«Bolasi kelajagini o‘ylagan ota-ona o‘qituvchi bilan hamkorlik qiladi» - tajribali pedagog Xolbozor Tilovov bilan suhbat

Jamiyat 11:21 / 20.06.2020 18438

O‘qituvchi kim: tarbiyachimi yoki muallim?

– Ilmni tarbiyadan ajratmaslik kerak: tarbiya ham ilm, ilm berish ham ilm. Qachonki o‘qituvchi dars berar ekan, u kimyo, fizika, chizmachilik, boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi bo‘ladimi – hamma vaqt, ilm beruvchi odam tarbiyani ham bera olishi kerak.

Bola avvalo oilada tarbiyalanadi, unga ota-onasidan qanchadir qobiliyat o‘tadi. Bu qobiliyat barchada bir xil bo‘lmaydi: qaysidir oilada bolaga e'tibor kam bo‘ladi. Ana shu kamchilikni boshlang‘ichdan tortib, bitiruvchi sinfgacha bo‘lgan o‘qituvchilar to‘ldiradi.

O‘qituvchi zimmasida davlat oldidagi, kasb mas'uliyati, agar iymonli inson bo‘lsa, Alloh tomonidan yuklangan mas'uliyat bo‘ladi.

Bolada ruhiy va jisman sog‘lomligidan tashqari, unga yaxshi axloq va uchinchidan, ilm kerak. Qaysi fan o‘qituvchisi bo‘lishidan qat'i nazar, shu uch jihatni esdan chiqarsa, ishining bir qismi kemtik bo‘ladi, bolani cho‘loq chumoli holiga solib qo‘yadi. Hatto o‘quv markazlarida o‘qiydigan yoshlar bilan ham mana shu tartibda munosabatga kirishish kerak deb hisoblayman.

Endi yana savol tug‘iladi: tarbiya uchun o‘quvchini jazolash shartmi? Jazo deganda uning turlarini ham e'tiborga olish lozim. Oddiy misol, o‘qituvchining o‘quvchi bilan gaplashmay qo‘yishi, o‘zini arazlagan qilib ko‘rsatishi ham jazo hisoblanadi. Mening yoshim 60da, o‘ylashingiz mumkin, siz ham shunday qilasizmi? Ha, bu – tarbiya usuli. Lekin o‘ta qattiqqo‘llik bilan jazolash mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. U hali bola, suyagi mo‘rt, aqli ham kattalarnikidek rivojlanib ketmagan.

Yana bir narsa, biz tinmay tarixda o‘tgan bobolarimiz ilm-fanda yuksaklikka erishganini aytamiz, lekin nima bilan, avvalo tarbiya: oilada, ilm olishda, Qur'on va hadislardagi tarbiya bilan tarbiyalanganlar.

«Bugungi kunda o‘quvchilarni partaga o‘tirg‘izishning o‘zi katta muammo»

– Qadimdan turli davlatlarning ta'lim va tarbiya tizimi o‘zaro uyg‘un bo‘lgan. Bir misol, qadimgi Misr ta'limida shunday masal bo‘lgan: «O‘quvchining qulog‘i yuqorida bo‘ladi, har zamonda tortib turmasa, qulog‘iga gap kirmaydi».

Bugungi voqelikdan ma'lumki, ba'zi bir o‘quvchilarni partaga o‘tirg‘izish, o‘tirishga o‘rgatish o‘zi katta muammo. Unga qanday qilib matematika yoki to‘g‘ri yozish-u ravon nutq bilan gapirishni o‘rgatasiz?!

O‘qituvchining ota-onalar bilan majlisi ham qog‘ozda emas, jonli tarzda ikki tomonning ham faol ishtiroki bilan bo‘lishi zarur, shundagina ta'lim-tarbiyada oldinga siljish mumkin.

«Bolasi kelajagini o‘ylagan ota-ona o‘qituvchi bilan hamkorlik qiladi»

– Hozirda ba'zi ota-onalarning maktabda o‘qituvchi tomonidan bolasiga berilgan dakki yoki tarbiyani tushunmay maktab ma'muriyatiga, o‘qituvchilarga turli tazyiq o‘tkazish holatlari uchrab turadi. Oddiy koyiganda ham uyiga aytib boradiganlari bor. Bu ishni qiladiganlarning o‘zini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan tushunchasi bor.

Bu haqda gapirayotganda avvalambor xatoni o‘zimizdan ham izlashimiz kerak, ya'ni yuqorida aytganimday, qattiqqo‘llik bilan berilgan jazo – mantiqsizlik.

Qachonki ota-ona bolasining kelajagini o‘ylamoqchi ekan, o‘qituvchi bilan hamkorlik qilishi lozim. Buning aksini qilib o‘qituvchiga bosim o‘tkazsa, bu sinfning umumiy holatiga ta'sir qiladi, boshqa bolalar bilan ham ishlolmay qoladi.

O‘qituvchining darsga munosabati va halollik haqida

– Yoppasiga o‘qituvchilarni maqtash fikridan yiroqman, ya'ni kasbiga yondashuvi, tushunchasi turli xillari bor. Ixlos bilan ishlaydigani, o‘qigani, kasbiga fidoyisi bilan bir qatorda turli yo‘llar bilan o‘qishga kirib, uni bitirib o‘zi qiziqmagan soha – o‘qituvchilik qilib yurgani qancha?

Darsga 15 daqiqa kechikib kirib, 15 daqiqa oldin chiqib ketadigan o‘qituvchilar bor. O‘quvchilarga topshiriq berib, ko‘chani aylanib keladiganlari bor.

Bundan tashqari, keyingi davr o‘qituvchilari orasida shunday tushuncha paydo bo‘lgan: «Kirib darsingni o‘t-da chiqib ketaver, tarbiyasi va axloqi bilan ishing bo‘lmasin!», «O‘qimasa senga nima, bitirgandan keyin o‘qish kerak bo‘lsa, o‘quv markazlariga boradi», deguvchilar bor. Bu mutlaqo xato tasavvur!

O‘ylab ko‘ring-a, 5-6-sinflarda shu kabi dars o‘tilgan bo‘lsa, keyingi yuqori sinflarda qanchalik usta o‘qituvchi bo‘lmasin, bu sinfdagi o‘quvchilarga bilimlarni o‘rgatolmaydi, chunki o‘quvchida poydevor yo‘q. Bilim olish esa osoni ustiga murakkabini yuklab borish bilan bo‘ladi. Har bir o‘qituvchi o‘zi dars berayotgan o‘quvchining keyingi ustozlari oldida ham javobgar sanaladi.

Davlat menga falon soat dars beryapti, men uni to‘g‘ri ishlab olsam, uyimga halol qilib olib borsam, farzandlarim halol narsa yesa, kelajakda yomon odam bo‘lmaydi, degan fikr faqatgina o‘qituvchiga emas, barcha kasb egalari daxldor tushuncha.

«Olim qishloqqa emas, shaharga kerak, deyishdi»

– ToshDU (hozirgi O‘zMU) Filologiya fakultetida kechki bo‘limda o‘qidim. Kunduzi ishlab kechqurun o‘qirdik. Gaz ilmiy tekshirish institutida chizmakash, Xalqlar do‘stligi san'at saroyi qurilishida, samolyotsozlar, Tashselmash zavodlarida ishladim — vaziyat shuni talab qilardi. Lekin o‘qishni tashlab qo‘ymaganmiz, chunki yoshlikdan adabiyot o‘qituvchisi bo‘lish ishtiyoqi birinchi o‘rinda turgan.

O‘sha paytda ko‘pchilik ustozlar sizlarga rahmim keladi, deyishardi. Bilmadim, ko‘p narsa insonning harakatiga bog‘liq bo‘lsa kerak, universitetni tamomlab, aspiranturaga ham kirdim.

Ko‘pchilik aytdi, qishloqqa olim nimaga kerak, olim shaharga kerak deb. Ularniki ham to‘g‘ridir...

Ammo eng katta maqsadim — o‘qituvchi bo‘lishga erishdim. Mana, 34 yildan beri bolalarni o‘qitib kelyapmiz.

Toshkentda ishlab qolishim mumkin edi... 10 bolali katta oilaning katta farzandi edim, tabiiyki, qishloq sharoitida to‘ng‘ich farzand zimmasiga nafaqat ota-ona, balki yosh ukalari oldida ham mas'uliyati bo‘ladi. Aspiranturaga kirib uyga kelganimda onam og‘ir kasal ekan. Uyda qoldim. Shu sababli aspiranturani kechiktirib turishga to‘g‘ri keldi.

Shu orada universitetdan kelgan chaqiruv qog‘ozini qishloq maktabidagi ustozlar yirtib yuborishgan ekan. 12 yildan so‘ng yana aspiranturaga kirdim, bu safar sirtdan o‘qiyman deb. Nomzodlik himoyasigacha bo‘lgan topshiriqlarni bajargan bo‘lsam-da, dissertatsiyani tayyorlash uchun oilamni tashlab 5-6 oylab kutubxonalarda o‘tirishimga yana sharoit yo‘l qo‘ymadi. Oilada kamimni to‘ldirish uchun birovdan yordam so‘ramadim, odatda juda kam yordam so‘rayman.

Rag‘batlantirish orqali o‘quvchini tarbiyalash

– Men yuqorida o‘quvchiga beriladigan jazo haqida aytdim, lekin shu bilan birga, o‘quvchini ilmga qiziqtirish uchun taqdirlash, mukofotlash degan usul ham bor. Bu o‘qituvchi tomonidan ma'naviy taqdirlash tarzida beriladimi, yoki maktab, xalq ta'limi bo‘limi rahbariyatimi farqi yo‘q — o‘quvchini halollikka, adolatga o‘rgatadi, ilm olishga zavqlantiradi.

O‘qituvchi zoti hech qachon o‘ziga berilayotgan noto‘g‘ri narsani qabul qilmasligi kerak: bu xoh pulli mukofot bo‘lsin, xoh faxriy yorliq. Eng muhimi — bola o‘qituvchining hamma sirini biladi, bolani yolg‘onning rost ekaniga ishontirib bo‘lmaydi. Bir necha yildan beri fan musobaqalarida qatnashib, g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarim mening maqtovimdan boshqa taqdirlash olmagan.

Bu kabi holatlar orqasidan o‘zi uchun naf oladiganlar hamkasblari kulgisiga, qolaversa, o‘quvchilar nafratiga ham duchor bo‘ladi. Bolada kelajakka umid shu taxlit so‘na boradi.

«Otalarda javobgarlik hissi kamayib ketdi»

– Jamiyatda ildiz otgan illatlardan biri oilada otalarda javobgarlik hissi kamayib ketdi. Qiziq bir o‘xshatish keltiraman. Gabriyel Garsiya Markesning «Oshkora qotillik qissasi» nomli asari bor. Bir vaqtlar maktablarda adabiyot darsligi ichiga kiritilgandi. Asardagi eng muhim jihat, bosh qahramon odamlar emas, balki LOQAYDLIKdir. Odamlar orasidagi loqaydlik qahramon darajasiga ko‘tarilib chiqqan.

Xo‘sh, bu bizda ham bormi — ha, bor. Maktabga e'tiborini qaratmagan otalar, erining maktabga sen bor degan gapi bilan kelib gapni eshitib ketaveradigan onalarda ana shu loqaydlikni ko‘rish mumkin.

Dars o‘tmayotgan, bilim va tarbiya bermayotgan o‘qituvchiga: «Sen ishlayotgan joyda bolam bor, nega darsingni tashlab ketding», deb bironta ota-ona aytmaydi. Yoki noto‘g‘ri qistovga olinayotgan o‘qituvchini hech kim himoya qilmaydi. Loqaydlik shu darajaga borib yetgan.

Ishlayotgan o‘qituvchi zimmasiga yana vazifa yuklanaveradi, ishlamayotganini esa jazolab bo‘lmaydi. Negaki, orqasida «akalari» bor. Direktorga ham, boshqa rahbarlarga aytadi: «falonchi»ning qarindoshiman.

«Har o‘quv yili oxirida o‘qituvchilarni saralash lozim»

– Ixlos bilan ishlaydigan odamda kasbiga muhabbat bo‘lsa, pastlamaydi, doimo o‘sib boradi. Ayol kishi bola tarbiyasida bo‘lgan vaqti kitob o‘qiy olmasligi mumkin, lekin shular orasida ham kasbiga fidoyilari o‘qib olaveradi.

Ta'lim-tarbiya susayib ketdi, degan gaplar ko‘p aytiladi. Muammoning sabablaridan biri o‘qituvchining o‘zida ham bor. O‘qituvchilikni eplolmaydigan, dars o‘tolmaydigan odam maktabda yo‘q deb o‘ylaysizmi, bor, albatta. Ularga vazir kelib o‘qituvchilikni o‘rgatib qo‘ymaydi. Eng yomoni, ularning diplomi bor, dars olgan maktabdan. Kunduzgida o‘qiganmi, kechkimi yoki sirtdanmi — ilmini rivojlantirish uchun qayta shug‘ullangani yo‘q. Shunday bo‘lgandan keyin u nima beradi o‘quvchiga!

Avgust oyida emas, o‘quv yili tugagan paytdan mehnat ta'tiliga chiqarishdan oldin kelgusi o‘quv yili uchun o‘qituvchilarni saralash lozim. Kimdir har qancha chiranmasin, 10-11-sinf darsliklariga kuchi yetmasligi mumkin, uning bilim saviyasi 5-6-sinflarni o‘qitishga yetar, balki unga ham yetmas, imtihon qilish kerak. Qaysi sinflarni o‘qitishni istasa, o‘sha darsliklar bo‘yicha bilimi tekshiriladi. Natijaga qarab maoshini belgilab, o‘zlashtirishi past bo‘lgani kam maosh bilan ishlasin, shunda u o‘z ustida ishlay boshlaydi yoki o‘z-o‘zidan sohani tark etadi.

Misol uchun, jismoniy tarbiyadan dars o‘tayotgan murabbiy yaxshi sportchi bo‘lishi mumkin, lekin pedagogika boshqa narsa, bolalar qo‘liga to‘pni berib qo‘yib o‘ynanglar, deyish bilan dars o‘tib bo‘lmaydi.

O‘qituvchiga tinmay o‘z ustida ishlashini ta'kidlash, konspekt qilganini tekshirish va boshqa hujjatbozliklarga hojat qolmaydi. Albatta, bu halollik va adolat tamoyiliga asoslanishi lozim. Malaka oshirish o‘qituvchi faoliyatidagi alohida bosqich, lekin o‘zi kitob o‘qimaydigan o‘qituvchining malakasini oshirgandan nima foyda?!

Darsliklarda kuzatiladigan kamchiliklar bilan birga, o‘qituvchi shu darsliklarga tayyor bo‘lishi ham kerak-da. Masalan, 8-sinf ona tili darsligida talab vodiysi degan uchta matn bor. Hazrat Navoiyning «Lison ut tayr» dostonidan olingan. Matn bilan ishlayotganda uning lug‘atlari bilan ishlashdan tashqari, matnni o‘quvchi saviyasi darajasida tushuntirib bera olish ham zarur. Ona tili va adabiyot muallimi dostonni to‘la o‘qigan bo‘lsa, shunda qisqagina bilim bera oladi. Shuni o‘zini ham bitta darsga sig‘dirib bo‘lmaydi.

Xulosa qilib aytganda, davlatning rivojlanishi uchun hamma davrda ham birinchi masala oddiy xalqning dunyoqarashini rivojlantirish bo‘lgan. Biz qachonki maktabni o‘zida bolalar tarbiyasini yaxshilamasak, otalardagi loqaydlikni yo‘qotmasak, o‘qituvchilarni o‘z ustida ishlashga o‘rgatmasak, xalq ta'limi oqsayveradi.

Suhbatdosh: Yigitali Mahmudov

Ko‘proq yangiliklar: