Prezident Farg‘onada «Loyihalar fabrikasi» taqdimoti bilan tanishdi. Bu qanday fabrika?

Iqtisodiyot 19:55 / 11.06.2020 16721

Kun.uz muxbiri fabrikada ish boshlagan yosh konsultantlar bilan uchrashib, «Loyihalar fabrikasi» haqida ma'lumot to‘pladi.

«Loyihalar fabrikasi» nima o‘zi?
 

Abdulvosid Minojiddinov, Loyihalar fabrikasi konsultanti:

«Loyihalar fabrikasi» O‘zbekistonda birinchi bor Farg‘onada ish boshladi. Fabrikani ochishdan asosiy maqsad – hudud iqtisodiyotini rivojlantirish uchun ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda farg‘onaliklarni tadbirkorlikka ko‘proq jalb qilish. Biz shuningdek, g‘oya egalariga o‘z g‘oyalarini realizatsiya qilish jarayonida duch keladigan turli jarayonlarda yordamlashamiz.

Fabrikada tadbirkorlik loyihasiga ega yoshlarning fikrlari eshitiladi. Loyihalar bu yerda ishlovchilar tomonidan hisob-kitob qilinadi va investorlar hamda tijorat banklariga tavsiya qilinadi.

Prezident Mirziyoyev fabrika haqida tayyorlagan taqdimotimizni ko‘rdi. Uning aytgan gaplari esa bizga katta va jiddiy motivatsiya berdi. Prezident bizga «kelajakda O‘zbekistonga kirib kelayotgan barcha investitsiyalar hududlardagi shu kabi loyihalar fabrikasida o‘rganishdan o‘tishi kerak», – dedi.

Kelgusida haqiqatan ham, O‘zbekistonning har bir tumani o‘z «Loyihalar fabrikasi»ga ega bo‘ladi. Bu fabrikada tayyorlangan loyihalar o‘sha tumanda tadbirkorlarni ko‘paytirish, kirayotgan investor va investitsiyalarga xizmat qiladi.

Fabrikani uchta bank moliyalashtiradi

Muhammadxon Mo‘ydinov, Loyihalar fabrikasi konsultanti:

Farg‘onadagi «Loyihalar fabrikasi» 3ta bank qoshida tashkil qilindi. Bular O‘zbekiston Milliy banki, Sanoat qurilish bank va Asaka bank.

Ko‘pchilik va jumladan, siz ham bizdan loyihalarning moliyalashtirilishi haqida so‘radingiz. Bu yerda bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak, biz loyihalarni moliyalashtirmaymiz. Bu bizga yuklama emas. Bizning vazifamiz – yangi, innovatsion, kreativ va samarali loyihalarni o‘rganish yoki dunyoning turli davlatlarida yaxshi samara bergan loyihalarni Farg‘onaning mahalliy sharoitiga adaptatsiya qilish.

Biz fabrikada ishlangan va har tomonlama hisoblangan yangi g‘oyalarni tadbirkorlarga taklif ham qilamiz. Biz hozircha tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun bu loyihalarni bepul taklif qilamiz, lekin keyinchalik fabrikada ishlangan g‘oyalar sotila boshlaydi.

«Loyihalar fabrikasi» bekorga uchta bankka biriktirilmayapti. Biz ish jarayonida banklar bilan yaxshi hamkorlik o‘rnatamiz. Ular biz taklif qilgan loyihalarni o‘rganib chiqib, samara berishiga ishonsa moliyalashtiradi. Albatta bunda moliyalashtirish bankning o‘z siyosatidan kelib chiqadi. Bank eng yaxshi g‘oyalarni moliyalashtirmagan taqdirda ular uchun kafillik berish yoki investor topib berish imkoniyatimiz ham bor.

«Bizda banklar startaplarni moliyalashtirishga qo‘rqishadi»
 

Nilufar Ziyovuddinova, Loyihalar fabrikasi konsultanti:

O‘zbekistonda banklarning startap loyihalar bilan ishlash tizimi yaxshi rivojlanmagan. Bizda startaplarga jiddiy e'tibor berilmaydi. Buning birinchi sababi, startapni yaxshi tushunadigan mutaxassis kam, ikkinchisi, uning yaxshi ishlab ketishi boshidanoq aniq bo‘lmaydi. Ya'ni startapga pul tikishdan qo‘rqishadi.

Biz yoshlarning shu kabi yangi startaplarini puxtaroq ishlashga va hisob kitoblariga ko‘maklashamiz. Shuningdek, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib olganlarga keyingi marketing ishlarida ham maslahatimiz bilan ko‘maklashamiz.

Atrofimizda shunday kishilar bo‘ladiki, ularda pul bor va tadbirkorlikning qaysidir turi bilan shug‘ullanishni istashadi, ammo g‘oya yo‘q.

«Loyihalar fabrikasi» g‘oyasi bor, mablag‘i yo‘q va mablag‘i bor-u, g‘oyasi yo‘q kishilarni bir-biriga uchrashtirish uchun ko‘prik ham.

Fabrikamizda loyihalar katalogi tayyorlanmoqda. Ular tadbirkorlarning  qancha puli borligiga qarab taklif qilinadi. Qisqasi, O‘zbekistonda g‘oyalarni yig‘adigan, g‘oya egalarini eshitadigan va ularga yordam beradigan yangi tizim yaratilmoqda.
 

«Rejamiz g‘oyalarni intellektual mulk darajasiga olib chiqish»

Sadafbek Husanboyev, loyiha menejyeri:

Umuman olganda, «Loyihalar fabrikasi»ning nizomi, dasturi va ish faoliyatidagi barcha yo‘nalishlar hozirda Investitsiya va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilmoqda.

Bunda fabrikaning 3-5 yillik dasturi ham belgilab olinadi.

Faoliyatimiz bo‘yicha dasturda xorijdagi elchilarimiz orqali investorlar bilash ishlash imkoniyati ham belgilanmoqda. Unga ko‘ra, biz chet eldan keladigan investorlarga hudud imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tayyorlangan loyihalarni taklif qilamiz.

Rejamiz g‘oyalarni intellektual mulk darajasiga olib chiqish.

Fabrikamiz uchun hozircha 7ta shtat berishdi, ammo uni 15tagacha ko‘paytirishimiz mumkin. Xodimlarning barchasi yoshlar.

Hozirgacha yoshlar tadbirkorligi sohasida faqat seminarlar va bu seminarlar tugagach ularga sertifikat berish bilangina cheklanib kelinyapti. Afsuski, sertifikat olgan yoshlarning keyingi taqdiri bilan ko‘p holda qiziqilmaydi. Shuning uchun ham bu tizimni juda samarali deb bo‘lmaydi. Ya'ni yoshlarning g‘oyalari ko‘p holda faqat biznes loyihagacha yetib borgan.

Biz esa yoshlarga loyiha tuzishdan to tadbirkorligini har tomonlama rivojlantirib olguncha bo‘lgan jarayonda ko‘maklashamiz.

Ilyos Safarov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: