«Superligamiz to‘xtatilmaganida Angliyada ham ko‘rsatishardi». Translatsiya qiyinchiliklari, tanqidlar, sharhlovchilar haqida «Sport» TV rahbari bilan ochiq suhbat

Sport 15:11 / 10.06.2020 15819

«Maqsadimiz daromad qilish emas - biz targ‘ibotchi kanalmiz»

- Zohid, pandemiya davri «Sport» telekanaliga qanday ta'sir qildi? Karantin davridagi Superligamiz translatsiyasi qanday qiyinchilik yoki o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi?

- Yaxshi savol. Ochig‘ini aytsam, pandemiya davrida translatsiyalar amalga oshirish biz uchun ham sinov bo‘ladi. Butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham barcha sport turlari to‘xtatib qo‘yildi. Sport tadbirlarini translatsiya, yangilik, ko‘rsatuv shaklida ko‘rsatadigan telekanalimiz barcha musobaqalar to‘xtatib qo‘yilgan bir paytda asosan takrorlardan foydalanib, efirlarimizni to‘ldirib turdik.

Superliga davom etishi haqidagi xabar e'lon qilingach, PFL direktori Diyor Imomxo‘jayev bilan suhbatlashib, chempionatni qay shaklda yoritib borish borasida gaplashdik. Bu borada PFL o‘z bayonnomasini tuzgan. O‘yinlarni o‘tkazish bo‘yicha ehtiyot choralari va talablar aniq belgilangan. Xususan, o‘yinni yoritish jarayonida TV xodimlari, jurnalistlar qanday ishlashi haqida ham aniq ko‘rsatmalar bor. Ammo katta ijodiy jamoa bilan viloyatlarga safarga chiqilganda mehmonxonada qolish bor, viloyatlar orasida qatnovda hududlarning qizil-sariq-yashil tarzda belgilanganini inobatga olsak vaziyat va sharoit qanday bo‘ladi – ochig‘i, boshlab olganimizdan keyin ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda esa biz odatdagidek ishlashga tayyormiz. Umid qilamanki, ko‘ngilsizliklar bo‘lmaydi.

- Aytaylik, «qizil hudud»ga har safar bitta guruhni yuborish ma'qulmi yoki rotatsiya qilib turish kerakmi?

- Bu borada muammo yo‘q. Sababi karantin davrida ham bu turda ishlaydigan xodimlarning faoliyati to‘xtagani yo‘q. Ularning barchalari ehtiyot choralariga qat'iy amal qilib ishlashda davom etishdi.

«Bolajon» kanalida ham futbol ko‘rsatasanmi degan kesatiqlar ham uchrayapti»

- Jonli translatsiyalar bo‘lmagan bir paytda har qancha yaxshi rolik yoki ko‘rsatuvlar tayyorlanmasin xohlaymizmi yo‘qmi telekanalning reyting darajasi tushadi. Aytingchi, Superliga va Bundesligadan tashqari «Sport» telekanali qaysi katta musobaqalarni namoyish etish uchun da'vogar va reytingni oshirish uchun yana nima qilish kerak?

- To‘g‘ri, televideniyada reyting muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo bitta faktorni unutmaslik lozimki, biz davlat telekanalimiz. Biz davlat buyurtmasini bajaradigan telekanal. «Sport» telekanali nizomida aynan ommaviy sportni targ‘ib qilish, bolalar sporti, yoshlarimizning mamlakatimiz va xorijda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini yoritib borish ko‘rsatib o‘tilgan. Ya'ni, sog‘lom hayotni targ‘ib qiladigan targ‘ibotchi kanalmiz. Endi muxlislarda tanlash imkoniyati ham borki, davlat buyurtmasi bilan sportni targ‘ib qiladigan va tijoriy maqsadda ochilgan telekanalning kontentida farq bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan bizning asosiy maqsadimiz daromad qilish emas. Shu bois MTRK rahbariyati ham bizdan katta musobaqalarni yoritib, serdaromad olishni so‘ramaydi, biz qoplasak shuning o‘zi yetarli. Chunki budjetdan katta musobaqalarni sotib olinglar deb pul ajratilmaydi. Budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga olinadigan kontent bu. Biz ham tomoshabinni jalb etish uchun eng qiziqarli narsalarni ko‘rsatishimiz kerak, ammo shu bilan birga yurtimiz sportidagi voqealarni yoritib borishimiz zarur.   Superliga ulardan biri.

Bilasiz, mamlakatimizda juda ham ko‘p musobaqalar o‘tkaziladi. Ammo bizdagi turnirlar bilan xorijdagi musobaqalarni tashkil etish farq qiladi. Chet elda musobaqalarni tashkil etish bilan ma'lum kompaniya shug‘ullanib, translatsiyani amalga oshiradiganlar hamda xalqaro va mahalliy federatsiyalar bilan hamjihatlikda, kerak bo‘lsa kimlarnidir yo‘llab chiroyli qilib o‘tkazishadi. Shartnomada hammasi aniq ko‘rsatilgan bo‘ladi. Bizda esa bu jarayon sal boshqacha bo‘ladi. Aytaylik, sport federatsiyasi xalqaro musobaqani o‘tkazishni maqsad qilsa, bu eng avvalo Jismoniy tarbiya va sport vazirligining belgilangan taqvim rejasidan o‘rin olgan bo‘lishi shart. Keyin ular bu borada hukumatga murojaat etishadi. Sababi xorijdan sportchilar taklif qilinganda musobaqa nufuzli o‘tishi kerak. Protokol rasmiylashtirilgach bu borada IIB, Sog‘liqni saqlash vazirligi, SES va hokazolar qatorida MTRK ham jalb etiladi. Ya'ni bizga turnirni yoritish tavsiya qilinadi. Mana shu paytda hech kim narigi tomonda Superliga davom etayapti deb buni inobatga olmaydi. Translatsiya uchun texnika esa sanoqli. Ustiga-ustak ko‘chma televizion stansiyasining geografik jihatdan A nuqtadan B nuqtagacha yetib borishi uchun ham vaqtni oladi.

2017 yilda o‘sha paytdagi O‘FA rahbariyatidan Umid Ahmadjonov Superliga uchrashuvlarini hamma o‘yinlarini namoyish etish masalasida murojaat etgandilar. Ammo aksariyat stadionlarimizdan signalni uzatishni imkoniyati yo‘q edi. Aytaylik, Termizdagi o‘yinni jonli ko‘rsatish uchun Toshkentga signal yuborishni iloji bo‘lmasa, bu televideniyaning aybi emas. Bu aloqachilarning vazifasi. Ammo buni hammaga ham tushuntirib bo‘lmaydi. Shunga qaramay, bu borada yangiliklar bo‘lib yaxshi o‘zgarishlar qilinayapti. Aytmoqchimanki, TV-translatsiyalar faqat bizga bog‘liq jarayon emas, bu bizning professional yoki noprofessionaligimiz bilan o‘lchanmaydi. Kompaniya rahbariyatiga rahmat, Superligadagi parallel o‘yinlarni namoyish etish uchun boshqa telekanallarimizni ham yordamga berishdi. Chunki, 4-turning oxirgi kundagi uchta o‘yini parallel vaqtda tushib qolgan. Shunga qaramay, yaqin orada «Bolajon» kanalida ham futbol ko‘rsatasanmi degan kesatiqlar ham uchrayapti. Mayli, tanqidlarga o‘rganganmiz.

«2 yil A Seriyasini ko‘rsatdik reklama beruvchilar oshib ketgani yo‘q – ularga APL kerak»

- Tan olaylik, nufuzli turnirlarni ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritishda «Sport» telekanali o‘z pozitsiyalarini biroz boy beryapti. Telekanal kimning qaramog‘ida bo‘lishidan qat'i nazar reyting, pul ishlash haqida o‘ylashi kerak emasmi?

- Mana endi qarang, shu kunlarda biz Bundesliganing huquqiy namoyishchisimiz. Bundesliga va Superliga o‘yini parallel tushib qolganda qaysi birini namoyish etishimiz kerak?

- Muxlis sifatida aytadigan bo‘lsam, qaysi o‘yinning muhimlik darajasi, zalvori ko‘proq bo‘lsa o‘sha bahs namoyish etilishi kerak. Masalan, «Bavariya» - «Borussiya» o‘yini va «Surxon» - «Mash'al» bahsi bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolsa, Bundesliga bahsini ko‘rsatish lozim. «Paxtakor» - «Lokomotiv» bahsi to‘g‘ri kelib qolsa, unda Toshkentdagi uchrashuvni. Ya'ni chempionatlardagi jamoalarning turnir jadvalidagi maqsad va vazifalariga qarab aniqlanishi kerak.

Aytmoqchimanki, «Sport» Premer-liga, La Liga, A Seriya va katta turnirlarni qo‘lga kiritmay, kanalning davlat qaramog‘ida ekanligi ortidan boshog‘riqlardan osongina qutilmayaptimi?

- Jarayonni sizga aytaman. Misol uchun, jahon chempionati bo‘ladimi yoki Kopa Amerikami FIFAning talabi bo‘yicha tender o‘tkaziladi. Aytaylik, O‘rta Osiyoda namoyish bo‘yicha huquqni qo‘lga kiritgan kompaniya bizga murojaat qiladi. Ushbu turnirning O‘zbekiston hududida translatsiyasi huquqini qo‘lga kiritish uchun «Istiqbolli media loyihalar boshqarmasi» savdoga kirishadi. Bu borada talabgor bir nechta bo‘lsa, barchadan qancha narx bera olishini so‘raydi. Kerak bo‘lsa, kim oshdi savdosi singari o‘tkazadi. Bunday paytda biz translatsiyani olaylik-da, hammamiz ko‘rsataylik deymiz. Chunki bizning bosh maqsadimiz daromad qilish emas, hammaga namoyish etish. Shuning uchun ham, Germaniya Bundesligasini O‘zbekistonda namoyish etish huquqi «Sport» TVda bo‘lsa-da, biz O‘zbekiston hududida Germaniya chempionatini ko‘rsatayotgan Rossiyaning «Match» TV kanali bilan janjallashib, ko‘rsatmaysan deyotganimiz yo‘q. Mayli, odamlar tanlasin, qaysini istasa ko‘rsin, xohlagan sharhlovchisini eshitsin. Shunga qaramay, aytishim kerak huquq masalasi borgan sari jiddiylashayapti.

Bilasizmi, ikki yil Italiya A Seriyasini ko‘rsatdik. Ammo, reklama beruvchilar oshib ketgani yo‘q. Reklama beruvchilar Angliya Premer-ligasidan boshqasiga unchalik hushi yo‘q, ishoning.

Misol uchun katta tennis turnirlari huquqi qo‘lga kiritilib, namoyish etilsa va bunga reklama beruvchilarni chaqirsak, reklama berilishi juda qiyin. Reytingi past, kino yoki serial emas bu deb rad etishadi. Faqatgina jahon va yevropa chempionatlari, O‘zbekiston milliy jamoasi o‘yinlariga reklama bo‘ladi. Boshqa sport turlariga reklama beruvchilarni ko‘ndirish juda qiyin.

- Katta turnirlar oxirgi yillarda nega sotib olinmayapti?

- Chunki narx juda ham baland.

«Superligamiz to‘xtab qolmaganida Angliyada ham ko‘rsatishardi»

- Misol uchun Yevropa Chempionlar ligasi ko‘rsatish narxi qancha?

- Buni bilmayman. Bitta misol. Pandemiya davrida Belaru Oliy ligasini bir muddat ko‘rsatdik. Shu chempionatni «Match TV» 230 ming AQSh dollariga sotib olgan. Ammo bu chempionatdan shuncha daromad qilib bo‘ladimi? Qiyin masala. O‘zi reklama bozori ham sal o‘zgargan. Yakunda bu chempionatni ko‘rsatish maqsadli emas deb hisobladik. Aslida bu ligada Yaxshiboyev to‘p surayotgani uchun namoyish etmoqchi edik. Ammo ko‘rindiki liga saviyasi yetarli darajada emasdi. To‘g‘risi, taqqoslab Superligamiz saviyasidan xursand bo‘ldim.

Bilasizmi, ko‘pchilik O‘zbekistonda «Sport» telekanalini uncha ko‘rmaydi deyishadi. Ammo xorijda muntazam monitoring qilib kuzatib borishadi. Belarus Oliy ligasini ko‘rsata boshlaganimizda Ukrainadan qo‘ng‘iroq qilib, «Sport» kanalimizni tomosha qilayotganliklarini aytib, Belarus Oliy ligasini namoyish etish huquqi ularda ekanligini aytishgandi.

Pandemiya davrida Superligamiz to‘xtab qolmaganida chempionatimizni hattoki Angliyada ham ko‘rsatishardi. O‘shanda Tojikiston Oliy ligasini Yevropada ko‘rsatishdi.

- Yevro-2020 musobaqasiga harakat qilindi. Ammo sotib olishning imkoni bo‘lmadi. Sabab?

- Qimmat narx. Bizga narx e'lon qilindi. Biz savdolashdik. Ko‘p o‘tmay, bizga aytishdiki «bo‘ldi, sizning hududingizda translatsiya huquqi boshqaga sotildi». Sababi, bizdan maksimal qancha berishimizni so‘rashganda, misol uchun biz 100 ming desak, boshqa tomon 101 ming desa ham namoyish huquqi egasi bo‘lmish Shveytsariya yoki Turkiya kompaniyasi o‘sha ko‘proq taklif qilganga berib yuboradi.

- Yaqinda PFL o‘z musobaqalari bo‘yicha tender e'lon qildi. Odatda, TV-translatsiya uchun kanallar ligalarga pul to‘lashadi, bizda esa aksincha PFL telekanalga pul to‘laydi. Ma'lum bo‘lishicha, PFL translatsiyani internet orqali sotishga tendir e'lon qilgan ekan. Ammo bu translatsiyani «Sport» TV onlayn tarzda ko‘rsatmoqchi bo‘lgan internet nashriga berishi kerak...

- Bu ikki tomonlama kelishuv asosida kechadi. Chunki bu borada PFL bilan kelishuvimiz bor. Biz tasvirni qizg‘anmaymiz. Nega PFL «Sport» TVga to‘lashi haqida gapiradigan bo‘lsam, Umid Ahmadjonov Superligani to‘liq qamrab olish haqida aytganida shaxsan o‘zim bu juda qiyinligini, 20 kishiga yaqin odamlarning safar xarajatlari, texnik va ijodiy jamoaning mehmonxonalarda yashashi, ularga qalam haqi chiqarilishi katta xarajatlarni keltirishini aytgandim. Bu hammasi mablag‘ga borib taqaladi. Axir, uchta shahardagi o‘yinlarni katta texnik jamoa bilan namoyish etishni o‘zi bo‘lmaydi. Uchta o‘yinga 18 nafar operator kerak. Shu bilan birga telekanaldagi boshqa ko‘rsatuv va tadbirlar to‘xtamasligi lozim edi. O‘shanda O‘FA va PFL rahbariyati buni ortga surib bo‘lmasligini, to‘liq TV-translatsiya qilish vaqti kelganini aytib kerak bo‘lsa PFL tomonidan moliyaviy yordam berilishini ma'lum qildi. Yakunda MTRK rahbariyati va O‘FA rahbariyati kelishuvi bilan bu ishlar boshlandi.

Biz boshqa turnirlarni ham unutmasligimiz shart edi. Aytaylik, dzyudo bo‘yicha turnirlarda 12ta yuqori darajadagi kameralar bilan ishlashimiz turnir reglamentida kiritilgandi. Xullas katta mashaqqat evaziga amalladik. Shunga qaramay, translatsiyalar natijasida PFL titul homiyga ega bo‘ldi. Bu ham hamkorlikka plyus bo‘ldi. Aslida biz yordam beramiz deb o‘zlari aytishgandi, hech kim so‘ragani yo‘q edi. Xarajatlar smetasi ko‘rsatilganda «bu ish ancha qimmatga tusharkan» deyishgandi. Baribir biz translatsiya masalani hal qilishga harakat qilardik. Chunki MTRK hech qachon shunchaki qarab turmasdi.

 «Superliga va OChL translatsiyasi o‘zini qoplaganida bu turnirlar hozir boshqa kanallarda ko‘rsatilayotgan bo‘lardi»

- PFL ilk marta tender haqida gapirdi. «Sport» telekanali qachonlardir O‘zbekistondagi futbol musobaqalari – Superliga, Pro-liga va boshqa o‘yinlarni qo‘ldan chiqarishdan qo‘rqmaydimi?

- Yo‘q. Shaxsan men xursand bo‘lardim, qaysidir telekanal yordamchi bo‘lib musobaqani birga yoritsa.

- OChL bahslarini boshqa telekanal qo‘lga kiritsa-chi? Axir, bozor iqtisodiyotiga o‘tilayotganda «Sport» telekanalining ish tizimi noto‘g‘ri ekanligini tan olgan holda bozor uchun kurashishga to‘g‘ri keladi...

- Ishonamanki, bizda bo‘lgan tajriba va bizdagi texnik va ijodiy imkoniyatlar tufayli shu kecha-kunduzda aytaylik milliy jamoa o‘yinimizni kimdir yorita olmaydi. Agar O‘FA shunday qarorga kelsa, men ularning eshigini oldida yotib yig‘lasam ham foydasi yo‘q. Chunki, «og‘ayni, pulni tashlang, ko‘rsating, marhamat» deydi. Shunday bo‘lishidan cho‘chisam-da, biz to‘xtab qolmay, bor imkoniyatimizni ishga solamiz, kurashamiz. Masalan, Xitoyda Olimpiadani davlat kanali bo‘lmish CCTV orqali namoyish etilishi qonun bilan ko‘rsatib o‘tilgan. Aytmoqchimanki, shunday masshtabdagi musobaqalar borki uni hamma, qiziqadimi yoki yo‘q, har bir mamlakat fuqarosi ochiq kanalda ko‘ra olishi shart. Yana bir qo‘shimcha qilaman: xafa bo‘lishmasinu, tijoriy jihatdan Superligamiz ham, Osiyo chempionlar ligasi ham o‘zini qoplashiga hali vaqt bor. Ishoning, agar qoplaganida bu turnirlar hozir boshqa kanallarda ko‘rsatilayotgan bo‘lardi.

«Sharhlovchilar masalasi – og‘ir mavzu»

- Sharhlovchilar masalasida ham gaplashsak. Bu borada nima qilindi yoki qilinmoqchi?

- Chindanam bu og‘ir mavzu. Chunki hech qayerda sen zo‘r sharhlovchisan deb diplom berilmaydi. Shunga qaramay, yangi sharhlovchilar ham kirib kelayapti. Sharhlovchilar bor - ovozi zo‘r bo‘lishi mumkin, ammo futbolni tushunmasligi mumkin. Futbolni zo‘r tushunganida, ovoz to‘g‘ri kelmasligi bor. Nutqi, talaffuzi jihatdan muammo bo‘lishi mumkin. Muxlislarning imkon qadar barcha talablariga javob beradigan qilib sharhlovchilarni tarbiyalash aynan bizning vazifamiz. Bilasiz, biz asosan jurnalist yoki filologiya sohasidagi xodimlarni ishga olamiz. Ammo sohamizda maosh va qalam haqi katta emasligi, javobgarlik kattaligi uchun balki aksariyat yoshlar bunga unchalik xohlamas. Yaxshi sharhlovchilarimiz esa boshqa takliflar bilan boshqa joyda faoliyat yuritishmoqda.

- «Sport» telekanaliga sharhlovchilik orzusida kelmoqchi bo‘lgan, kerak bo‘lsa telekanal eshigi oldida yotib olishga tayyor yigitlarga nima degan bo‘lardingiz?

- Bemalol murojaat qilishsin. Sinab ko‘ramiz. Imkoniyat beramiz. Faqat umuman ma'lumoti yo‘qlar ham murojaat qilsa – bu qiyinroq masala. Shunga qaramay, iqtidorlilar uchun eshiklarimiz ochiq.

- Sharhlovchilikdan tashqari rahbar sifatida ishlaysiz. Zohid Karimov ko‘proq ijodkormi yoki rahbar?

- Ijod qilish kerak bo‘lganda ijodkorman, rahbarlik qilish kerak bo‘lganda rahbarman. Menimcha, ko‘proq ijodkorman.

- Tanla deyishsa, qaysi birini tanlaysiz?

- Albatta, ijodni tanlayman.

 Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: