Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti tashkil etiladi

Jamiyat 09:17 / 05.06.2020 3576

Prezidentning “Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti faoliyatini tashkil etish hamda agrar ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali negizida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Quyidagilar Institutning asosiy ustuvor vazifalari etib belgilanadi:

qishloq xo‘jaligida resurs tejaydigan innovatsion va ilg‘or agrotexnologiyalarni qo‘llash, “aqlli qishloq xo‘jaligi” (Smart agriculture) va raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha zamonaviy bilimlar va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;

startap-loyihalarni amalga oshirish orqali qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish;

ilg‘or va ilmiy hajmdor texnologiyalarni joriy etish uchun texnoparklar va ilmiy ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish;

ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarni keng joriy etish uchun amaldagi ta'lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi mexanizmini takomillashtirish;

ilg‘or xalqaro ta'lim standartlari hamda o‘quv dasturlariga muvofiq 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab ta'limning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;

o‘quv-laboratoriya bazasini modernizatsiyalash, fan dasturlari asosida soha bo‘yicha innovatsion va zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, ilg‘or xorijiy tajriba, yuqori unumli va resurs tejaydigan ilg‘or agrotexnologiyalar bo‘yicha yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish;

ilg‘or xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning malakasini oshirish va stajirovkalarini hamda talabalarning ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish;

ilmiy-tadqiqot institutlari bilan manfaatdor davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va tashkilotlar hamkorligida dolzarb muammolar bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borish hamda ularning natijalarini ishlab chiqarishga keng joriy etish;

professor-o‘qituvchilar, ilmiy-tadqiqotchilar, talabalarning innovatsion va zamonaviy agrotexnologiyalarni yaratish hamda joriy etish borasidagi tashabbuskorligini va moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida davlat xususiy-sheriklik shartlari asosida “Kichik innovatsion korxonalar” tizimini kengaytirish;

kafedralar ixtisosligi bo‘yicha talabalar va yosh olimlarni ilmiy va innovatsion faoliyatga keng jalb qilish maqsadida ilmiy maktab va to‘garaklarni, shuningdek “Yosh olimlar klubi” (Young Scholars Club)ni tashkil etish hamda keyinchalik eng iqtidorli yosh olimlarni xorijiy davlatlarga o‘qishga va stajirovkaga yuborish;

o‘quv va boshqaruv jarayonini tashkil va nazorat qilishda axborot texnologiyalari imkoniyatlari (E-Minbar elektron platformasi, keys-stadi, kouching, vebinar texnologiyalar va h.k.)dan foydalanish darajasini oshirish, masofaviy o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish orqali talabalarning mustaqil ta'lim olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

kredit-modul tizimini o‘quv jarayoniga joriy etish borasida professor-o‘qituvchilar o‘quv yuklamasini me'yorlashtirish, shuningdek, pedagog xodimlar tomonidan o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlari, “ustoz-shogird” tizimi bo‘yicha ishlarning bajarilishini rag‘batlantirib borish;

hududlarda qishloq xo‘jaligi sohasi va uning tarmoqlarini rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarni hamda zamonaviy texnika va agrotexnologiyalarning rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda rivojlangan xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish;

xorijiy hamkorlar bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha kadrlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ta'lim dasturlarini (double degree) amalga oshirish, o‘quv-ta'lim jarayoniga xorijiy olimlar va mutaxassislarni faol jalb qilish;

qishloq xo‘jaligi sohasi va uning tarmoqlari uchun oliy va o‘rta maxsus ma'lumotli kadrlar tayyorlashning integratsiyalashgan tizimini yaratish, biriktirilgan akademik litseylar va professional ta'lim muassasalarining ta'lim dasturlari uzluksizligini va uzviyligini ta'minlash;

istiqbolli yosh bitiruvchilarni respublika va xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta'lim va ilmiy muassasalariga magistratura, doktorantura va stajirovkaga muntazam yuborish orqali agrar ta'lim sohasi oliy ta'lim muassasalarining ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligining 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:

Institutda bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarida ta'limning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etish. Bunda ta'limning kredit tizimida talabalar uchun haftada besh kunlik o‘qish hamda haftaning shanba kuni mustaqil o‘zlashtirish kuni deb belgilash;

xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qo‘shma ta'lim dasturlarining o‘quv rejalari va fan dasturlari agrar soha oliy ta'lim muassasalari tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda mustaqil tasdiqlash takliflari ma'qullanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga bir oy muddatda:

soha uchun maqsadli ravishda yuqori malakali boshqaruv kadrlari hamda ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yish, agrar ta'lim tizimining magistratura bosqichini so‘nggi yillarda ishlab chiqarish, fan va ta'lim tarmoqlarida o‘sib borayotgan real ehtiyojlar asosida samarali tashkil qilish maqsadida mos magistraturaning bir va ikki yillik ta'lim tizimini tajriba tariqasida joriy etish;

bunda kelgusida faoliyatini ishlab chiqarishning boshqaruv tizimida davom ettirish istagida bo‘lgan mutaxassislar uchun to‘lov-kontrakt asosida o‘qish muddatini bir yil, ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish salohiyatiga ega iqtidorli yoshlar uchun grant asosida 2 yil etib belgilash;

qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti sohalaridagi oliy malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish hamda o‘quv rejalariga kiritilgan fanlarni va o‘quv dasturlarini maqbullashtirish maqsadida sirtqi ta'lim shaklida o‘qish muddatini 4 yil etib belgilash hamda to‘lov-kontrakt miqdorini kunduzgi ta'lim yo‘nalishi talabalari to‘lov-kontrakt (stipendiyasiz) miqdoriga tenglashtirish;

bunda, agrar sohada 5 yillik amaliy ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga sirtqi ta'lim shaklida o‘qish uchun tavsiyanomalar berish vakolatiga ega bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari ro‘yxatini hamda qabul kvotalarini kengaytirish yuzasidan tegishli takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasalarida:

tajriba-sinov tariqasida bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari sirtqi ta'lim shakli bo‘yicha masofaviy ta'lim olish tizimini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish;

xorijiy fuqarolarning mamlakatimiz agrar ta'lim muassasalarida o‘qishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida belgilangan to‘lov-kontrakt miqdorini istisno tariqasida ikki barobarga kamaytirish;

qishloq xo‘jaligi sohasidagi professional ta'lim muassasalarini yuqori malakali, zamonaviy axborot-kommunikatsion va pedagogik texnologiyalarni egallagan pedagog kadrlar bilan ta'minlash maqsadida Kasbiy ta'lim (yo‘nalishlar bo‘yicha) bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish;

qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash maqsadida uchuvchisiz uchar apparatlar (dronlar)ni ilmiy-tadqiqot ishlarida qo‘llashga ruxsat berish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Ko‘proq yangiliklar: