JSSTdan «arazlagan» AQSh. Bunaqasi avval ham bo‘lgandi

Jahon 08:02 / 07.06.2020 22543

Virus AQShda tobora avj bilan tarqalar ekan, prezident Tramp uning tarqalishida Xitoyni ayblashdan to‘xtamayapti. Uning fikricha, koronavirus haqida Xitoy o‘z vaqtida jahon hamjamiyatini ogohlantirmagan. Shuningdek, u Xitoyni koronavirusni laboratoriyadagi ehtiyotsizlik ortidan tarqatib yuborishda ham aybladi.

Ko‘p o‘tmay Tramp Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini Xitoyga yetarlicha chora ko‘rmaganlikda ayblab chiqdi. Tabiiyki, Xitoy va JSST Trampning ayblovlarini rad etdi, ammo Tramp fikrini o‘zgartirgani yo‘q. Axir u oddiy odam emas, dunyo siyosatida hal qiluvchi so‘zni aytuvchi mamlakat prezidenti. Tramp Xitoyga sanksiyalar bilan po‘pisa qilgan bo‘lsa, JSSTga bundan buyon ushbu tashkilotni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi. Uning bu masaladagi oxirgi tahdidi 30 may kuni yangradi. O‘sha kuni Tramp AQSh JSST bilan barcha aloqalarini uzishi haqida gapirdi.

JSST haqida qisqacha

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 1948 yilda BMT qoshida jahonning turli hududlarida tibbiy vaziyatni nazorat qilish maqsadida tuzilgan. Tashkilotning shtab-kvartirasi Shveytsariyaning Jyeneva shahrida joylashgan. Bugun ushbu tashkilotga dunyoning 196 davlati a'zo. Tashkilotni unga a'zo davlatlar vakillari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan saylanadigan bosh kotib boshqaradi.

Tashkilot faoliyati qit'alar bo‘ylab tashkil etilgan mintaqaviy bo‘limlar orqali olib boradi. Ular 1949 yildan 1952 yilgacha tashkil etilgan.

Yevropa bo‘limi idorasi Daniya poytaxti Kopenhaganda.

Amerika bo‘limi idorasi AQSh poytaxti Vashingtonda.

Sharqiy va O‘rta Yer dengizi bo‘limi idorasi Misr poytaxti Qohirada.

Janubiy-sharqiy Osiyo bo‘limi idorasi Hindiston poytaxti Dehlida.

Tinch okeanining g‘arbiy qismi bo‘limi idorasi Filippin poytaxti Manilada.

Afrika bo‘limi idorasi Kongo poytaxti Brazzavilda.

Bundan tashqari, JSSTning har bir mamlakatda o‘z vakili va idorasi bor. Bugun tashkilotga hozirda efiopiyalik Tedros Adxan Gebreyyesus rahbarlik qilmoqda.

AQSh JSST budjetining qancha qismini to‘lab beradi?

2020 yilda JSSTning turli homiylik yordamlaridan tashqari tasdiqlangan budjeti 4 milliard dollardan oshgan. Bu mablag‘ning 30 foizga yaqinini davlatlar a'zolik badali sifatida to‘laydi. Qolgan qismi homiylik mablag‘lari hisoblanadi.

Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, 2018-2019 yillarda AQShning JSSTga to‘lagan mablag‘i 237 million dollarni tashkil etgan. Shuningdek, AQSh JSSTga ko‘ngilli ravishda yana 656 million dollar o‘tkazib bergan. Umuman olganda, AQSh JSST umumiy budjetining 15 foizini qoplab bergan va bu barcha davlatlar beradigan pulning yarmi degani.

JSSTni moliyalashtirishda nafaqat AQSh hukumati, balki mamlakatdagi ko‘plab nodavlat xayriya fondlari ham faol qatnashadi. Masalan, dunyoning eng boy odamlaridan biri hisoblanadigan Bill Geyts va uning xotini tomonidan tuzilgan «Bill va Melinda Geyts fondi» 2018-2019 yillarda JSST budjetining qariyb 10 foiz mablag‘ini to‘lab bergan. AQShda boylar o‘z-o‘zidan xalqaro tashkilotga pul beradi deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, AQSh dunyoning eng boy davlati sifatida kambag‘al davlatlarga tibbiy yordam beradigan JSSTga ko‘proq pul berish mas'uliyatini his qilgan holda kompaniyalarni shunga targ‘ib qiladi.

Shuningdek, dunyoning rivojlangan iqtisodiy davlatlari Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya ham bu tashkilot uchun salmoqli mablag‘lar ajratadi. JSST uchun tashkilot budjetining 15 foizini to‘lab beruvchi AQSh bilan aloqalarni uzish manfaatli emas.

Lekin bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak, AQSh JSSTga mablag‘ ajratishni to‘xtatsa ham, tashkilot ishlashda davom etaveradi. Faqat moliyaviy tarafdan biroz qiyin bo‘ladi va shu sababli tashkilot o‘z xarajatlarini qisqartirishi lozim bo‘ladi.

Bu birinchi marta emas...

AQSh uchun xalqaro tashkilotlarni moliyalashtirishni to‘xtatish yangilik emas. 2011 yil 31 oktyabrda BMTning fan va madaniyat bo‘limi hisoblangan YuNeSKO Falastinni tashkilot safiga teng huquqli a'zo qilib olish haqida saylov yo‘li bilan qaror qabul qildi. Ungacha Falastin YuNeSKOda kuzatuvchi maqomida edi.

YuNeSKO Isroilni Falastinga tegishli hududlardagi tarixiy shaharlarni va turli obektlarni noqonuniy tarzda egallab olgan deb hisoblaydi. Bu esa Isroilni bosqinchi davlat deb tan olish bilan barobar edi. Bu ish AQShga yoqmaydi.

Ayniqsa hali BMTga ham doimiy a'zo bo‘lmagan va kuzatuvchi maqomida qolayotgan Falastinni YuNeSKO o‘z safiga teng huquqli a'zo sifatida qabul qilishi AQShning jahlini chiqaradi. Shundan so‘ng AQSh YuNeSKOga Falastinni a'zolikdan o‘chirish talabini qo‘yadi va aks holda bu tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatishini aytib, po‘pisa qiladi. YuNeSKO bunga parvo qilmay AQSh a'zolik badalini to‘lamasa, uni ovoz berish huquqidan mahrum qilishini bildiradi. Shundan so‘ng AQSh moliyalashtirishni to‘xtatadi. O‘sha vaqtda AQSh har yili bu tashkilotga 70-80 million dollar atrofida mablag‘ ajratgan va bu tashkilot budjetining 20 foizini tashkil etgan.

Yillar o‘tib AQShning qarzi yarim milliard dollarga yetib qoldi. YuNeSKO AQSh qarzini to‘lamasligiga uzil-kesil ishonch hosil qilganidan so‘ng uni tashkilot ishida ovoz berish huquqidan mahrum qildi. AQSh 2018 yil 31 dekabr sanasidan boshlab tashkilot safidan chiqib ketdi va uning tarkibida kuzatuvchi maqomida qoldi. AQSh a'zolik badalini to‘lamay qo‘yganidan so‘ng YuNeSKO o‘z xarajatlarini qayta ko‘rib chiqdi va bugun AQSh ishtirokisiz ham qoniqarli faoliyat ko‘rsatmoqda.

AQSh JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatsa nima bo‘ladi?

Tramp AQSh JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatishi haqida gapirar ekan dunyoning boshqa rivojlangan davlatlari tashkilotni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Jumladan, Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari (tashqi ishlar vaziri) Virjini Battyu JSSTning koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashdagi sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ta'kidladi. «Hozir xalqaro hamkorlikni uzadigan emas, birlashadigan vaqt», degan edi Battyu Trampning JSST haqidagi gaplariga javoban.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqidagi aksariyat davlatlar, undan tashqari Argentina, Kanada, Meksika, Singapur, Chili, JAR va yana boshqa ko‘plab davlatlar JSSTni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bundan xulosa qilish mumkinki, AQSh o‘z moliyaviy yordamini to‘xtatsa ham, JSST dunyo bo‘ylab faoliyat ko‘rsataveradi. Axir YuNeSKO Amerikasiz ham eplayati-ku...

Ko‘proq yangiliklar: