«Qaniydi Braziliya bilan o‘ynasak...» – mundialni ko‘zlayotgan Vadim Abramov bilan suhbat

Sport 09:10 / 09.06.2020 22989

Bu yangilik muxlislarni xursand qildi. Biz ularni yanada xursand qilish maqsadida FootWeek loyihasining ikkinchi sonida milliy jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan suhbat uyushtirdik. OAV bilan muloqotdan hech ham qochmagan Abramov vaqt topib savollarimizga javob berdi. Doimgidek xushchaqchaq kayfiyatda bo‘lgan milliy jamoa ustozi muxlislar uchun qiziqarli yangiliklarni ayta oldi, bizningcha.

«Bunaqasini nafaqat biz, balki butun insoniyat ko‘rmagandi...»

Vadim Abramov karantin haqida qandaydir yangi gap aytish qiyinligini ta'kidlar ekan bunaqa sinov nafaqat o‘zbekistonliklar, balki butun insoniyat uchun kutilmagan bo‘lganini aytdi:

«Bu borada yangi gap aytish qiyin. Bunaqa sinov nafaqat bizda, balki butun insoniyatda bo‘lmagandi. Ancha vaqt o‘tdi, endi nima bo‘lishini vaqt o‘tishi bilan ko‘ramiz. Karantindan keyin jarohatlar ko‘payishi haqida gapirishmoqda, lekin unutmaslik kerakki, jarohatlar futbol uchun yangilik emas, ular doim bo‘lgan. Biz murabbiylar bunday holatda qanday yo‘l tutishimizga ko‘p narsa bog‘liq. Vaziyatdan to‘g‘ri chiqib ketishga harakat qilamiz.

Futbolchilar pandemiya vaqtida uyda individual mashg‘ulot o‘tkazishdi. Biz ularni nazorat qilgan bo‘ldik. Axir hozir har xil texnik vositalar orqali muloqot qilish urf bo‘lgan. To‘g‘risi, bu odatiy mashg‘ulotlardek emas. Hozir hammasi yaxshi, ko‘rishdik, mashg‘ulotlarni boshladik. Har qancha ajablanarli bo‘lmasin, hech kimda ortiqcha vazn yo‘q. Aftidan hamma holatga to‘g‘ri baho bergan. Futbolchilar doim tayyor bo‘lish kerakligini, aks holda ularning o‘rnini kimdir egallashi mumkinligini tushunib yetgan. Shu sabab yigitlarning bunday mas'uliyat his qilganidan xursand bo‘ldim».

«Bunday to‘xtalishdan keyin jarohat bo‘lishi tabiiy»

Abramovning aytishicha, to‘xtalishdan so‘ng maydonga tushgan futbolchilarda jarohatlar bo‘lishi tabiiy, lekin qo‘rqadigan darajada emas:

«Ancha vaqt to‘xtalish bo‘ldi va bunday holatda jarohat bo‘lishi tabiiy, lekin qo‘rqadigan darajada emas. Yana takrorlayman, futbolda jarohatlar oldin ham bo‘lgan».

«Boshida umuman zaxiraga ruxsat berishmagan...»

Vadim Abramovning futboldagi yangilik – o‘yin davomida beshta futbolchini almashtirish bo‘yicha fikrini bildik. Milliy jamoa bosh murabbiyi bu savolga ham doimgidek o‘ziga xos original javob topa oldi:

«Har qanday yangilikning yaxshi va yomon tomonlari bor. Men masalan, buni normal qabul qildim. Maydon tashqarisidagi har xil gaplar bilan odam o‘zini oqlashga urinishi mumkin, lekin unutmaslik kerakki, barchasi maydonda hal bo‘ladi. Qiziq davrlar keldi, endi beshta futbolchini almashtirish mumkin. Boshida o‘yinlar vaqtida umuman futbolchi almashtirish mumkin bo‘lmagan. Hattoki kimdir jarohat olsa ham, uning o‘rniga hech kim tushmagan. Keyinchalik bitta, ikkita, uchta va mana endi beshta o‘zgarishga ruxsat berishmoqda...».

«Jaloliddinovga Moskvaning «Lokomotiv»idan taklif bor»

«Bunyodkor» haqida gapirgan Abramov jamoaning yosh yulduzi Jasur Jaloliddinovga chindan Moskvaning «Lokomotiv» klubi qiziqish bildirganini aytdi:

«Moskvaning «Lokomotiv» klubi Jaloliddinovga qiziqish bildirdi. Bilishimcha, bu jiddiy qiziqish. Bu qiziqishligicha qoladimi yoki davom etadimi – barchasi «Lokomotiv»ga bog‘liq. To‘g‘risi, ular qancha taklif qilganini ham bilmayman. Menimcha, aytilayotgan summalar oshirib yuborilgan.

Bu transferga qanday qarayman? Bilasizmi, futbolning tijoriy va sport maqsadlaridan kelib chiqib bunga har xil javob berish mumkin. Murabbiy sifatida uning jamoadan ketishini istamagan bo‘lardim, chunki har qanday murabbiy ham yaxshi futbolchi o‘z jamoasida qolishini istaydi. Milliy jamoa murabbiyi sifatida esa futbolchilar kuchli chempionatlarda tajriba orttirishini istayman. Agar Jaloliddinovdek yosh futbolchi Rossiya chempionatida o‘ynab ketsa, butun o‘zbek futboli uchun yaxshi bo‘lardi. Futbol imiji jihatdan ham. Bilasizmi, o‘zbek futbol bozoriga rossiyalik mutaxassislar hamon yuqori baho berishmaydi. Agar futbolchilarimiz Ahmedov kabi o‘zini ko‘rsatib ketsa, keyinchalik bizning yigitlarga ham ishonch bildira boshlashadi. Bizda bunaqa iste'dodli futbolchilar oz emas. To‘g‘risi, bu borada futbolimiz Braziliyanikiga o‘xshashini xohlayman.

Boshqa futbolchilarga ham takliflar bo‘lmoqda. Chunki jamoa yaxshi o‘ynab tursa, uning futbolchilariga taklif bo‘lishi tabiiy. Men futbolchi boshqa klubga o‘tish orqali oldinga qadam tashlasa, bundan faqat xursand bo‘laman. Masalan, Jaloliddinov «Lokomotiv» kabi jiddiy jamoaga o‘tishini faqat olqishlayman. Lekin bizning futbolchilar Xitoy, Koreya, BAAning ikkinchi divizionlariga ketishsa... Buni qo‘llay olmayman.

Bizda G‘iyosov Koreya ikkinchi ligasida o‘ynaydi. Men undan qolishini so‘ragandim, lekin futbolchining o‘zi ketishni istadi. Albatta, men uning Koreyada yaxshi o‘ynashini istayman, lekin G‘iyosov o‘zimizda qolganida, bu o‘zi uchun ham, o‘zbek futboli uchun ham yaxshi bo‘lardi».

«Saudiya pandemiya vaqtida ham shug‘ullanganini eshitdim...»

Saudiya bilan javob o‘yinining qanday ob-havoda o‘tishi muhim emasligini aytan Abramov qiziq ma'lumot bilan bo‘lishdi. Uning aytishicha, Saudiya Arabistoni milliy jamoasi karantin vaqtida ham mashg‘ulotlarda qatnashgan:

«OFK o‘yinlar qachon o‘tkazilishini e'lon qildi. Hozir biz eng avval keyingi bosqich yo‘llanmasini hal qilishimiz kerak. Pandemiya sabab bu ishimiz biroz ortga surildi. Buning yaxshi va yomon tomonlari ham bor. Saudiya bilan o‘yinimiz juda issiq vaqtda o‘tishi kerak edi va endi bunday bo‘lmasligi haqida aytishmoqda. Ammo buni ham ustunlik beradi deya olmaymiz. Kuzda ham, yozda ham bizga qarshi o‘sha yigitlar o‘ynaydi. Yozda ularga ham oson bo‘lmasdi-ku, to‘g‘rimi?

Endi issiqda o‘ynamasligimiz yaxshidir, lekin yomon tomoni shundaki, biz uzoq vaqt mashg‘ulot o‘tkazmadik. Saudiya esa mendagi ma'lumotlarga ko‘ra, karantin vaqtida ham sharoitini qilib mashg‘ulot o‘tkazgan. Yo‘q, men oldindan oqlovchi gap tayyorlab qo‘ymayapman. Biz ham qarab turmaymiz, tayyorgarlik ko‘ramiz. Afsuski, bizning rejalar o‘zgarib ketdi. Toshkentga Armaniston milliy jamoasi kelishi kerak edi. Endi sentyabrda va Yamanga qarshi o‘yindan oldin (uchrashuv 13 oktyabrda bo‘ladi) o‘rtoqlik o‘yini uchun ikkita raqib topishimiz kerak».

«Golban O‘zbekiston fuqaroligini olganini eshitdim...»

Abramov milliy jamoaga yangi nomlar chaqirilishi haqida gapirar ekan «Navbahor» futbolchisi Igor Golban haqida gapirdi:

«Yangi nomlar? Eshitishimcha, Golban fuqarolik olgan ekan. U ham o‘z-o‘zidan milliy jamoaga nomzod bo‘ladi. Galiulinni ham kuzatyapmiz. Albatta, Yaxshiboyev ham. U to‘xtab qolgani yo‘q, o‘yinlarda qatnashdi. Belarus chempionatida o‘zni ko‘rsatayotgani odamni xursand qiladi».

«Agar jahon chempionatiga chiqa olmasak...»

«Agar jahon chempionatiga chiqa olmasak nima bo‘ladi? Men hozir bu haqda emas, Saudiyagacha bo‘lgan ikkita o‘yin haqida o‘ylayapman. Bu o‘yinlardagi (Yaman va Singapurga qarshi) natijalar juda muhim. Mana shu o‘yinlarni o‘tkazib bo‘lgach, oldinga qarab yuraveramiz. Ko‘p narsa shu o‘yinlarga bog‘liq. Bizni kutib turgan Yaman noqulay raqib. Chunki ularning chempionati to‘xtatilgan va milliy jamoa alohida shug‘ullanadi. Buning o‘ziga xos ustunliklari bor.

Hammasi bizning tayyorgarligimizga bog‘liq. Keyin esa Saudiya haqida o‘ylasak bo‘ladi. biz jahon chempionatiga chiqishni maqsad qilganmiz va bu yo‘lda har bitta o‘yinni yutish uchun maydonga tushish kerak. Hech qanaqa oqlovga yo‘l yo‘q. Biz avvalo o‘zimizga, keyin esa dunyoga O‘zbekiston futbol davlati ekanini isbotlashimiz kerak.

O‘rtoqlik o‘yinlarida kuchli jamoalarga qarshi o‘ynashni istayman. Har ikki o‘yinning bittasida kuchli jamoa bilan o‘ynayversak, o‘yinimiz o‘zgaradi. Futbolchilar ham o‘zgaradi. Qaniydi Braziliya va Argentina bilan o‘ynasak... Bu esa imkonsiz ish emas. Bizga o‘z vaqtida Messi, Ronaldu kelgan, lekin o‘ynamagan. Ular faqat kelib-ketsa emas, bizga qarshi o‘ynasa, zo‘r ish bo‘lardi», dedi Abramov.

Bobur Akmalov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: