Pandemiya sharoitida aholi tomonidan nooziq-ovqat tovarlari sotib olish hajmi kamaydi - MB 

Iqtisodiyot 14:36 / 11.06.2020 3695

Joriy yil aprel oyida pandemiya ta'sirida inflatsiya 1,7 foizni tashkil etdi, deb xabar bermoqda Markaziy bank.

Qayd etilishicha, bu asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va shaxsiy gigiyena vositalariga bo‘lgan talabning keskin o‘sishi va unga bozor narxlarining moslashishi bilan izohlanadi.

“May oyida narxlarning umumiy darajasi ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlarining pasayishi, pandemiyaga qarshi cheklov choralarining yumshatilishi va iqtisodiy faollikning asta-sekin tiklanishi hisobiga nisbatan barqarorlashdi. Joriy yilning may oyida narxlar 0,3 foizga o‘sib, yillik inflatsiya 14 foizni tashkil etdi va prognoz ko‘rsatkichlari doirasida bo‘ldi.

Ta'kidlash joizki, pandemiya sharoitida aholi tomonidan asosan oziq-ovqat va dori-darmon tovarlariga ehtiyoj yuqori bo‘ldi va bir vaqtning o‘zida nooziq-ovqat tovarlari sotib olish hajmi kamaydi hamda bu o‘zgarishlar iste'mol narxlari indeksida ham o‘z aksini topdi”, - deyiladi regulyator ma'lumotida. 

Bildirilishicha, bu omil aholi va tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi hamda inflyatsion kutilmalariga ma'lum darajada ta'sir ko‘rsatdi. 

May oyida iste'mol narxlarining nisbatan barqarorlashishi bilan inflyatsion kutilmalarda ham pasayish kuzatildi, lekin hali ham inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qolayotgani aytiladi.

Ko‘proq yangiliklar: