AQShdagi o‘zbek advokati - qonun ustuvorligi, grin-kard va o‘zbek oilalaridagi ajrimlar haqida

Jamiyat 10:00 / 17.06.2020 42944

Farrux Nuridinov – 2003 yilda Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan, keyinchalik Manchester universiteti va Nyu-York universitetida magistraturada tahsil olgan.

Tajribali huquqshunos ayni paytda AQSh federal sudlarida qatnashuvchi yagona o‘zbekistonlik advokat sanaladi. Nuridinov Amerikaning eng yaxshi advokatlari assotsiatsiyasi (AOATL)ning Nyu-York shtati bo‘yicha yuz nafar eng yaxshi advokatlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Hamyurtimiz YouTube`da jonli translatsiya qilingan suhbat davomida vloger va foydalanuvchilarning Amerikadagi hayot, u yerdagi o‘zbekistonliklar o‘rtasidagi ajrimlar va boshqa mavzulardagi ko‘plab savollariga javob qaytardi.

Kun.uz «Xorijdagi o‘zbeklar» ruknida ushbu intervyuning asosiy qismini matn holida taqdim etadi.

«Amerikada sudyalarga juda katta vakolatlar berilgan. Ular nafaqat qonunga bo‘ysunadi, balki qonunlarni hukumat, prokuraturadan mustaqil ravishda talqin ham qiladi. AQSh sudyalarining eng katta yutug‘i ham shu, deb o‘ylayman.

Qolaversa, sudyalarning kvalifikatsiyasi nihoyatda yuqori. Federal sudlar 3ta pog‘ona: boshlang‘ich, apellyatsion va oliy suddan iborat. Federal sudlarda korrupsiya yo‘q, deb ayta olaman», – deydi Farrux Nuridinov.

– AQShda qonun ustuvorligi tan olinadi. Qonunlarning kuchliligi, qonunga bo‘ysunish darajasi balandligi nimaga bog‘liq?

Farrux Nuridinov

O‘z kuzatuvlarimga ko‘ra, anglo-sakson tizimiga asoslangan huquqiy tizimlar qat'iy intizomga asoslangandir. «Mumkin emas» deyilgan narsa mumkin emas.

Fuqarolar o‘zlariga ma'qul deputat, kongressmenni saylashadi. Ular esa qonunlar chiqarishadi. Agar keyin odamlar shu qonunlarga bo‘ysunmasa, uni javobgarlikka tortish mexanizmi kuchli rivojlangan. Butun jamiyatda shu narsaga kelishilgan: biz kongessmen va senatorni saylaymiz, ular qonunlar chiqarishadi va biz shu qonunlarga bo‘ysunamiz, degan fikr bilan harakat qilishadi. Umuman, qonunlarni hurmat qilish nihoyatda yuqori darajada.

– AQShda ham sudyalarga bosim o‘tkazishlari mumkinmi?

– Bo‘lishi mumkin, bu – hayot. Haqiqiy hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Mening o‘zimga kelsak, hech qachon hukumat tomonidan bosimga duch kelmaganman.

– O‘zbekiston sud tizimida o‘tkazilayotgan islohotlar haqida fikringiz.

– To‘g‘risini aytsam, bu islohotlardan unchalik xabardor emasman. Menimcha, ishlar ko‘paygani uchun bu masala e'tiborimdan chetda qolyapti. O‘zbekistonga befarq emasman, albatta.

– Keyinchalik qaytib, O‘zbekistonda ishlash niyatingiz bormi?

– Niyatim bor.

– O‘zbekiston huquq ustuvor davlat bo‘lishiga ishonasizmi?

– Hammamiz birga harakat qilsak, albatta, ishonaman.

– AQSh fuqarosi bo‘lish haqida ma'lumot bersangiz.

– Buning uchun avval grin-kardga ega bo‘lish kerak. Shundan so‘ng bu yerda barcha talablarga rioya etgan holda besh yil yashash kerak. Shundan keyin fuqarolik uchun ariza topshirish mumkin.

– Aytishlaricha, grin-kard yutib kelgan ko‘plab o‘zbekistonliklar Amerika fuqarosi bo‘lishga oshiqadi.

– Shunday. Ayniqsa hozir vaziyat juda ham o‘zgardi: prezident Trampning siyosatini inobatga olib, odamlar tezroq o‘z joyini mahkamlab olish uchun grin-karddan Amerika fuqaroligiga o‘tishyapti.

– Nega bunday?

– Bu yerda biror narsa bo‘lib, keyin deportatsiya bo‘lmaslik uchun kafolat bo‘ladi.

– Biror kimning jinoyatchi ekanini bilib turib, uni oqlaganmisiz?

– Bizda aksariyat vaziyatlar shunaqa (kuladi). Lekin biz ularning jazosini qonuniy tomondan yumshatishga harakat qilamiz. Qonunda belgilangan tartibda.

– Jorj Floydning o‘limidan keyingi norozilik namoyishlariga munosabatingiz.

– Amerika konstitutsiyasi asosida hamma o‘z fikrini bayon etishga, to‘plangan holda o‘z fikrlarini davlatga yetkazish huquqiga ega. Lekin bu chegaradan oshib ketmasligi kerak. Agar kimdir bu huquqni suiiste'mol qiladigan bo‘lsa, bu narsa protestlardan zo‘ravonlikka aylanadigan bo‘lsa, bu noqonuniy. Men o‘ylaymanki, bu kabi xatti-harakatlarga nisbatan qat'iy chora ko‘rish kerak.

– Namoyishlar fonida zo‘ravonlik, bosqinchilikni ham ko‘ryapmiz. Qancha do‘konlarni talashyapti, avtomashinalarni yoqishyapti, yo‘llarni to‘sishyapti.

– Mana shu zo‘ravonlikka qo‘l urgan odamlar, mashinalarni yoqqanlarning hammasi topiladi. Albatta, bularning hammasi jazoga tortiladi. Bu yerda hamma joyda – kameralar. Qolaversa, bittasini ushlagandan keyin, u qolganlar kim bo‘lganini aytib beradi.

Shuning uchun, jazo muqarrar – Amerikada qonun nihoyatda kuchli. Bu odamlar hammasi topilib, ularga qonunda belgilangan chora ko‘riladi.

– Kuchli advokat bo‘lish uchun dinning qay darajada roli bor, deb o‘ylaysiz?

– Dinning roli juda katta. Chunki din bizga asosiy oriyentirlarni ko‘rsatadi. Yaxshi advokatda dinga munosabat kuchli, vijdoni mahkam bo‘lishi kerak.

– Amerikada uy sotib olish yaxshiroqmi yo ijarada turish?

– Menimcha, uy sotib olgan yaxshiroq.

– Siz ham uy sotib olishga harakat qilyapsizmi?

– Harakat qilyapmiz.

– Amerikada daromad solig‘i necha foiz? Ya'ni advokat oladigan gonorarining necha foizini soliqqa to‘laydi?

– 30 foiz.

– AQShga turist vizasi bilan borib, immigrant statusga almashtirsa bo‘ladimi? Bunga qancha vaqt va mablag‘ talab etiladi?

– Immigrant vizaga aylantirsa bo‘ladi, qachonki siz Amerika fuqarosi bilan turmush qursangiz. Vaqt jihatdan olsak, taxminan 2 yil. Mablag‘ jihatdan, taxminan 3-4 ming dollar.

AQSh va O‘zbekiston jinoyat kodekslarining farqlari nimalarda?

– O‘zbekiston qonunchiligida, masalan, bitta jinoyat uchun 5 yildan 10 yilgacha jazo deyiladi. Amerikada unaqa narsa yo‘q: faqat minimumlar bor. «Minimum 5 yil berilsin, minimum 10 yil berilsin...» Lekin ayrim istisno holatlar bor.

Aytib o‘tishim kerakki, federal jinoiy qonunchilik shtatlararo sodir etiladigan jinoyatlarga bog‘liq. Ya'ni kimdir qotillik qilib, boshqa joyga ketib qolgan bo‘lsa, bu bilan FBI (Federal tergov byurosi) shug‘ullanadi. Lekin aksariyat jinoyatlar shtatlar ichida ko‘rib chiqib, jazo belgilanadi.

– Amerikada korrupsiya uchun jazo qanaqa?

– Jazosi juda og‘ir bo‘ladi. Qanaqa ish qilishingizdan qat'i nazar. Bu faqat pul olishdangina iborat emas, egallab turgan mansabidan foydalanib qanaqadir xizmatlar olish, foyda ko‘rish ham korrupsiyaga kiradi. Bu kareraga, odamning hayot yo‘liga nihoyatda salbiy ta'sir qilishi hech gap emas.

– Advokat ishda yutib chiqmasa, unga jarima bo‘lishi mumkinmi?

– Yo‘q. Lekin agar mijoz advokatning xatosini topadigan bo‘lsa, uni sudga berishi mumkin. Mana shu advokatning orqasidan shu holga tushdim, meni boshqatdan sud qilinglar, deyishi mumkin.

– Bizda odamlarning advokatga ishonchi yuqori emas. Advokatning obro‘yini oshirish uchun biror taklifingiz bormi?

– Menimcha, advokatning obro‘yini oshirish uchun uning protsessual statusini prokuratura bilan tenglashtirish kerak. O‘ylaymanki, advokatlarning obro‘sini ko‘tarish uchun ularga ko‘p haq-huquqlar berish kerak va qaysidir tomondan prokuraturaning huquqlarini cheklash kerak.

– Jinoyatchi tomonidan sizga bosim bo‘lganmi?

– Bo‘lgan. Masalan, mijoz bilan ko‘rishgani qamoqxonaga boramiz, u aldayotganini bilamiz, lekin ular o‘zlari aytayotgan versiyaga ishontirish uchun bosim o‘tkazishi mumkin. Shunday holatlarni ko‘rganman: advokatlar soqchilarni chaqirishiga to‘g‘ri kelgan.

Menga ochiqchasiga bosim o‘tkazishlar bo‘lmagan, lekin qandaydir qo‘rqitishlar, ta'sir o‘tkazishlar bo‘lgan, albatta.

– Janubiy Afrika Respublikasida tug‘ilgan Ilon Mask Amerikada fazoviy orzulariga erishyapti: u Xalqaro kosmik stansiyaga fazogirlarni uchirdi. Uning katta rejalari bor... Siz qanday gigant orzungiz amalga oshishida mana shu mamlakat zamin yaratishini istaysiz?

– Bu juda qiyin savol. Mening maqsadim boshqa insonlarnikidan farq qilmaydi: oilamning tinchligini saqlash, moliyaviy jihatdan mustaqil va mustahkam qilish, bolalarimni o‘qitish, ularni jamiyatga munosib insonlar qilib tarbiyalash. Mening asosiy maqsadlarim mana shu. Ilon Maskdagidek katta fikrlar yo‘q.

– Balki katta biznesni yo‘lga qo‘yarsiz? Chunki Amerika qonunlariga ishonasiz, sizga sun'iy ravishda xalaqit beradigan narsalar yo‘q...

– Bilasizmi, men tabiatan biznesmen emasman. Bir dollar tikib, ikki dollar olishga ishqim yo‘q. Mening g‘oyam, maqsadim – insonlarga sidqidildan yordam berish.

Kimdir aytishi mumkin: Amerikada yashab turib, bunday fikrlarga ega bo‘lmaslik xato, deyishi mumkin. Lekin men o‘ylaymanki, Amerikada o‘z cheklovlari, o‘z chegaralari bor; kimki bu chegaralardan o‘tadigan bo‘lsa, vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkin.

Aytmoqchimanki, Ilon Maskda imkoniyat bo‘lgan, u kelib Amerikaning infrastrukturasidan foydalangan, ya'ni fikrini sota olgan, shunga pul yig‘gan. Masalan, Tesla kompaniyasini rivojlantirish uchun milliardlab dollarlarni Nyu-York fond birjasidagi investorlardan olgan. Nimaga? Chunki Amerikaning infrastrukturasi shunaqa kuchli.

Bu yerda kimdir kelib, men shu ishni qilmoqchiman, menga pul kerak, deganida qonun va moliya bu narsani ta'minlab beradi. Shuning uchun, o‘ylaymanki, Amerikaning kuchi shunda: ya'ni odam biladi, uning fikri o‘g‘irlanmaydi: «Patent qilib, g‘oyamni himoya qilaman; keyinchalik bola-chaqam bilan bu narsadan bahramand bo‘laman, pul topaman» deya oladi. O‘ylaymanki, Ilon Maskday ishbilarmon odamlar shu vaziyatdan foydalanib, muvaffaqiyatga erishgan.

– AQSh federal sudlaridagi yagona o‘zbekistonlik advokat. Bu fakt manbasi o‘zingizmi yo rasmiylardan olingan ma'lumotmi?

– Bu mening ma'lumotim. Bizda sudlarning ma'lumotlar bazasi bor, o‘sha yerda barcha qabul qilingan advokatlar ko‘rsatilgan. Ular orasidan qarab chiqqanimda, o‘zbekistonlik faqat men bo‘lib chiqqanman. Lekin bilamanki, o‘zbekistonlik boshqa advokatlar ham bor. Ular menimcha federal sudlarda qatnashishmaydi, advokat yordamchisi bo‘lib ishlashadi.

Menimcha, biznikilar eng ko‘p ko‘zga tashlanadigan soha – moliya. Banklarda talaygina yigit-qizlarimiz ishlab kelyapti.

– Amerikada o‘z yo‘lingizni topish uchun, sizni katta shaxs sifatida tan olishlari uchun nima qilish kerak?

– Menimcha, buning uchun Amerikaga moslashish kerak. «American way of life» degan narsa bor; amerikacha yashash, amerikacha fikrlash... Bu narsani qabul qila olish kerak. Ko‘pchilik qabul qila olmaydi. Shuning uchun jarayonlarning bir chekkasida qolib ketadi.

– Vatandoshlarimiz bilan suhbatlashganimda tez-tez bir mavzu ochiladi: ajrimlar. «Eshitdingizmi, falonchi ajrashib ketdi, xotini erini politsiyaga beribdi...» Aytishlaricha, o‘zbek oilalari amerika oilalariga taqlid qilib ajrashishayotgan ekan. Ya'ni AQShda ayol haq-huquqlari yuqoriligi aytiladi. Jar yoqasidagi o‘zbek oilalarini saqlab qolgan vaqtlaringiz ham bo‘lganmi?

– Bo‘lgan. Ko‘p bo‘lgan. Bir narsani aytib o‘tishim kerakki, ajrashishlar menimcha hayotdagi stress, qiynalishlardan kelib chiqadi. Oldimga er-xotin kelib, ariza qilib bering, biz ajrashmoqchimiz, deganida men so‘rayman: «Nega ajrashyapsan, 2-3ta farzanding bor ekan, ularga kim qaraydi?» Shu tariqa 4-5ta oilani fikridan qaytarganman. Har doim shunga harakat qilaman.

Fikridan qaytarolmagan paytlarimda bola, mulk bilan aloqador jihatlarda yordamlashishga harakat qilamiz. Ya'ni bola qiynalmasligi, ayol kishi qiynalmasligini inobatga olib maslahatlar beramiz.

– Har holda, o‘zbekmiz. Taqlid qilish, erini politsiyaga berish kabi holatlarga qanday qaraysiz? Bu kabi holatlarning sababi nimada bo‘lishi mumkin?

– Bunga sabablar murakkab bo‘lishi mumkin. Bu mavzuda alohida ko‘rsatuv ham qilsa bo‘ladi. Menimcha, bu yerda asosiy masala shundaki, hayotiy stress, hayotiy muammolar o‘rtadagi munosabatlarni buzadi.

Masalan, er ishdan keladi, charchagan bo‘ladi. Aytaylik, ovqat tayyor bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Shundan janjal chiqishi mumkin. Ko‘rganman, kichkina-kichkina sabablardan ham janjallar bo‘ladi. Oqibati jiddiy narsalarga olib kelishi mumkin.

Buning uchun, birinchidan, Amerikaning hayotiga moslashish kerak. Ikkinchidan, tilni o‘rganish kerak. Uchinchidan, turmush o‘rtog‘i bilan murosa qilish, bu qiyinchiliklardan birgalikda o‘tishga harakat qilish bo‘yicha er-xotin o‘rtasida qandaydir ahdlashuv bo‘lishi kerak. Chunki busiz bu qiyinchiliklardan o‘tib bo‘lmaydi.

Amerika qonunchiligi bo‘yicha ayollarning huquqi erkaklarnikidan ko‘p emas, lekin teng. Qonunchilikda er-xotin teng deyilgan. Agarda er xotiniga qandaydir tajovuz o‘tkazadigan bo‘lsa, unga nisbatan qonuniy chora ko‘riladi.

Ammo ko‘p vaziyatlarni bilaman, ayollar bu imkoniyatni suiiste'mol qilishi holatlari uchraydi. Ayol kishi o‘zining kichkina muammosini hal qilish uchun eriga seni unday qilaman, bunday qilaman, buni qilmasang shunday bo‘lasan, deya  munosabat qilishadi. Bu yerda maqsadim yomonlash emas. Odamlarni insofga chaqirish kerak. Bunday qilmaslikni tavsiya qilaman. Chunki qonun oldida ham, xudoning oldida ham javobgarlik bor.

– Ajralishlar ko‘rsatkichi qanaqa?

– Ma'lum statistikaga ega emasman, lekin aytishim mumkinki, yiliga 50-60ta ajralish ishlari bilan shug‘ullanaman. Ularning aksariyati – o‘zbeklar.

– Bu qaysidir ma'noda fojia.

– Bilmadim, to‘g‘risini aytsam, yuz mingga 50-60ta kammi-ko‘pmi, bilmayman. Hamma o‘z hayot yo‘lini tanlashga haqli. Ba'zan kimdir ajrashib, boshqacha tanlov qilgan bo‘lsa, buni noo‘rin deb bilishim mumkin. Lekin shunaqa vaziyatlar borki, bolalarni tashlab ketishadi. Yoki ayol kishining o‘zini ko‘chada, kvartiraning pulini bermasdan qoldirib ketishadi. Yoki bir xillar bo‘ladi, qiynalsin deb kartochkalarini, bank hisoblarini yopib qo‘yadi. Bu kabi vaziyatlarda nima qilishni bilmaymiz. Ular telefon qilishadi, yordam bering, pulsiz qoldim, bolalarimning qorni och, erimni pul to‘lashga majburlating, deyishadi. Lekin uni pul to‘lashga majburlatish uchun qonuniy jarayonlardan o‘tish kerak, sudlardan o‘tish kerak. Bu ish oson emas.

– Oilaviy masalalar yuzasidan sudlarda shu paytgacha siz duch kelgan eng qiyin ish qaysi bo‘lgan?

– Bitta mijozim bor edi. U arzimas narsa orqasidan xotini bilan janjallashib, unga qaychi otgan. Qaychi xotinining badaniga borib sanchilgan. U ataylab qilmagan, qo‘liga ilingan narsani otgan. Jarohatdan qon chiqqan, xotini yordam so‘rab qo‘shnisinikiga kirgan. Qo‘shnisi esa politsiya chaqirib yuborgan.

Politsiya kelib, uni qamagan, xotini va bolalarini davlatga qarashli shelter (vaqtinchalik boshpana)ga olib borib qo‘ygan. O‘sha yerda bolalar polda yotishgan.

O‘sha inson menga kelib: «Farrux aka, xato qildim, aslida ayolimga, bolalarimga nisbatan hech qanaqa yomonlik qilish niyatim yo‘q edi, shunaqa bo‘lib qoldi, yordam bering», dedi. Keyin uni oila bilan birlashtirish uchun bir yil ketdi. Shu narsaning oqibatlarini bartaraf qilish uchun bir yil vaqt ketdi.

– Pul, erkinlik va fast-fudni sevadigan Amerika jamiyatining qaysi tomonlariga hanuz ko‘nika olmayapsiz?

– Ovqatiga. Bu gamburgerlar, chikkenlarni avvaldan yemaganman, hozir ham shunday. Faqat shu.

– Hayotda kim bo‘lgingiz keladi?

– Hayotda yaxshi ota, yaxshi er, yaxshi farzand, yaxshi do‘st, yaxshi advokat bo‘lishni istayman.

– Yuz foiz o‘zbek tilida gapirdingiz. Ona tilimizni unutmaganingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiraman.

– Men o‘zbek tilini alohida qadrlayman. Nimaga desangiz, o‘zbek tilida yaxshi gapira olmayman, buni ochiq aytishim kerak. Chunki o‘zbek tilini kech o‘rganishni boshlaganman. Rusiyzabon muhitda katta bo‘lganim uchun o‘zbek tilida 14 yoshimdan gaplasha boshlaganman. Ya'ni deyarli noldan o‘rganganman.

Shundan keyin o‘zbek tilining go‘zalligi, naqadar mukammalligini ko‘rib, uni o‘rganishga harakat qilganman. Hozir Amerikada ham o‘zbek tilida maqolalar, kitoblar o‘qib turaman. Albatta, qo‘shimchalarni topish, so‘z birikmalarini ishlatish menga haligacha qiyin bo‘lyapti. Lekin shu narsani o‘zgartirishga harakat qilyapman.

Ko‘proq yangiliklar: