Sardoba jalb qilingan Milliy gvardiya xodimlari 1 iyundan o‘z xizmat joylariga qaytarildi

Jamiyat 19:17 / 04.06.2020 5133

Bugun, 4 may kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Milliy gvardiya axborot xizmati rahbari Davron Jumanazarov tomonidan Sardobadagi suv toshqini natijasida zarar ko‘rgan hududlarda xizmat qilgan Milliy gvardiya xodimlari haqida ma'lumot berildi.

«Talafot oqibatlarini bartaraf etish tadbirlariga Milliy gvardiya bo‘linmalaridan jami 2535 nafar shaxsiy tarkib safarbar etildi.

Viloyatlar kesimida tahlil qilinsa, Toshkent shahar, Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlari boshqarmalaridan 975 nafar, Chirchiq brigadasidan 504 nafar, Jizzax brigadasidan  1014 nafar va markaziy devondan 42 nafar harbiy xizmatchi va xodimlar jalb qilindi», deya ta'kidladi Davron Jumanazarov.

Milliy gvardiya vakilining so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda talafot ko‘rgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida hayot iziga tushmoqda. Shuning uchun Milliy gvardiyaning Sirdaryoda xizmatga jalb qilingan xodimlari 1 iyun kunidan boshlab o‘z ish joylariga qaytarilgan. Hozirda faqat Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari hududda faoliyatini davom ettirmoqda.

Bundan tashqari, tegishli vazirliklar hamkorlikda zarar ko‘rgan tomorqa yerlarida olib borilgan tiklash ishlari haqida ham ma'lumot berildi.

Hozirga qadar toshqin natijasida zarar ko‘rgan 549 gektar aholi tomorqa maydonlarining 256,7 gektariga ekin ekildi. Buning 153,9 gektari Sardoba tumaniga, 53,4 gektari Oqoltin tumaniga, 49,4 gektari Mirzaobod tumaniga to‘g‘ri keladi.

Ko‘proq yangiliklar: