Sardoba toshqinida yaroqsiz holga kelgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi ochiqlandi

O‘zbekiston 17:53 / 04.06.2020 15303

“Sardoba” suv omboridagi fojia natijasida 108ta fermer va qishloq xo‘jalik korxonasining jami 16,525 gektar yeri zararlangan. 9734 gektar chigit, 6821 gektar g‘alla, 231 gektar sabzavot ekinlari, 1095 gektar poliz, 14 gektar kartoshka, 154 gektar bog‘ va 83 gektar bog‘ oralariga ekilgan sabzavot ekinlari suv ostida qolib, yaroqsiz holatga kelgan. Bu haqida Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo‘mitasi matbuot kotibi Ne'matjon Otamurodov ishtirokida brifingda ma'lum qilindi.

Bildirilishicha, zarar ko‘rgan ekin maydonlarining o‘rniga boshqa tuman yerlaridan qo‘shimcha ekish uchun 3990 gektar yer maydoni ajratilib, hozirgacha 3244 gektar maydonga ekish ishlari amalga oshirildi.

“Kosmik suratlar, vertolyot va dronlar yordamida suv bosgan hududlarning kunlik bir nechta turdagi xaritalari tuzildi. Suv bosishi xavfi bo‘lgan hududlarning Sardoba suv omboriga nisbatan balandlikdagi relefli xaritasi ishlab chiqilgan.

Suv bosgan hududlardagi turar va noturar mulk obektlari to‘liq hatlovdan o‘tkazilgan. 10ta mahalla fuqarolar yig‘inining 22ta aholi punktida kadastr bahosi 254 milliard 652 million so‘mni tashkil etadigan jami 5 ming 388 ta turar joy hamda kadastr bahosi 14 milliard 584 million so‘mni tashkil etadigan jami 133ta noturar joy obektlari zararlanganligi ma'lum bo‘ldi”, deya Ne'matjon Otamurodovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz  muxbiri.

Brifingda aytilishicha, fojia natijasida to‘liq buzilgan uylar soni 1640ta, ta'mirtalab uylar soni 3003tani tashkil etadi. Suv toshqinidan zarar ko‘rgan uylarning 3709ta kadastr hujjatlari dublikatlari 2 kun ichida bepul tayyorlab berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: