Toshkent shahar IIBBga xususiy tadbirkor murojaat qilib, Chorsu bozoridagi tamagirlik holatlari haqida ma'lum qilgan.
Ta'kidlanishicha, xususiy tadbirkor Bahrom M. 23 may kuni ichki ishlar idoralariga ariza bilan murojaat qilgan. Arizaga ko‘ra, tadbirkorning oziq-ovqat do‘koni joylashgan “Eski-Juva” bozori ma'muriyati vakili undan ishini davom ettirishi uchun 500 AQSh dollari va 500 ming so‘mlik mevalar talab qilgan.
O‘zini Umid deb tanishtirgan erkak savdo joylarini ko‘zdan kechirayotganda Bahrom ijara pulini o‘z vaqtida to‘lamayotgani va savdo joyi chegaradan chiqqanini ma'lum qilgan. Tadbirkorning buning aksini isbotlashga urinishi natija bermagan. Umid esa ishni davom ettirish uchun undan “to‘lashni” talab qilgan.
Bahrom M.ning arizasiga binoan Toshkent shahar IIBB JQB iqtisodiy xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti bilan hamkorlikda maxsus operatsiya tuzib, operatsiya davomida “Eski-Juva” AJ bo‘limi mutaxassisi bo‘lmish Umid Yu.ni 500 AQSh dollari olayotgan vaqtida qo‘lga olishdi.
Mazkur fakt asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilib, hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.