O‘zbekistonda «soyadagi» iqtisodiyot saqlanib qolishiga ta'lim tizimidagi kamchilik sababchimi? 

O‘zbekiston 15:26 / 05.06.2020 10610

Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbar Sindi Malvichini mamlakatda noformal iqtisodiyotning o‘sishiga mehnat bozoridagi sharoit qattiq ta'sir o‘tkazishini bildirdi.

«Soyadagi iqtisodiyotning o‘sishiga turtki bo‘ladigan omillardan biri - mehnat bozorida ishchilarning munosib haq to‘lanadigan ishni topa olmasligidir. Bir yarim yil avval kichik tadbirkorlik sub'yekti talab etayotgan kasblar va ta'lim tizimi yetishtirib chiqayotgan kadrlar bog‘liqligini o‘rgandik. Shunda talabga ko‘ra mutaxassislar yetarlicha yetishmayotganini anglaganmiz», – deydi u.

Sindi Malvichini

O‘zbekistonda 2019 yil yakuniga ko‘ra, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholiga nisbatan 9,0 foizni tashkil etgan. Shunga qaramay, faqat 5 712,1 ming kishi rasmiy sektorda mehnat qiladi. Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni (mehnat migrantlarini hisobga olmaganda) 5 368,3 ming kishini tashkil etdi.

Soliq islohotlari amalga oshirilgunga qadar, O‘zbekistonda noformal iqtisodiyot ta'siridan chiqib ketish qiyin bo‘lgan. Bu holat tadbirkor Zafar Hoshimov tushuntirib bergandi.

«Mehnatdan olinadigan soliq, shaksiz, mantiqsizlik edi. Iqtisodiyotning xususiy sektori ishchilarini yashirishga uringan yo «kulrang» sxemada maosh to‘lagan. Agar maoshlarni oshirib, «oq» yo‘l bilan buni amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz, kichik korxonalar 15, yirik korxonalar 25 foiz etib belgilangan soliq stavkasi bo‘yicha, bundan tashqari pensiya jamg‘armasiga 8 foiz mehnatdan soliq to‘lash zarurligi bunga yo‘l qo‘ymagan. Oxir-oqibat ishchi qo‘liga qog‘ozdagi raqamning yarmi borib tegardi», – degan u 2019 yili tashkil etilgan uchrashuvda.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining amaliyotga joriy etilishi natijasida mehnatga haq to‘lash jamg‘armasiga soliq yuki kamaytirildi, aylanma mablag‘lardan olinadigan soliqlar optimallashtirildi, davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni bekor qilish va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasini kamaytirish orqali soliq tizimi qayta ko‘rib chiqildi.

Ammo ishchi xodimlarga to‘langan maoshdan ajratiladigan yagona ijtimoiy soliq va mehnat bozorida qimmatli kadrlarning kamligi baribir pinhona iqtisodiyotni saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

To‘qimachilik sanoatida qariyb 14 yillik tajriba ega tadbirkor Shohrux Qayumovning aytishicha, yuqori malakali soha mutaxassislarini topish juda qiyin.

Shohrux Qayumov

«Korxonalar soni oshib boryapti, mutaxassislar kam bo‘lgani tufayli ularga talab yuqori. Oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari nazariyani o‘rganib kelishadi, ularning faqat 1-2 foizi amaliy tajribaga ega bo‘ladi. Ta'limdan so‘ng, ular faqat nazariy bilim bilan korxonalardagi katta muammolarga duch kelishadi. Eng katta muammo shu bo‘ladiki, to‘rt yil o‘qib kelgan bitiruvchi so‘ragan katta maoshni korxona taklif etmaydi. Chunki ular ishlab chiqaruvchi istagan talablarga javob bermaydi», – deya fikr bildirdi u.

Fratelli Casa brendi asoschilaridan biri Shohrux Qayumovning ta'kidicha, bu vaziyatda muammo ta'lim tizimda.

«Sanoatning dizayneri bo‘ladi. Men 14 yil ichida ta'lim muassasasidan kelgan biror dizaynerni topa olmadim. Namangan shahri misolida ko‘rsak, 50ga yaqin eksportchi to‘qimachilik-trikotaj fabrikalari mavjud. Ularning deyarli barchasida yuqori bilim talab etadigan ishlarni turk mutaxassislar bajaradi. Ular kichik maoshga ishlamaydi. Demak, turklarga katta maosh to‘lab, korxonani yuritish ijobiy natijaga olib kelyapti. To‘g‘ri, ulardan ko‘p narsani o‘rgandik, lekin institutlardan yetishib chiqqan kadrlar emas, aynan korxonalar kadrni tayyorladi», – deya qo‘shimcha qildi.

Qayumovning bildirishicha, xorijdan taklif etilgan mutaxassislar konvertda maosh oladi, ularning barcha daromadini buxgalteriyada aks ettirish qiyin. Ammo ta'lim tizimidan yetuk kadrlar yetishib chiqsa, ish beruvchi ularga munosib haq to‘lab, qonuniy ishlashga tayyor.

Alisher Ro‘zioxunov

Ko‘proq yangiliklar: