, unda kompaniya olib kirilgan avtolar uchun bojxona rasmiylashtiruvida qancha QQS to‘laydi? Qancha boj to‘laydi? Agar bu to‘lovlardan ozod etilgan bo‘lsa, bu imtiyoz aynan qaysi hujjatga asosan berilgan?

3. «UzAuto Motors» AJ xorijdan olib kirayotgan avtoulovlarga 1 avgustdan boshlab utilizatsiya yig‘imi to‘laydimi? «UzAuto Motors» AJ direktor maslahatchisi Ilyos Jabborov ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida yangi utilizatsiya yig‘imi kompaniya ishlab chiqargan avtomobillar narxiga ta'sir qilmasligini aytdi.

Shu o‘rinda savol tug‘ilmoqda, qanday qilib ta'sir qilmasligi mumkin? Masalan, hukumatning 347-sonli qaroriga muvofiq belgilangan ilovadagi jadvalga ko‘ra transport vositalari dvigatelning hajmiga qarab bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan 300 baravarigacha utilizatsiya yig‘imlari qo‘shilmoqda. Bu summalarning barchasini korxona qanday qilib o‘z zimmasiga olishi mumkin? Bu borada ham kompaniyaga qandaydir imtiyoz yoki preferensiya beriladimi?

4. «UzAuto Motors» AJ qachon moliyaviy hisobotlarni ochiq va oshkoralik siyosati orqali yuritishni boshlaydi? Chetdan kirib kelayotgan avtomobillarda korxona marjasi necha foizni tashkil qiladi? Masalan, Malibu 2’ning import vatani Janubiy Koreyadagi narxi 19 909 dollardan boshlanadi. Bizda esa dollarda 32 000 dollardan baland sotilmoqda. O‘rtadagi farq sal kam 11 000 dollarni tashkil qilmoqda. Korxonaning import avtomobillariga narx belgilashning qandaydir formulasi bormi? Yoki tavakkaliga ustiga (30 foiz) 10 000 dollar qo‘yib sotilaveradimi?

Shu va shunga o‘xshash savollar juda ko‘p. «O‘zavtosanoat» AJ va «UzAuto Motors» AJ mutasaddilaridan yuqoridagi savollarga javob kutib qolamiz.

Ko‘proq yangiliklar: