Koreyadan ta'tilga kelib, ortga qaytishda muammoga uchragan fuqarolardan 31 nafari ishiga jo‘nab ketdi

Jamiyat 22:53 / 10.06.2020 16269

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan xabar berishlaricha, 10 iyun kuni shunday fuqarolardan 31 nafari charter reys orqali Koreyadagi o‘z ishiga joyiga jo‘nab ketgan.

Agentlik bu borada Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan muzokaralar olib borgan.

Muzokaralarda fuqarolarning Koreyaga kirib borishi uchun bir nechta qat'iy talablar qo‘yilgan.

  • Xususan, fuqarolar Koreyada o‘zi yoki ish beruvchisi hisobidan 14 kunlik majburiy karantin talablariga rioya qilish bo‘yicha rozilik bitimini tuzishi, O‘zbekistonda belgilangan tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari lozim.

«Shuningdek, Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan fuqaroning rozilik bitimida ko‘rsatilgan o‘zini-o‘zi yakkalash joyi o‘rganiladi. O‘rganish natijasiga ko‘ra, fuqarolar tomonidan o‘zini-o‘zi yakkalash joyi karantin qoidalariga to‘g‘ri kelgan taqdirda, ularga Koreya Respublikasiga kirish uchun ruxsat beriladi.

Shu bilan birga, Koreya Respublikasidagi epidemiologik vaziyat tufayli ishchi vizasiga ega fuqarolarning mamlakatga kirib borishida cheklovlar o‘rnatilgan bo‘lib, har bir charter reysda yo‘lovchilar soni 60 nafardan oshmasligi belgilangan», – deyiladi press-relizda.

Qayd etilishicha, fuqarolarning Koreya Respublikasida karantinda bo‘lishi bo‘yicha taqdim etgan ma'lumotlari Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan o‘rganilganda, ularning ayrimlari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, o‘zini-o‘zi yakkalash joyi belgilangan talablarga javob bermasligi, ish joyiga qaytish va o‘zini-o‘zi yakkalash masalalari ish beruvchilar bilan kelishilmagani yoki migratsiya qonunchiligini buzgani sababli ba'zi fuqarolarga mamlakatga kirib borishga rad javobi berilgan.

«Ta'kidlash joizki, mamlakatimizda fuqarolarning karantin hududida bo‘lish xarajatlari davlat hisobidan qoplab beriladi. Janubiy Koreyada esa bu xarajatlar fuqaro yoki uning ish beruvchilari hisobidan amalga oshiriladi. Jo‘nab ketayotgan fuqarolar ushbu shartlarga ixtiyoriy rozi bo‘lgan va 14 kunlik karantinda bo‘lish masalalarini ish beruvchilari bilan kelishgan holda hal etgan.

Bu kabi holatlar o‘z navbatida boshqa yurtdoshlarimiz uchun Koreya Respublikasida ish o‘rinlarining cheklanishi, qonuniy tartibda yaxshi daromad topish imkoniyatidan mahrum bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Qolaversa, o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga nisbatan ishonchsizlikni yuzaga keltiradi va O‘zbekistonning jahon miqyosidagi imijiga salbiy ta'sir etadi», – deyiladi agentlik axborotida.

Ta'kidlanishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tartiblilik, xavfsizlik va qonuniylik prinsiplari asosida fuqarolarni xorijga ishga jalb qilish borasidagi ishlarini davom ettiradi.

Ma'lumot uchun, shu paytgacha agentlik tomonidan 52 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Koreya Respublikasiga ishga jo‘natilgan. Shundan 14 mingdan ortig‘i ayni paytda ushbu mamlakatda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: