Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litsey faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Qayd etilishicha, prezidentning 2020 yil 29 apreldagi PF–5987-son «O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta'lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan quyidagilar:
ta'limning uzviyligi va uzluksizligini ta'minlash nuqtai nazaridan Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyning o‘quv-metodik jarayonini muvofiqlashtirish, uning tashkiliy tuzilmasi, o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYuU) tomonidan amalga oshiriladi;
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab akademik litseyda to‘lov-kontrakt, shu jumladan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha qabul tartibi joriy qilinishi, qabul tartibi va parametrlari, shuningdek, o‘qish uchun to‘lov miqdori TDYuU tomonidan mustaqil belgilanadi;
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab TDYuU qoshidagi akademik litseyning barcha fanlar bo‘yicha yuqori natijalarga ega bitiruvchilari TDYuUga kirish test sinovlarisiz, yakka tartibda suhbat o‘tkazish orqali, to‘lov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari kirish huquqiga ega;
akademik litsey pedagog xodimlarining mehnatini normalashtirish TDYuU tomonidan amalga oshiriladi;
akademik litseyda xorijiy hamkorlar bilan kelishuv asosida qo‘shma ta'lim dasturlari amalga oshiriladi.
Quyidagilar akademik litsey faoliyatini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:
iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash, ularning har tomonlama kamol topishi uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, o‘quvchilarning ilmiy-intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish;
o‘quvchilarni kelgusida “yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta'lim muassasalarida o‘qishga tayyorlashga mo‘ljallangan fanlarni tanlash imkoniyati berilgan zamonaviy o‘quv dasturlarini joriy qilish;
gumanitar va huquqiy fanlarni chuqur o‘rganishini tashkil etish, o‘quvchilarning chet tillari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirishi, ularda ijodiy fikrlashni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
ta'lim jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda o‘qitishning, o‘quvchilarning bilimini baholashning ilg‘or usullarini joriy etish;
o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirishga ko‘maklashish, ularda yetakchilik va notiqlik san'ati, tanqidiy fikrlash, axborotni izlash, tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalari rivojlantirish;
xorijiy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash, ilg‘or xalqaro o‘qitish amaliyotlari va ta'lim dasturlarini joriy etish, o‘quv dasturlar izchilligini ta'minlash, kelgusida bitiruvchilarning ilg‘or xorijiy oliy ta'lim muassasalari va ularning respublikadagi filiallarida o‘qishi uchun o‘quv jarayoniga yuqori malakali, shu jumladan chet ellik mutaxassislarni jalb qilish.
TDYuUga tizimli asosda quyidagilarni ko‘zda tutadigan vazifalar yuklanadi:
akademik litseyda o‘quv rejalari va dasturlarini takomillashtirish, maxsus fanlarni chuqurlashtirilgan holda o‘rganishga qaratilgan zamonaviy uslubiyotlarni, raqamli va innovatsion texnologiyalarni qo‘llash orqali o‘qitish sifatini oshirish;
akademik litseyning kutubxona fondini zamonaviy o‘quv, o‘quv-uslubiy va boshqa adabiyotlar, shu jumladan milliy va jahon adabiyoti asarlari bilan shakllantirish va to‘ldirish, shuningdek yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanish;
akademik litseyga chuqur bilimlarga ega, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalar, o‘qitishning innovatsion uslublari va chet tillarni biladigan malakali va tajribali pedagoglarni, shuningdek zarurat bo‘lganda xorijiy mutaxassislarini jalb qilish;
akademik litseyda TDYuU professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘quvchilarning huquqiy fanlarni chuqur o‘rganishiga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkazilishini ta'minlash;
akademik litsey kadrlarini TDYuUda qayta tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovka o‘tashini tashkil etish.
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
akademik litseyga abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish Internet jahon axborot tarmog‘i orqali amalga oshiriladi;
Kam ta'minlangan oilalardan abituriyentlar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari bo‘lgan abituriyentlar, shuningdek I guruh nogironligiga ega shaxslar akademik litseyga davlat granti asosida qabul kvotalaridan tashqari qabul qilinadi;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qarori bilan xalqaro olimpiadalar, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar, musobaqalar va olimpiadalarda sovrinli o‘rinlarni (1-3 o‘rinlar) olgan 9-sinf o‘quvchilari akademik litseyga o‘qishga davlat granti asosida, imtihonsiz, qabul parametrlaridan tashqari qabul qilinadi;
xorijiy fuqarolarni (xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxsni, shuningdek, xorijiy davlat hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni) akademik litseyga o‘qishga qabul qilish TDYuU tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan suhbat natijalari bo‘yicha, qabul parametrlaridan tashqari to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
akademik litsey bitiruvchilariga ta'lim to‘g‘risidagi davlat namunasidagi hujjat bilan birga xorijiy oliy ta'lim muassasalariga kirish imkonini beruvchi xalqaro darajadagi tegishli dasturning (University Foundation Programme, General Certificate of Education (GCE) Advanced Level, International Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels) diplomi (sertifikati) beriladi;
TDYuU magistraturasi talabalari magistraturadagi o‘qish davrida akademik litseyda pedagogik mahoratini oshirishga yo‘naltirilgan stajirovka o‘taydi;
akademik litsey o‘quv yuklamasi hajmi, sinfdagi o‘quvchilar soni TDYuU tomonidan belgilanadi;
to‘lov-kontrakt, shu jumladan tabaqalashtirilgan kontrakt asosida o‘qitishdan tushgan mablag‘lar akademik litseyning to‘liq va mustaqil ixtiyoriga o‘tkazilib, akademik litseyni rivojlantirish Jamg‘armasida to‘planadi;
o‘quvchilarni akademik litseydan chetlashtirish o‘z xohishiga ko‘ra, o‘qishini boshqa ta'lim muassasasiga ko‘chirishi, sog‘ligi sababli (tibbiy ma'lumotnoma asosida), akademik qarzdorlik va o‘qish uchun kontrakt mablag‘larini o‘z vaqtida to‘lamaganligi, o‘quv intizomi va akademik litseyning ichki tartib qoidalarini buzganligi, shu jumladan, uzrsiz sabablarga ko‘ra semestr davomida 74 soatdan ortiq o‘quv mashg‘ulotlariga kelmaganligi va odob-axloq qoidalarini buzganligi, shuningdek sud hukmiga ko‘ra o‘quvchining ozodlikdan mahrum etilishi va vafot etganligi sababli amalga oshiriladi;
akademik litseyda kamida uch yil ishlagan, bazaviy oliy yuridik ma'lumotga ega pedagog va rahbar xodimlar TDYuU magistraturasiga kirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari, o‘qishni tugatgandan so‘ng taqsimot bo‘yicha adliya organlari va muassasalarida, birinchi navbatda, akademik litseyda kamida uch yil uzluksiz ishlash majburiyatini olgan holda, kirish huquqiga ega;
xodimlar akademik litseyga ishga adliya organlari va muassasalari uchun belgilangan tartibda qabul qilinadi.