Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyati Sardoba tumani Do‘stlik mahallasida 28 xonadon fuqarolari noroziligi namoyish etilgan videolavha tarqaldi.
Sardoba tumani hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu fuqarolarning xonadonlari maxsus komissiyani qarori bilan yaroqsiz deb topilganligi aniqlanib, ushbu xonadon egalariga ham O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 40 million so‘mlik moddiy yordam, shuningdek, maishiy texnikalar uchun sertifikatlar topshirilgan.
“Hozirda tuman hokimligi tomonidan buzilish ishlari to‘xtalib, ushbu vaziyat yuzasidan maxsus komissiya va viloyat hokimligiga ma'lumot kiritilgan.
Shuningdek, Xalq deputatlari Sardoba tuman Kengashi deputatlari tomonidan tuzilgan ishchi guruh ushbu holat yuzasidan o‘rganish olib borilmoqda”, - deyiladi ma'lumotda.
Joriy yilning 1 may kuni Sardoba suv omboridan suv chiqishi natijasida yaqin atrofdagi fuqarolarning uylari, chorva mollari hamda hosillariga zarar yetgan. Ayni paytda uylarda ta'mirlash ishlari olib borilmoqda, aholi istiqomati uchun hozirlanmoqda. Shuningdek, tumanda yangi ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlab yuborilgan.