O‘zbekistonga berilayotgan tashqi qarz samarali ishlatilyaptimi? Mutasaddilar izoh berishdi

Iqtisodiyot 08:54 / 14.06.2020 23372

Abdulla Abduqodirov,
iqtisodiy tahlilchi:

– Tashqi qarz olishdan avval uni samarali ishlatadigan biror dastur bormi yoki yo‘qmi? Menimcha, agar shunday dastur bo‘lsa va unda u yoki bu yo‘nalishga aniq pul miqdori belgilangan bo‘lsa, bu pullarni topish mexanizmi (tashqi qarz yoki emissiya) ikkinchi masala bo‘lardi. 

Asosiysi, pullar tashqi qarz sifatida olinadimi, yoki emissiya qilinadimi, muhimi ana shu pullarga yarasha tovar massasi, ya'ni taklif bormi, degan qo‘shimcha savol ham tug‘iladi. Bu borada Markaziy bank bilan doim debatlar olib boramiz. Bu ham katta savol. Bu emissiya bo‘ladimi yoki 3,1 mlrd miqdoridagi tashqi qarz bo‘ladimi, ana shu miqdorda mamlakat ichkarisida yoki xalqaro bozorda taklif bormi? Har bir sohada dasturlar bo‘lsa edi, ularga muvofiq pul topish mexanizmi alohida topilgan bo‘lar edi.

Abdulla Abduqodirov

Yana bu yerda reyting agentliklariga ko‘p e'tibor berildi. Menimcha, 2008 yildagi Jahon iqtisodiy inqirozidan keyin reyting agentliklarining bayonotlariga u qadar jiddiy e'tibor bermasak ham bo‘laveradi. Chunki butun AQShda hammayoq og‘ir ahvolda bo‘lib qolganda ham, na S&P, na FITCH, na boshqa reyting agentliklari emitentlarning reytingini o‘zgartirmadi. «Ha, biz to‘g‘ri hisoblaganmiz, xato qilmaganmiz», - deb turaverdi. Shuning uchun nega bularning gapini eshitamiz, nega bularga juda katta e'tibor beramiz, shu narsaga hayronman. Ularning o‘zining faoliyat yuritish va baholash kriteriyalarini qayta ko‘rib chiqish kerak.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovga savol bermoqchiman. Nega emissiya qilmaymiz-da, tashqaridan pul olishga harakat qilamiz. O‘zimizni ichki bozorda hozir so‘mning ahamiyati dollarga nisbatan boshqachami?

Mamarizo Nurmuratov,
Markaziy bank raisi:

Mamarizo Nurmuratov

– Bu – doimiy qaytarilayotgan savol. Bu yerda ochiq aytishim kerakki, bozor tamoyillariga yo‘naltirilgan iqtisodiyotning barchasida Markaziy bank tomonidan bevosita davlatga, hukumatga qarz berish inflatsiyaga olib keladi. Bu narsa tahlillarimizdayam aks etgan.

Shuning uchun ham bizning «Markaziy bank to‘g‘risida»gi qonunlarimizda, shuningdek, hamma rivojlanayotgan mamlakatlarda ham, rivojlangan, bozor tamoyiliga asoslangan davlatlarda ham Markaziy bankning bevosita hukumatga, davlat budjetiga bevosita kredit berishlari bu inflyatsion omil sifatida baholanib kelgan. Shu nuqtayi nazardan biz ham bu narsani tan olamiz.

Buni kundalik hayotimizda ham bilib boryapmiz. O‘tgan yili, undan oldingi yillarda imtiyozli kreditlarni berilgani, undayam Markaziy bank hisobidan berilmagan bo‘lsa-da, bank-moliya sohasiga, kredit siyosatiga ma'lum darajada ta'sirini o‘tkazdi. Shu nuqtayi nazardan olib qaraydigan bo‘lsa, ichki bozorimizda pul massasi ko‘payishi o‘z-o‘zidan albatta inflatsiyani olib kelishga juda katta omil bo‘lgani munosabati bilan biz bu instrumentdan foydalanishni lozim ko‘rmaganmiz.

Lekin ikkilamchi bozordan davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib olish yoki tijorat banklarining aktivlarini Markaziy bank o‘ziga olish orqali iqtisodiyotdagi asosiy pul massasini muvofiqlashtirib boryapmiz. Qisqacha aytadigan bo‘lsam, biz buning inflyatsion effekti, inflyatsion ta'siri ko‘proq bo‘lgani uchun bu instrumentdan foydalanishni lozim deb topyapmiz. 

Abdulla Abduqodirov:

– Mamarizo Berdimuratovich, tashqi qarz sifatida olinayotgan 3 mlrd dollar ham baribir so‘mga aylantirilib ichki bozorga chiqariladi-ku?!

Mamarizo Nurmuratov:

– 3 mlrd dollarmi, qancha miqdorda tashqi qarz olishimizdan qat'i nazar bu valuta bozori orqali iqtisodiyotdagi pulni yana o‘ziga qaytarib berishga teng. Uni Markaziy bank sotib olib pul chiqarmaydi. Ya'ni iqtisodiyotdagi pulni o‘sha valutaga almashtirib iqtisodiyotga qo‘shimcha pul chiqarishning samarasi past bo‘ladi. Shuning uchun bundan foydalanmaymiz.

Timur Ishmetov,
Moliya vaziri:

Timur Ishmetov

– Abdulla aka, yuqorida reyting agentliklari haqida fikr bildirib o‘tdingiz, men bu fikrlaringizga qo‘shila olmayman. Birinchidan, biz reyting agentliklari bilan ishlayotganda amalga oshirayotgan ishlarimiz faqatgina reyting agentliklari uchunmas, ularning baholashi uchunmas. Reyting agentliklarining bahosi bu bizning faoliyatimizga baho beruvchi yagona institut, instrument emas. Bu – bir necha instrumentlardan bittasi.

Biz qo‘llaydigan ikkinchi instrument, bu – xalqaro moliyaviy tashkilotlar, ular bilan faol ish olib boryapmiz. Ular ham O‘zbekistondagi moliyaviy islohotlar yuzasidan o‘z munosabatini bildirib turishadi. Bilasiz, turli hisobotlarida, Xalqaro valuta jamg‘armasi kelib har yili faoliyatimiz bo‘yicha o‘z munosabatini bildiradi. Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa hamkorlarimiz bilan ham shu tarzda fikr almashib kelmoqdamiz.

Uchinchi instrument sifatida jamoatchilik fikrini o‘rganishga va inobatga olishga harakat qilyapmiz. Bunaqa instrumentlar judayam ko‘p. Instrumentlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, ishimiz shunchalik osonlashadi.

Albatta, bu reyting agentliklariga ham, Xalqaro valuta jamg‘armasiga ham bizdayam savollar tug‘iladi. Biz judayam ko‘p marta uchrashamiz, judayam qizg‘in, bugungidan ham jiddiyroq tortishuvlar bo‘lib turadi o‘rtada. Lekin bular bergan bahoni dunyoda hamma tan oladi.

Metodologiyasi bo‘yicha savol bo‘lishi mumkin. 2008 yilgi jahon iqtisodiy inqirozini eslatdingiz. Bundan keyin, adashmasam, ularda ham metodologiya o‘zgardi. Vaqt o‘zgargan sari ular ham metodologiyani o‘zgartirib boradi. Butun dunyo investorlari ular bergan bahoga e'tibor beradimi?! [Ularga] «Bizning yagona, o‘zimizga xos yo‘limiz bor, hamma noto‘g‘ri qilyapti, ularga e'tibor bermaymiz», deyishimiz menimcha noto‘g‘ri.

Mana, hozirgi tashqi qarz masalasidan kelib chiqib, mashhur ikkita reyting agentligidan bittasi O‘zbekistonga oid reyting ko‘rsatkichlarini o‘zgartirgan, ikkinchisi o‘zgartirmadi. Demak, ularning ham ikki xil fikri bor. Bizdayam ularga to‘g‘ridan to‘g‘ri savol bor: «Nega anavi o‘zgartirmadi, sen o‘zgartirding?!».

Bu – ish jarayoni. Ularning ekspertlari, iqtisodchilari bilan anchadan beri ishlab kelamiz. Har holda bizda ular bizda iqtisodiyotni tushunmaydigan mutaxassislar sifatida shubha tug‘dirmagan. Xalqaro moliyaviy tashkilotlar va reyting agentliklari bilan ishlashdan bizga zararidan ko‘ra foydasi ko‘proq.

25 yil va undan ko‘p vaqt davomida ular bilan ishlamaganmiz, ularni O‘zbekistonga yaqinlashtirmaganmiz. Ular bilan ishlash jarayonida qiyinchilik bo‘lishini, reyting bo‘yicha shubhalar tug‘ilishini, reyting pastlab ketgan paytlarda jahlimiz chiqishini bilib turib shu qadamni bosdik. Buning albatta foydasi bo‘ladi. Shu jihatdan ularning bahosini inobatga olmaslik to‘g‘ri emas deb hisoblayman.

Odiljon Isoqov,
Moliya vaziri o‘rinbosari:

Odiljon Isoqov​​​​

– Abdulla aka, olinayotgan davlat tashqi qarzlari qayerga ishlayapti deb so‘radingiz. Moliya vazirligi shu paytgacha uch marta davlat tashqi qarzi holati va dinamikasiga sharh deb nomlangan hisobotlarni ishlab chiqdi. 2020 yilning I choragidagi holat bo‘yicha ma'lumotni bugun e'lon qildik, undan oldin 2019 yil yakuni bo‘yicha chiqarganmiz, undan avvalgisini 2019 yil III chorak bo‘yicha chiqarganmiz. Bundan buyon bu boradagi hisobotlarni har chorakda chiqarib boramiz.

Ushbu hisobotlarning ilovalarida 2017 yildan beri tashqi qarzni olish uchun berilgan kafolatlar va imzolangan tashqi qarz bitimlari bo‘yicha qisqacha ma'lumotlar mavjud. Ular bilan tanishib, bu boradagi savollaringizga javob topishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, «Munozara klubi» hukumatning iqtisodiy bloki tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, u masalalar yuzasidan fikr almashish, jamoatchilikni kelgusi rejalar yuzasidan xabardor qilishning yangi platformasi sifatida taklif etilgan. 13 iyun kuni klubning ilk uchrashuvi o‘tkazildi.

Klubning birinchi muhokamasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Moliya vaziri Timur Ishmetov, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov, deputatlar, ekspertlar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar va reyting agentliklarining vakillari, jurnalistlar qatnashishdi.

Ko‘proq yangiliklar: