Soliq maslahati sohasi faoliyati takomillashtiriladi - Prezident qarori loyihasi

Jamiyat 09:01 / 05.06.2020 3486

Prezidentning “Soliq maslahati sohasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida soliq maslahati tashkilotlariga quyidagilar ko‘rinishda qo‘shimcha huquqlar berilgan:

davlat soliq va bojxona xizmatlari organlari bilan munosabatlarda soliq to‘lovchining manfaatlarini ifodalash, ularning vakolatli vakillari bo‘lish;

soliq to‘lovchi nomidan elektron hujjat ko‘rinishidagi soliq hisobotlarini;

davlat soliq xizmati organlarining talabnomalarida ko‘rsatilgan, aniqlangan tafovutlarni asoslantirish sifatida soliq to‘lovchi nomidan davlat soliq xizmati organiga xulosalarni taqdim etish.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasi 2020 yil 1 iyuldan Soliq maslahatchilari palatasiga quyidagi funksiyalarini berish bo‘yicha takliflariga rozilik beriladi:

soliq maslahatchisi malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini o‘tkazish;

soliq maslahatchisi malaka sertifikatini berish, uning amal qilishini tugatish va bekor qilish;

o‘qitish va malaka oshirish dasturlarini tasdiqlash;

soliq maslahatchilarining reyestrini yuritish.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Soliq maslahatchilari Palatasiga quyidagilarda yordam ko‘rsatadi:

soliq maslahatchisining malaka imtihonlarini tashkil etish va o‘tkazish, vazirlik saytida soliq maslahatchilari reyestrini xamda soliq maslahatchilari tashkilotlari ro‘yxatini joylashtirish, shuningdek uning doimiy yangilab borilishini ta'minlashda;

2021 yil 1 yanvarga qadar respublika hududlarida masofaviy ta'lim shaklida soliq maslahatchilarini tayyorlash kurslarini tashkil etish bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazishda.

Soliq maslahatchilariga advokatlik tuzilmalari, auditorlik tashkilotlari, boshqa yuridik shaxslar, shu jumladan buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatuvchi shtatida mehnat faoliyatini yuritishga ruxsat beriladi.

Quyidagilarga:

soliq maslahatchilariga soliqqa tortish bilan bog‘liq ishlar, soliq organlarining hujjatlarini, ularning mansabdor shaxslari harakati va (yoki) harakatsizligi ustidan shikoyat qilish, sudda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarida hisoblash texnikasi, aloqa, audio va video yozib oluvchi vositalaridan foydalanish;

soliq maslahatchilari tashkilotlariga 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab soliq to‘lovchi bilan tuzilgan shartnoma asosida yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan ixtiyoriy tugatilayotgan soliq to‘lovchining soliq auditini amalga oshirish huquqi beriladi.

Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga ixtiyoriy tugatilayotgan soliq to‘lovchining soliq maslahatchilari tashkilotlari tomonidan soliq auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Soliq maslahatchilari Palatasi bilan birgalikda 2020 yil 1 dekabrga qadar quyidagilarni nazarda tutgan holda soliq maslahati sohasida o‘zini-o‘zi boshqarishning asosiy qoidalarini belgilovchi va soliq maslahatchilarining samarali ishlovchi institutini shakllantirish imkonini beradigan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Soliq maslahati to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqadi:

Soliq maslahatchilari palatasini soliq maslahati sohasida jamoatchilik nazorati mexanizmlarini belgilash bilan birga uni vakolatli organ sifatida belgilash;

soliq maslahatchilarining va soliq maslahatchilari tashkilotlarining Soliq maslahatchilari palatasida shaffof va teng shart-sharoitlarni belgilagan holda majburiy a'zolik;

ilg‘or xorijiy tajriba asosida soliq maslahati bo‘yicha xizmatlarning ommabop va ochiq bozorini yaratish;

soliq maslahati standartlari va soliq maslahatchilarining kasbiy shu jumladan, korrupsiyaviy omillarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha preventiv va oldini olish choralarini belgilovchi etikasini ishlab chiqish;

malakali soliq maslahatchilari sonini oshirishni qo‘llab-quvvatlash va yordam ko‘rsatish mexanizmlarini joriy etish;

o‘qituvchilar tarkibiga, ta'lim jarayoni va ularning soliq maslahatini o‘qitishni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan amal qilinishini monitoring qilishga talablarini belgilash;

soliqqa tortish masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni Soliq maslahatchilari palatasi bilan kelishish;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Soliq maslahatchilari Palatasiga imtihonlar tashkil etish va o‘tkazish, normativ-huquqiy hujjatlarning ekspertizasini amalga oshirish masalalarida texnik, metodologik yordam ko‘rsatish.

Ko‘proq yangiliklar: