AQSh qurolli kuchlari “Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti jangarilariga qarshi tig‘lar (lezviyalar) bilan qurollangan “nindzya-bomba” - Hellfire R9X’ni qo‘lladi. Raketaning “nindzya-bomba” deb atalishiga sabab, u bilan zarba berishda yapon nindzyalari kabi tig‘li qurol qo‘llanadi.
The New York Post nashrining xabar berishicha, 14 iyunda terrorchilarning yo‘ltanlamasi Suriya shimolida payqalgach, unga yangi turdagi raketa bilan zarba berilgan. Mashinada “Al-Qoida”ning ikki qo‘mondoni – Qassam ul-Urdiniy va Bilol al-San'aniy bo‘lgan. Ularning ikkisi ham yo‘q qilingan. Shu bilan birga raketa hujumi vaqtida avtomobilga deyarli hech narsa qilmagan: uning qoraytirilgan oynalari va qoplamasi butun qolgan, faqatgina tomiga shikast yetgan.
Ta'kidlanishicha, raketa 45 kg.ga yaqin keladi. U parvoz vaqtida portlamaydi, buning o‘rniga nishonga tegish vaqtida undan 6 ta tig‘ uchib chiqadi. “Raketaning shikast yetkazish radiusi kichik bo‘lib, u yetkaziladigan zararni cheklash imkonini beradi”, deb aytgan Demokratiyani himoyalash jamg‘armasi ilmiy xodimi Foks Bennam Taleblu. U bunday qurol terrorchilarga qarshi kurashda portlovchi qurilmali an'anaviy raketalardan ko‘ra tobora muhimroqqa aylanayotganini aytgan.
2011 yilda Markaziy razvedka boshqarmasi va AQSh mudofaa vazirligi Hellfire R9X raketasini ishlab chiqishni boshlagan. Ko‘p yillar davomida yangi raketa haqida ma'lumot sir saqlangan.
Yanvarda Afg‘onistonda “Tolibon” harakati yetakchilaridan birini bartaraf etishda “uchar tig‘” deb nomlanuvchi tig‘li AGM-114R9X raketasi qo‘llangani ma'lum qilingan. Ta'kidlanishicha, ushbu raketa an'anaviy jangovar qism o‘rniga 4-6 ta qilichsimon tig‘ bilan jihozlangan bo‘lib, ular raketaning bevosita nishonga tegishi oldidan ochiladi.