Andijonda yo‘l kira ikki barobar qimmatlashdi. Sabab nimada?

Jamiyat 14:02 / 12.06.2020 50499

Tahririyatga Andijon viloyati tumanlaridan yo‘l kira narxlari keskin oshib ketgani haqida ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda. Andijon «yashil» hududda. Viloyatdagi shahar va tumanlararo harakatlanishga ruxsat berilgan. Biroq, yo‘l kira narxlari keskin oshib ketgan. Viloyat markaziga qatnab ishlaydigan ishchi-xodimlar va aholi bu holatdan norozi bo‘lmoqda.

Hozirgi kunda ayrim yo‘nalishlardagi asosiy transport vositasi bo‘lgan «Damas» va taksilarda yo‘l kira narxlari quyidagicha ekan:

Andijon tumani markazi – Andijon shahri yo‘nalishi. Yo‘lkira 4 ming so‘m (karantindan oldin 2 ming so‘m).

Oltinko‘l tuman markazi – Andijon shahri yo‘nalishi. 5 ming so‘m (karantindan oldin 3 ming so‘m).

Paxtaobod tumani markazi – Andijon shahri yo‘nalishi. 8-10 ming so‘m (karantindan oldin 5-6 ming so‘m).

Qo‘rg‘ontepa tumani markazi – Andijon shahri yo‘nalishi. 10 ming so‘m (karantindan oldin 7-8 ming so‘m).

Buloqboshi tumani markazi – Andijon shahri yo‘nalishi. 8-10 ming so‘m (karantindan oldin 5 ming so‘m).

Marhamat tumani markazi – Andijon shahri yo‘nalishi. 8-10 ming so‘m (karantindan oldin 5 ming so‘m).

Chinobod shaharchasi – Andijon shahri yo‘nalishi. 10 ming so‘m (karantindan oldin 5 ming so‘m).

Baliqchi tumani – Andijon shahri yo‘nalishi. 15 ming so‘m (karantindan oldin 8-10 ming so‘m).

Yo‘nalishlardagi Damas va taksilar tomonidan yo‘l kira haqi oshishi uchun yoqilg‘i narxini ko‘tarilishi yoki yo‘nalish egasi bo‘lgan transport uyushmalari tomonidan kunlik to‘lov miqdori oshirilishi singari ma'lum sabab bo‘lishi lozim. Biroq bu vaziyatda ikki sabab ham yo‘q.

Yo‘l kira narxi nima uchun ko‘tarilib ketgani bo‘yicha tumanlararo yo‘nalishda harakatlanayotgan Damas haydovchilari bilan suhbatlashdik. Ular hali tumanlararo yo‘nalishlar bo‘ylab yo‘lovchi tashishga ruxsat berilmagani bois tavakkal qilib taksichilik qilishayotgani, agar tekshiruvga to‘g‘ri kelishsa katta miqdorda jarima borligi bois narxni ko‘tarishganini bildirishdi.

«Harakatlanish uchun ruxsat berilsa, arzonroq narxda qatnar edik», haydovchilardan biri.

Farg‘ona viloyatidagi holat bilan ham qiziqdik. U yerda narxlar o‘zgarmagan. Farg‘ona shahridan Yozyovon tumani markazi yo‘nalishi, Furqat tumani markazidan Farg‘ona shahri tomon yo‘nalishlarda yo‘l kira narxi karantindan oldingi holatda saqlanib qolibdi.

Viloyat transport boshqarmasida

Andijon viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i  o‘rinbosari Adhamjon Tolakov masala yuzasidan izoh berdi.

«Andijon viloyati «yashil» hudud toifasiga kirishi munosabati bilan 8 iyundan boshlab karantin qoidalariga amal qilgan holda, jamoat transporti (avtobus) va taksilar harakatlanishiga ruxsat berildi. Andijon shahrida 40ga yaqin yo‘nalishlarda avtobuslar grafik asosida harakatlana boshladi. Bundan tashqari, avtobus qatnovi -Qo‘rg‘ontepa-Andijon, Xo‘jaobod-Andijon, Asaka-Andijon, Marhamat-Andijon va Poytug‘-Andijon yo‘nalishlarida ham qisman  yo‘lga qo‘yildi.

Hozirgi kunda tumanlar va shaharlararo qatnayotgan «Damas» va yengil avtomashinalarga maxsus komissiya tomonidan ruxsat berilgani yo‘q. Ayni paytda bu avtomashina egalari noqonuniy harakatlanmoqda. Ularning boshqarma yoki uyushmalarga bog‘liq joyi yo‘q», deydi boshqarma mas'uli.   

Transport boshqarmasidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatida 150ta avtobus ishchi holatda ekan. Lekin uch milliondan ziyod aholi istiqomat qiluvchi viloyat uchun bu raqam kamlik qilmoqda.

Xulosa     

Qayd etish kerakki, vodiy viloyatlarida jamoat transporti sifatida avtobus emas, ko‘proq Damas avtomashinasi tushuniladi. Andijonda  yo‘nalishni tenderda yutib olib, avtobus qatnovini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorning foyda qilgani kuzatilmagan. Chunki, odamlar tezkor Damas’larda yoki yo‘lovchi tashishga moslashgan yengil avtomobillarda yurishga o‘rgangan. Viloyatda bekatlarda avtobus kutib turgan yo‘lovchilarni deyarli uchratmaysiz.

Lekin ixchamgina Damas’da yo‘lovchilar oraliq masofani saqlashi imkonsiz. Biroq, ayni paytda Andijon aholisi baribir Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ruxsat berilmagan transport vositalarida ikki baravar qimmat narxda bo‘lsa-da harakatlanmoqda. Komissiya vaziyatdan kelib chiqib yechim berishi kerak bo‘ladi.

Kun.uz muxbiri Sarvarbek Nazarov

Ko‘proq yangiliklar: