Xorijdagi vatandoshlar, charter reyslar va karantin zonasida virus yuqtirish ehtimoli haqida - Nurmat Otabekov bilan suhbat

O‘zbekiston 00:30 / 06.06.2020 29424

Pandemiya sabab dunyo bo‘ylab ishsizlik darajasi ortmoqda. Masalan, Rossiyada oxirgi ikki oy davomida ishsizlik 30 foizga oshdi. Bu esa ushbu mamlakatdagi millionlab o‘zbekistonliklarga bevosita ta'sir o‘tkazmoqda.

Kun.uz muxbiri xorijdagi vatandoshlarni olib kelish ko‘lamini oshirish va mamlakatdagi epidemiologik vaziyat yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, epidemiolog Nurmat Otabekovdan intervyu oldi.

– Butun dunyoda karantin tartibi tufayli xorijdagi ko‘plab o‘zbekistonliklar ham qiyin ahvolda qolishmoqda. Oqibatda Qozog‘iston bilan chegaraga yig‘ilishyapti. Shunday vaziyatda nima uchun chegaralarni ochish masalasi ko‘rib chiqilmayapti?

– Nazarimda, xorijdagi ko‘pchilik fuqarolarimiz vaziyat bir muddat murakkab bo‘ladi, keyinchalik yana ishimizni davom ettiramiz, degan niyatda bo‘lishdi. Keyin ma'lum bo‘ldiki, davlatlar karantin cheklov tadbirlarini tatbiq qildi, ko‘p fuqarolarimizda ishlash imkoniyati qolmadi. Odam ishlamagandan keyin, tabiiyki, daromadi bo‘lmaydi. Menimcha, odamlar topganlarini yeb tugatdi. Keyinchalik qaytish xohishini bildiradiganlar ko‘paydi.

Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, karantin cheklov tadbirlari belgilangan davrda ham O‘zbekiston Respublikasiga fuqarolarimizning kirib kelishi bir kun ham to‘xtagani yo‘q. Qozog‘istondan har kuni 600-700 odam, Qirg‘iziston orqali 300ga yaqin odam, Afg‘oniston orqali esa 100ga yaqin odam kirib keldi.

Undan tashqari, uzoq yurtlarga avtomobil haydovchi odamlarimiz, yuk tashuvchi transport vositalarimiz ham qatnadi. Yana charter reyslar ham tiklandi. Hozir imkon qadar xorijdagi yurtga qaytish istagida bo‘lgan odamlarni olib kelish uchun imkoniyatlar ishga solinyapti.

Albatta, o‘rtada charter reyslar bo‘lmagani odamlarni har xil transport vositalarida imkon qadar davlat chegarasiga yaqinlab kelishga urinishlarida namoyon bo‘ldi. Kimki O‘zbekiston chegarasiga yetib kela olgan bo‘lsa, fuqaroligi bo‘lgan shaxslarning barchasiga kirishga imkoniyat qilib berildi. O‘ylaymanki, bu jarayon davom etadi.

Eng asosiysi, biz O‘zbekistonga kasallikni kirib kelish ehtimolidan kelib chiqib, har biri kirib kelgan joyidan ehtiyot choralarini ko‘rishimiz bu asosiy vazifamiz.

Nima uchun bunday vaziyatda parvozlarni ko‘paytirib yoki poyezd qatnovlarini yo‘lga qo‘yib bo‘lmaydi?

– Bu to‘g‘ri savol. Albatta, samolyot qatnovlarini, temir yo‘l qatnovlari sonini ko‘paytirish uchun mutasaddi tashkilotlar bu savolni o‘zlari uchun qo‘yib ko‘rar. Lekin mening nazarimda, biz respublikaning imkoniyatlarini ham chamalab ko‘rishimiz kerak.

Juda katta miqdorda aholi qatlamini tekshiruvdan o‘tkazish, ularni 14 kun davomida kuzatib borish – masalaning bir tomoni bo‘ladigan bo‘lsa, ular orasida chiqqan kasallikka chalinganlarning hammasini shifoxonaga yotqizish va davolash nuqtayi nazaridan, katta miqdordagi aholini qamrab olish nuqtayi nazaridan birmuncha sabablar bunga asos bo‘lishi mumkin.

Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham, hozirgi kunda O‘zbekistonda shu kasallikka chalinganlarni aniqlash bo‘yicha tizimli ish ketyapti. Ya'ni O‘zbekiston hududiga kirib kelgan barcha odamlar nazorat ostiga olinyapti. Kasallikka chalinganlar ular orasida bo‘lsa, davolash muolajalarini olyapti.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiyadagi elchixona va konsulliklarimizga 100 mingdan ortiq o‘zbekistonlik vatanga qaytish uchun ariza topshirgan. Ayting-chi, ularni ko‘p miqdorda vatanimizga olib kelishning iloji bormi? Agar olib kelinadigan taqdirda, karantin zonalarimiz va shifoxonalarimiz ularni qabul qilishga qanchalik darajada tayyor?

– O‘zbekiston hududiga olib kelingan barcha fuqarolar karantinga olinyapti. Masalan, bugungi kundagi raqamga e'tibor beradigan bo‘lsak, 48 ming odam O‘zbekistonda karantinda bo‘lib turibdi (intervyu 4 iyun kuni yozib olindi – tahr.). Ularning 21 mingi statsionar karantinda joylashgan. Demak, 21 ming o‘rin hozirda band. Agar har kuni bu miqdorga qariyb 1000ta odamga qo‘shiladigan bo‘lsa, yana buni kengaytirish imkoniyatlari bor.

Agar O‘zbekistonga fuqarolarni olib kelish ko‘p miqdorga amalga oshiriladigan bo‘lsa, bu holatda bunga imkoniyatlar bor. Mutaxassislar tegishli davolash nuqtayi nazaridan bilimga ega, qolaversa biz ko‘plab obektlarni karantin muassasasiga aylantirish uchun barcha imkoniyatlarimiz ham bor.

Hozirda juda ko‘p sanatoriylar, profilaktoriylar, yozgi oromgohlar faoliyat ko‘rsatmayapti, bularning hammasidan karantin muassasalar sifatida foydalanish mumkin bo‘ladi.

Hozir davom etayotgan charter reyslar va boshqa transportlar orqali O‘zbekiston hududiga fuqarolarning kirib kelishiga qarab, bu imkoniyatlar yanayam kengaytiriladi.

Karantindagilar uchun ham, davolanishga ehtiyoji bor odamlar uchun ham, ularni tekshirish uchun ham, qolaversa, sog‘ayganlarni reabilitatsiya qilish uchun O‘zbekistonda shart-sharoitlar bor. Kuch va vositalarni qanday yo‘naltirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqilgan.

– Chetdan olib kelinayotganlar orasida shubha kamroq kishilarni uy sharoitida karantinga olish mumkinmi?

– Biz aniq bilamizki, xorijdan uyushgan holda olib kelinayotgan aholi qatlamimiz epidemik noxush hududdan kelyapti. Ular yo‘l-yo‘lakay kasallikka chalinganlar bilan ro‘baro‘ kelgan bo‘lishi mumkin, uchrashgan bo‘lishi mumkin, yoki bitta joyda bir muddat bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Shunday ekan, biz bu odamlarning hammasiga potensial xavf manbayi sifatida qarashimiz kerak bo‘ladi. Hozirgi olib kelinayotgan reyslarimizda, ba'zi bir reysni o‘zidan 70dan 80gacha yoki undan ham ko‘p odamlarda kasallik borligi aniqlanyapti. Shuning uchun biz ularni karantin zonada ushlab, to‘liq ishonch hosil qilib, unda keyin aholi orasiga qo‘shib yuboradigan bo‘lsak, to‘g‘ri bo‘ladi.

– Aynan mana shu charter reyslar orqali olib kelinayotganda samolyotda ularning xavfsizligi qay darajada ta'minlanyapti va qanday tartibda olib kelinyapti?

– Ekipaj a'zolari ma'lum bir guruh odamlarni muayyan bir davlatdan olib kelish uchun ketayotgan paytda, ular oddiy o‘zlarining kiyimlarida bo‘lishadi. Ular o‘zga yurtga borib, O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish jarayonida esa to‘liq himoya kiyimlarini kiygan, himoya vositalaridan foydalangan bo‘ladi.

Biz fuqarolarni samolyotga antiseptik vositalari bilan qo‘llarini zararsizlantirib, doka niqobda chiqardik. Ularga himoya vositasini kiydirib chiqarishdan hech qanday naf yo‘q. Negaki, ular himoya kiyimini kiygunga qadar kasallikni yuqtirib olishi mumkin. Asosiy e'tiborni ekipaj a'zolari kasallanib qolishining oldini olishga qaratishimiz kerak.

Karantin zonalarida bitta xonada 4 kishi saqlanyapti. U yerda kasallik yuqtirib olish imkoni qanchalik darajada?

– Albatta, 4 kishi bitta xonada bo‘lgandan keyin kasallikni yuqtirib olish ehtimoli bo‘ladi, buni hech kim inkor qila olmaydi. Ko‘pchilik karantinga joylashtirilayotgan shaxslarimiz begona yurtlarda, qurilishlarda, har xil ishlarda ishlagan. Aksariyati 20-30 kishilik joylarda birga yashagan. Lekin bunday sharoitning qilib berilishi, 4 ta odam kasallik yuqish ehtimolini saqlab qolish uchun juda katta miqdorda kuch-imkoniyatlar, mablag‘ sarflandi.

Agar biz ularni 50-100 kishi qilib bitta joyga joylashtirganimizda qanday bo‘lardi. Karantinda turganlardan ikki marotaba tahlil olinadi. Tahlil olingandan keyin mabodo kasallik chiqadigan bo‘lsa, bu guruh yana boshqalardan alohida qilinadi. Albatta, alohida bittadan xona qilib berilsa, nur ustiga a'lo nur bo‘ladi. Lekin biz bu tadbirlarni amalga oshirish barobarida imkoniyatlarni ham chamalab ko‘rishimiz kerak.

Nurmat Otabekov suhbat davomida O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyat borasida ham ma'lumot berib o‘tdi. To‘liq intervyuni Kun.uz`ning YouTube`dagi kanalida tomosha qiling.

Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: