«Huquqshunosning oyligi ustamalari bilan 2 millionga boradi» – Turdimov hokimliklardagi kadrlar muammosi haqida gapirdi

Jamiyat 18:44 / 19.06.2020 25620

«Hamma narsa birinchi navbatda kadrlarga borib taqaladi. Hamma narsani kadrlar yechadi. Hokimlikning o‘qishi yo‘q, boshqasi yo‘q. Hokimlikka qo‘yilyapti va joylardagi jamoasining kuchi yetmayapti. Tumanlar miqyosida mening o‘zim ham ko‘p savol beraman. Ularni qanday ishlatishimiz kerak, nima qilishimiz kerak, degan masala tug‘iladi.

Hokimlikka qabul qilayotgan odamlarimizni o‘quv mashg‘ulotlari, amaliyotlarini o‘tkazishimiz kerak. Tanlab olishimiz kerak. Hokimiyatga kim keladi? Hokimiyatga ishsiz odam kelib murojaat qiladi. Masalan, viloyat hokimiyatiga chaqirsak ham ko‘pchilik keladi, ish hajmini ko‘radi, boshqa ishda ishlasam bo‘ladimi deydi.

Birgina misol, ko‘p sudlarga boriladi, qarorlar xato chiqadi. Bu qarorlar tufayli joylarda tadbirkorlarimiz aziyat chekyapti. Bu ko‘z yumib bo‘lmaydigan narsa. Uning hammasiga hokim imzo qo‘ygan. Nima uchun imzo qo‘ygan. «Menga tayyorlab olib kelishdi», deydi. Yuristning ham imzosi bor. Hammasi yerga qaraydi. Bir tarafdan korrupsiya, boshqa tomondan ochiqlik mezonlari, tanlov mezonlariga rioya qilmaslik natijasidan.

Hokimliklarning yuristlari, yuridik xizmati bor. Oyligi 1 million 192 ming so‘m. Ustamalari bilan 2 million yuz ming so‘m oladi. Tuman hokimiyatida o‘tirgan yuridik xizmat xodimi shuncha oladi. Tumandagi adliya xodimi yoki prokuratura organining bevosita huquqshunoslik bilan ishlaydigan eng kam oylik oladigan xodimining maoshi 4 million so‘m.

Hokimiyatdagi ish hajmi bilan boshqa tizimdagi yuristlarning ish hajmi o‘rtasidagi farq yer bilan osmoncha. O‘z-o‘zidan, eng sifatsiz, ish topa olmay qolgan kadr, «o‘tmagan» kadr majburlikdan hokimiyatga ishga olinadi. Bu ham ish sifatiga ta'sir qiladi.

Ikkinchidan, hokimlikning ko‘plab ishlari bugungi kunda kadastr, yer resurslari bilan bevosita bog‘liq. Bu xizmatdagilar, arxitekturadagilarning kamchiligi bo‘ladigan bo‘lsa, arxitektura organlaridan emas, hokimlardan so‘rala boshlanadi. Albatta, hokimlar ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga javob berishi kerak. Bulardagi ahvol ham, kadrlar tizimi ham islohotlarga o‘ta muhtoj. Ko‘chmas mulk kadastri, yer resurslari, arxitektura – islohotlarga o‘ta muhtoj sohalar deb bilaman. Bularda ham islohotlar bo‘lyapti. Lekin bugun xalqimiz talab qilayotgandek islohotlar amalga oshirilmayapti», deya Erkinjon Turdimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: