Jahon banki: O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti joriy yilda 1,5 foiz, 2021 yilda esa 6,6 foizga o‘sadi 

Iqtisodiyot 22:01 / 08.06.2020 5731

Jahon banki shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasiga oid prognozlarini ham bergan. Prognozlarga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti joriy yilda 1,5 foiz, 2021 yilda esa 6,6 foizga o‘sadi.  

Bank hisobotida qayd etilishicha, COVID-19 pandemiyasi xomashyo mahsulotlari narxining tushib ketishi, global va mintaqaviy qiymat zanjirida uzilishlar paydo bo‘lishiga olib kelgani Yevropa va Markaziy Osiyo  mamlakatlariga salbiy ta'sir ko‘rsatdi.

Mintaqa mamlakatlarida koronavirus tarqalishining kengayishi ichki talabning qisqarishini kuchaytirdi, ta'minotdagi uzilishlarni chuqurlashtirdi va iqtisodiy faoliyatning katta qismi to‘xtashiga olib keldi.

Valutalarning nisbiy zaifligi qarz xarajatlari oshishiga va eksportning keskin pasayishi to‘lovlar balansidagi zo‘riqish kuchayishiga olib keldi.

Qayd etilishicha, ushbu inqirozga javoban, mintaqadagi ko‘plab mamlakatlarning markaziy banklari pul-kredit tizimini qo‘llab-quvvatlamoqda, hukumatlar o‘z mamlakatlarining valutalarini barqarorlashtirish va o‘zgaruvchanlikni kamaytirish maqsadida valuta bozorlariga kirib bormoqda.

Garchi ko‘p mamlakatlarda moliyaviy imkoniyatlar cheklangan bo‘lsa-da, boshqaruv organlari mavjud zaxiralardan foydalanmoqda yoki sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va moliyaviy bozordagi tanazzullarni bartaraf qilish uchun sarf-xarajatlarni ustuvor o‘ringa qo‘ymoqda. Qator davlatlar moliyaviy qo‘llab-quvvatlov choralari to‘g‘risida e'lon qildi, ammo sog‘liqni saqlash tizimining imkoniyatlari cheklanganligi sababli ko‘plab mamlakatlarning iqtisodiyoti pandemiyaga yaxshi tayyorlanmaganligi ma'lum bo‘ldi. 

Ma'lum qilinishicha, mintaqa iqtisodiyoti 4,7 foizga pasayishi kutilmoqda, retsessiya deyarli barcha mamlakatlarga ta'sir qiladi. Ushbu prognoz yilning ikkinchi yarmi boshida hukumatlar tomonidan joriy etilgan cheklov choralarini bosqichma-bosqich bekor qilishiga asoslangan. Pandemiya ta'sirini bosqichma-bosqich yumshatish va savdo va investitsiyalarni tiklashni o‘z ichiga olgan ssenariyga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 2021 yilda tiklanib, 3,6 foiz o‘sish kutilmoqda.

Mintaqa iqtisodiyoti savdo va moliyaviy oqimlar, jumladan pul o‘tkazmalari uchun ochiqligi bilan ajralib turadi va shu bois global inqirozlarning nojo‘ya ta'siri oldida himoyasizdir. Bundan tashqari, mintaqaning energiya manbalarini eksport qiluvchi mamlakatlar, shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston va Ozarbayjon iqtisodiyotiga neft narxlarining past darajada saqlanib turishi ta'sir qilishi kutilmoqda.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida xususiy iste'mol va sarmoyalar to‘xtaydi, natijada Markaziy Osiyoda iqtisodiy faollik 2020 yilda 1,7 foizga pasayishi kutilmoqda.

Yevro hududi yoki Rossiya bilan savdo va moliyaviy aloqalar, jumladan pul o‘tkazmalari orqali chambarchas bog‘liq mamlakatlar bundan eng ko‘p jabrlanadi.

Mintaqa mamlakatlarida infeksiyaning kelgusida ham tarqalishi va bu borada cheklovchi choralarning qabul qilinishi iste'mol va investitsiyalarga yanada katta yukni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, pul o‘tkazmalarining keskin qisqarishi mintaqa iqtisodiyoti pasayishini kuchaytirishi mumkin. Uzoq davom etadigan turg‘unlik mintaqadagi moliyaviy sektorga salbiy ta'sir ko‘rsatishi va moliyaviy beqarorlik xavfini oshirishi mumkin, deyiladi Jahon banki xulosasida.

Ko‘proq yangiliklar: