Moliya vaziri Timur Ishmetov hududlarga bosqichma-bosqich mustaqillik berilayotgani, qarz olish masalasi ham kelajakda amalga oshishi mumkinligini istisno qilmadi.
«Hududlar ham o‘zlari mustaqil ravishda tashqaridan qarz olishi ko‘p davlatlarda bor. Balki biz ham qachondir shu yo‘ldan yurarmiz. Lekin biz o‘zimiz respublika nomidan tashqi bozordan endigina qarz olishni boshladik, bu jarayonlarni endi o‘rganyapmiz. Bu birinchisi.
Ikkinchidan, hududlarga qadamba-qadam moliyaviy mustaqillikni berishni boshladik. Bu davlat siyosati, bugun ular solig‘ini o‘zlari yig‘ishmoqda, belgilangan rejani ortig‘i bilan bajarganlarida ortiqcha pulni hududdagi yechimini kutayotgan masalalarga yo‘naltirishmoqda.
Bu kabi islohotlar bosqichma-bosqich, ehtiyotkorona amalga oshirilishi kerak. Hozirgi paytda hududlar o‘zlari mustaqil ravishda tashqaridan qarz olishining foydasidan ko‘ra zarari ehtimoli ko‘proq deb hisoblaymiz», deydi vazir.
Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov hududlar mustaqil ravishda tashqaridan qarz olishiga qat'iyan qarshi ekanini ta'kidladi.
«Hududlar tashqaridan qarz olishi masalasiga kelsak, men o‘zim ham shunda qatnashganman, 2000 yili Mamarizo Berdimurotovich (Ayni paytdagi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov nazarda tutilmoqda – tahr.) moliya vaziri edilar, men ularga o‘rinbosar edim. O‘sha paytdayoq bu masalaga qarshi chiqqanman.
Hozir ham hududlarning tashqaridan qarz olishiga shubha bilan qarayman. O‘sha paytlari xuddi shu masala bo‘yicha ayrim voqealar bo‘lgandi, keyin hududlar tashqaridan qarz ololmasligini qonunchilikka kiritganmiz», deydi Qo‘chqorov.
Eslatib o‘tamiz, «Munozara klubi» ko‘pchilikni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashish, jamoatchilikni kelgusi rejalar yuzasidan xabardor qilish maqsadida tashkil etilgan. Klubning birinchi muhokamasida hukumat iqtisodiy bloki rahbarlari, deputatlar, ekspertlar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar va reyting agentliklarining vakillari, jurnalistlar qatnashishdi. Kun.uz internet nashri «Munozara klubi»ning bosh axborot hamkori hisoblanadi.
Ilk muhokamadan batafsil videoreportaj bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.