Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibiga o‘zgartirish kiritiladi

Jamiyat 09:27 / 04.06.2020 3174

Vazirlar Mahkamasining “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Ko‘p xonadonli va issiqlik obektlarini qurish injiniring kompaniyasi xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam ko‘rsatish ko‘p xonadonli uylarni, issiqlik ta'minoti obektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirish doirasida buyurtmachini saqlash xarajatlarini belgilangan tartibda nazarda tutadigan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, mahalliy budjetlar mablag‘lari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Ko‘p xonadonli va issiqlik obektlarini qurish injiniring kompaniyasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi mazkur kompaniya tomonidan har yili nazarda tutiladigan mehnatga haq to‘lash fondining 15 foizi miqdorida shakllantiriladi.

Ko‘p xonadonli va issiqlik obektlarini qurish injiniring kompaniyasi xodimlariga:

ish vaqtidan boshqa vaqtlarda, dam olish va bayram kunlarida, tungi vaqtda ishlaganlik, shuningdek, uzoq muddat ishlaganlik uchun nazarda tutilgan tartibda lavozim maoshiga ustamalar;

rasmiy bayram kunlari (Xalqaro xotin-qizlar kuni, Navro‘z, Mustaqillik kuni, Ramazon hayiti va Qurbon hayiti, Konstitutsiya kuni, Yangi yil) va kasb bayrami (Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish xodimlari kuni) bir lavozim maoshi miqdorida bir martalik mukofot puli;

ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun - bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida har oylik to‘lov;

yo‘lkira xarajatlarini qoplash uchun - bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida har oylik to‘lov, xizmat avtotransporti biriktirilgan xodimlar bundan mustasno;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish uchun - bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda bir yo‘la moddiy yordam puli;

alohida holatlar (uzoq muddat kasallik, oila a'zosining vafoti, nikoh tuzish va boshqalar) munosabati bilan bir lavozim maoshidan oshmaydigan miqdorda bir yo‘la moddiy yordam puli;

sog‘likni tiklash (sanatoriyda davolanish) uchun bir yilda bir marta bir lavozim maoshi miqdorida moliyaviy yordam puli to‘lanadi.

Mukofotlar va ustamalarning aniq miqdorini belgilash uchun Ko‘p xonadonli uylar bo‘yicha injiniring kompaniyasida xodimlarni mukofotlash tartibini belgilash komissiyasi tashkil etiladi.

Komissiya Ko‘p xonadonli va issiqlik obektlarini qurish injiniring kompaniyasi direktorining qarori bilan 6 kishidan iborat tarkibda tuziladi va direktor (komissiya raisi), bosh buxgalter, kadrlar bo‘yicha mutaxassis, yuriskonsult, mehnat jamoasi va kasaba uyushma qo‘mitasi vakillarini o‘z ichiga oladi. Komissiya qarori ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi va tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda, raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Ko‘p xonadonli va issiqlik obektlarini qurish injiniring kompaniyasining ayrim tashabbuskor va yuqori malakali xodimlariga kompaniya direktorining tegishli buyrug‘iga hamda komissiya qaroriga asosan lavozim maoshiga uning 50 foizidan oshmaydigan miqdorida har oylik shaxsiy ustamalar belgilanishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: