Chexiya Rossiyaning ikki diplomatini mamlakatdan chiqarib yuboradi

Jahon 23:18 / 05.06.2020 7501

Chexiyada Rossiyaning ikki diplomati uch nafar chex siyosatchisiga nisbatan suiqasd tayyorlanayotganligi haqida yolg‘on axborot tarqatganligi uchun persona non-grata deb e'lon qilindi. Ular Chexiyadan chiqarib yuboriladi. Bu haqda Rossiyaning Pragadagi elchixonasi ma'lum qildi.

Chexiya maxsus xizmatlarining ma'lumotiga ko‘ra, Rossiyaning Pragadagi elchixonasi xodimlaridan biri chexiyalik siyosatchilar zaharlanishi mumkinligi haqida yolg‘on axborot tarqatgan. 

"Bu Chexiya-Rossiya munosabatlarida muammolar keltirib chiqardi va Rossiya Federatsiyasining Chexya Respublikasidagi yaxshi nomiga dog‘ tushirdi. Biz suveren davlatmiz va bunday harakatlar nomaqbul hisoblanadi", - deb ta'kidladi Chexiya bosh vaziri Andrey Babish.

Moskva ushbu holatni "uyushtirilgan ig‘vogarlik" deb atadi. 

"OAVdagi isbotsiz ayblovlarga asoslangan bu nodo‘stona qadam Praganing keyingi vaqtda izdan chiqqan Rossiya-Chexiya munosabatlarini yaxshilashni istamayotganligidan guvohlik beradi", - deyiladi Rossiyaning Pragadagi elchixonasi tomonidan.

Chexiya OAVning yozishicha, bunga "ritsin ishi" deb atalgan voqea sabab bo‘lgan. Avvalroq Respekt haftanomasi yonida ritsin zahari bo‘lgan Rossiya fuqarosi diplomatik pasport bilan Chexiyaga kelganligini yozgandi. Chexiya tashqi ishlar vaziri Tomash Petrjichek diplomat kelganligini tasdiqladi, ammo uning yonida zahar bo‘lgan-bo‘lmaganligini izohlamadi.

Rossiya tomoni esa mart o‘rtalarida rossiyalik diplomatlar Praga aeroportiga kelmaganligini bildirdi.

AFP agentligining yozishicha, zaharlanishi kerak bo‘lgan siyosatchilardan biri Pragada sovet marshali Ivan Konevga o‘rnatilgan haykalni olib tashlash tashabbusi bilan chiqqan Praga-6 rayoni rahbari Ondrjyey Kolarj bo‘lgan.

Go‘yoki suiqasd uyushtirilishi kerak bo‘lgan boshqa siyosatchilar esa Praga meri Zdenek Grjib va yana bir rayon rahbari Pavel Novotni ekanligi aytilgan. Ular ham marshal Konev haykali olib tashlanishiga bevosita aloqador bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: